Logo

Biznesni ro‘yxatga olish 15-oktabrdan boshlanadi

Бугун 10:023 дақиқа

O‘zbekistonda biznes yana bir bor ro‘yxatga olinadi. Prezident farmoniga ko‘ra, tadbirkorlik subyektlarini ro‘yxatga olish 15-oktabrdan 30-noyabrgacha o‘tkaziladi, 2027-yil oxirigacha aholining statistik registri shakllantiriladi.

Biznesni ro‘yxatga olish 15-oktabrdan boshlanadi © 123rf / Legion-Media

Prezident «Statistikani rivojlantirish — 2030» milliy strategiyasini tasdiqladi. Farmonga ko‘ra, 2026-yil 1-oktabr holati bo‘yicha O‘zbekistonda biznesni ro‘yxatga olish tadbiri 15-oktabrdan 30-noyabrgacha o‘tkaziladi. Shuningdek, aholining statistik registri shakllantirilib, uning asosida aholi sonini hisoblash va muntazam e’lon qilib borish amaliyoti joriy etiladi.

Biznesni ro‘yxatga olish

Farmonga muvofiq, O‘zbekiston hududida biznesni ro‘yxatga olish 2026-yil 1-oktabr holati bo‘yicha 15-oktabrdan 30-noyabrgacha o‘tkaziladi.

2027-yil 1-yanvardan esa statistika organlari tomonidan har chorakda o‘tkaziladigan tanlanma kuzatuvlarga mikrofirma va kichik korxonalar bir yilda faqat bir marta tanlab olinishi mumkin bo‘ladi.

Aholining statistik registri

Farmonga ko‘ra, 2027-yil yakuniga qadar aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish natijalari asosida Milliy statistika qo‘mitasida aholining statistik registri shakllantiriladi.

Uning asosida aholi sonini hisoblash hamda bu ko‘rsatkichni muntazam e’lon qilib borish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Bunda davlat organlarining aholiga oid ma’lumotlar bazalari o‘zaro muvofiqlashtiriladi. Ma’lumotlarni doimiy yangilab borish uchun ular statistik registrga integratsiya qilinadi.

Registr Kiberxavfsizlik markazi tomonidan tegishli talablar asosida ekspertizadan o‘tkaziladi. Unga kiberxavfsizlik talablariga muvofiqligi bo‘yicha xulosa olinganidan keyin amaliyotga joriy etiladi. Axborot tizimining xavfsizligi doimiy monitoring qilib boriladi.

Registr ma’lumotlaridan kim foydalanishi mumkin?

Aholining statistik registridan faqat alohida ruxsat berilgan xodimlar statistik maqsadlarda jamlanma ma’lumotlar shakllantirish uchun foydalanishi mumkin.

Bunda registrdagi individual ma’lumotlardan davlat organlari, boshqa yuridik va jismoniy shaxslarning foydalanishi qat’iyan taqiqlanadi.

Shuningdek, qishloq xo‘jaligining statistik registri ham shakllantiriladi va undagi ma’lumotlar doimiy yangilab boriladi.

Statistika sohasida qanday o‘zgarishlar bo‘ladi?

Farmon bilan 2026–2030 yillarga mo‘ljallangan «Statistikani rivojlantirish — 2030» milliy strategiyasining ustuvor yo‘nalishlari ham belgilandi.

Ular qatorida:

●     rasmiy statistikani tayyorlovchi tashkilotlar faoliyatini yagona yondashuv asosida muvofiqlashtirish;

●     ma’lumotlar sifatini ta’minlash bo‘yicha institutsional salohiyatni oshirish;

●     statistika uslubiyatlarini xalqaro standartlar va zamonaviy modellarga muvofiqlashtirish;

●     raqamli transformatsiyani jadallashtirish;

●     hisobot yukini kamaytirish;

●     ma’lumotlar infratuzilmasini modernizatsiya qilish belgilangan.

Avvalroq, sentabr oyi boshida prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda ham 2026 yil oktabr–noyabr oylarida biznesni ro‘yxatga olish tadbiri o‘tkazilishi ma’lum qilingan edi.

Qayd etilishicha, bugungi kunda kuzatilmaydigan iqtisodiyot ulushi 23 foizni yoki 246 trillion so‘mni tashkil etmoqda. Buning 60 foizi bevosita qishloq xo‘jaligi sektori hissasiga to‘g‘ri keladi.

«Mehnat bilan band bo‘lgan 15,2 million aholining 6,5 millioni yoki 42 foizining daromadlari rasmiy hisobda to‘liq aks etmayapti», — deyiladi hisobotda.

Ro‘yxatdan o‘tgan ko‘plab kichik va o‘rta biznes subyektlari amalda ishlamayotgani yoki faoliyatini to‘xtatgani qayd etilgan. Mazkur holat halol ishlayotgan va soliq majburiyatlarini to‘liq bajarayotgan korxonalar uchun nosog‘lom raqobat muhitini yuzaga keltirmoqda. Har 4-5 so‘mlik iqtisodiy aylanmaning 1 so‘mi rasmiy statistika e’tiboridan chetda qolmoqda.

Теглар

Мавзуга оид