BMT OIV epidemiyasi kuchayishi mumkinligidan ogohlantirdi
Tashkilot 2030 yilgacha maqsadlarga erishish uchun milliardlab dollar yetishmayotganini aytmoqda.

BMTning OIV/OITS bo‘yicha qo‘shma dasturi — «UNAIDS» xalqaro moliyalashtirishning qisqarishi OIV epidemiyasining yangi to‘lqiniga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirdi. Bu haqda tashkilotning maxsus hisobotida ma’lum qilingan.
Hisobotga ko‘ra, 2025 yilda daromadi o‘rtacha va past bo‘lgan mamlakatlarda OIVga qarshi kurashni xalqaro moliyalashtirish 1,6 milliard dollarga, ya’ni 18 foizga qisqargan.
«UNAIDS» buni so‘nggi qariyb yigirma yil ichidagi eng katta pasayish deb baholagan.
Natijada ichki mablag‘lar bilan birga umumiy moliyalashtirish hajmi 18,8 milliard dollardan 17,6 milliard dollarga tushib ketgan.
4,3 milliard dollar yetmayapti
Tashkilot hisob-kitoblariga ko‘ra, 2030 yilgacha belgilangan maqsadlarga erishish uchun har yili 21,9 milliard dollar ajratilishi lozim.
Hozirgi sharoitda mavjud mablag‘lar bilan ehtiyoj o‘rtasidagi farq 4,3 milliard dollarni tashkil etmoqda.
2025 yilda umumiy moliyalashtirishning 59 foizi mamlakatlarning ichki manbalari hissasiga to‘g‘ri kelgan.
«UNAIDS» xalqaro yordamning kamayishini asosan AQSH tomonidan moliyalashtirish qisqargani bilan izohlagan. Shu bilan birga, donor davlatlar tomonidan OIVga qarshi kurash uchun ajratiladigan mablag‘larning 74 foizi hamon Vashington hissasiga to‘g‘ri keladi.
9 million bemorda davolanish imkoniyati yo‘q
Hisobotda ta’kidlanishicha, moliyalashtirishning qisqarishi tibbiy xizmatlar, dori-darmonlar yetkazib berish va jamoat tashkilotlari faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan.
2025 yilda dunyo bo‘yicha yangi OIV holatlari 1,2 milliongacha kamaygan bo‘lsa-da, 40,9 million nafar OIV bilan yashayotgan odamning qariyb 9 millioni davolanish imkoniyatiga ega emas.
