Bozorlarda go‘sht nega qimmatlashmoqda?

Бугун 18:402 дақиқа

Mart oyida go‘sht narxlari sezilarli qimmatladi. Vaqt.uz bozordagi real narxlar va go‘sht mahsulotlari qimmatlashi ortidagi omillarni o‘rgandi.

Bozorlarda go‘sht nega qimmatlashmoqda?

O‘zbekiston bozorlarida go‘sht narxlari oshgani kuzatilmoqda. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, mart oyida mol go‘shti narxi 10 foizgacha, qo‘y go‘shti esa 2,4 foizga oshgan. Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Toshkentdagi “Eski jo‘va” bozorida mol go‘shti 75–110 ming so‘m, qo‘y go‘shti esa 86–110 ming so‘m atrofida baholangan.

Biroq amaldagi bozor narxlari ancha yuqori. “Arzonlashtirilgan rastalar”da narxlar rasmiy ko‘rsatkichlarga mos kelsa-da, go‘sht savdosi olib boriladigan asosiy joylarda narxlar 160 ming so‘mgacha, ayrim holatlarda esa 200 ming so‘mgacha yetmoqda.

Onlayn savdo platformalarida ham narxlar turlicha. Masalan, “Yandex Lavka” orqali mol go‘shti 173 ming so‘mdan taklif etilmoqda. “Korzinka” tarmog‘ida esa mol go‘shti 79 990 so‘mdan boshlanib, 259 990 so‘mgacha yetadi, qo‘y go‘shti esa 169 990 so‘mgacha baholangan.

Mutaxassislar fikricha, narxlar oshishiga bir nechta omil ta’sir qilmoqda. Avvalo, bu geosiyosiy vaziyat va logistika muammolari bilan bog‘liq. Rossiyaning Novosibirsk oblasti, Oltoy o‘lkasi va Shimoliy Kavkaz hududlarida qoramollar orasida quturish va pasterellyoz tarqalgan. Bu esa kasallangan chorvalarni ommaviy yo‘q qilish va karantin choralarini joriy etishga olib kelgan.

Shu bilan birga, Qozog‘iston 19-martdan boshlab zararlangan hududlardan chorva, go‘sht mahsulotlari va qayta ishlanmagan ozuqa importi hamda tranzitini vaqtincha to‘xtatdi. Natijada asosiy logistika yo‘nalishlari cheklanib, Markaziy Osiyoda ta’minot qisqardi.

Bundan tashqari, mart oyida go‘sht importi o‘sishi ham sekinlashdi. Rossiya va Belarusdan yetkazib berishda uzilishlar kuzatildi. Shuningdek, Kobul va rasmiy Islomobod o‘rtasidagi ziddiyatlar tufayli Pokiston orqali Afg‘oniston yo‘nalishida ham ta’minotda muammolar yuzaga kelishi mumkin.

Narxlar oshishi aholining xarid qobiliyatiga ham ta’sir qildi. Ilgari 5–6 kilogramm go‘sht xarid qilgan iste’molchilar endi imkoniyatiga qarab kamroq xarid qilmoqda. Sotuvchilar ham talab qisqarayotganini ta’kidlamoqda.

Xulosa qilib aytganda, tashqi bozorlardagi uzilishlar, logistika yo‘llarining yopilishi, chorva kasalliklari va importdagi sekinlashuv ichki bozorda taklifni qisqartirdi. Bu esa narxlarning oshishiga olib keldi. Yaqin oylarda narxlar barqarorlashadimi yoki bosim davom etadimi — bu hozircha ochiq savol bo‘lib qolmoqda.

Теглар

Маҳлиё Ҳамидова

Маҳлиё ҲамидоваМақолалар сони: 94

Барчаси

Мавзуга оид