«BYD» aksiyalari o‘smoqda: neft narxlari oshishi elektromobillar talabini kuchaytirdi

Бугун 10:303 дақиқа

Yangi modellar, kuchli akkumulatorlar va xorijiy bozorlardagi talab oshishi «BYD» aksiyalarining bir yildagi eng yaxshi o‘sishini ta’minladi.

«BYD» aksiyalari o‘smoqda: neft narxlari oshishi elektromobillar talabini kuchaytirdi

Xitoyning elektromobil ishlab chiqaruvchi «BYD» kompaniyasi aksiyalari mart oyida so‘nggi bir yildan ortiq vaqt ichidagi eng yaxshi oylik o‘sishni ko‘rsatishi mumkin. Kompaniya AQSHning Eron bilan urushi tufayli neft narxlarining jahon miqyosida o‘sishidan foyda ko‘rmoqda: bu elektromobillarga bo‘lgan talabni qo‘llab-quvvatlamoqda, deb yozadi «Bloomberg».

Yangi modellar va yanada kuchli akkumulatorlar

Hongkongda savdo qilinadigan «BYD» aksiyalari mart oyida qariyb 12 foizga oshdi va yirik texnologik kompaniyalarni kuzatib boradigan «Hang Seng Tech Index» indeksining yetakchilaridan biriga aylandi. Shu kabi dinamikani elektromobil ishlab chiqaruvchi boshqa kompaniyalar – «Nio» va «Zhejiang Leapmotor» aksiyalari ham ko‘rsatmoqda. Agentlik qayd etishicha, urushgacha Xitoyda talabning sustligi va kuchli narx raqobati haqidagi xavotirlar fonida bu sektor aksincha pasayishda edi.

Vaziyatni o‘zgartirish maqsadida «BYD» mart boshida yangi modellar va yanada kuchli akkumulatorlarni taqdim etdi. «Bloomberg»ning yozishicha, ichki bozorda talabning tiklanishi hali ham o‘tgan yil may oyidagi tarixiy maksimumdan 30 foizdan ortiq pastda qolib kelayotgan aksiyalar uchun qo‘shimcha drayver bo‘lishi mumkin.

27-mart kuni Hongkong savdolarida kompaniya aksiyalari moliyaviy hisobot e’lon qilinishi oldidan 4,7 foizga oshdi.

O‘sish sabablari va muammolar

Kompaniyaning xorijiy savdolari yillik hisobda dastlabki ikki oyda 50 foizga o‘sdi. Shu bilan birga, Markaziy va Janubiy Amerika davlatlarida buyurtmalar keskin oshgani qayd etilmoqda. Xorijiy bozorlarga chiqish «BYD»ning o‘z zaryadlash texnologiyasini joriy etishi orqali yanada tezlashishi mumkin, ayniqsa zaryadlash tezligi va infratuzilma asosiy cheklov bo‘lib qolayotgan mamlakatlarda, deb xabar beradi «Bloomberg». Shuningdek, mart oyida butun Osiyo bo‘ylab «BYD» dilerlik markazlarida benzin narxlarining o‘sishi fonida avtomobillarga talab yuqori bo‘lib qolmoqda, deya qayd etadi agentlik.

«Xorijga ekspansiya xitoylik avtogigantlar uchun zaruratga aylandi», – deydi «Third Bridge» tahlilchisi Rozali Chen.

Uning so‘zlariga ko‘ra, akkumulatorlarning o‘z ishlab chiqarilishi va narx afzalliklari «BYD»ga eksport savdolarida yuqori rentabellikni saqlash hamda «neft narxlari oshishi tufayli yuzaga kelgan talab o‘sishidan samarali foydalanish» imkonini beradi.

Shu bilan birga, Chen «ortiqcha to‘yingan» deb ta’riflagan ichki bozorda muammolar saqlanib qolmoqda. Narx bo‘yicha kuchli raqobat va Pekin tomonidan berilayotgan imtiyozlarning bosqichma-bosqich qisqartirilishi sotuvlarga bosim o‘tkazmoqda: 2025-yil yakunlariga ko‘ra, kompaniya so‘nggi olti yildagi eng past o‘sish ko‘rsatkichini – taxminan 7,6 foizni namoyon etishi kutilmoqda, deb yozadi «Bloomberg».

Tahlilchilar nima demoqda?

«Financiere de L’Echiquier»ning Osiyo aksiyalari bo‘limi rahbari Kevin Net «BYD» aksiyalari joriy yilda sotuvlar tiklanishi kutilmalari fonida o‘sayotgani, bu yangi modellar chiqarilishi, texnologiyalar joriy etilishi va eng muhimi, xorijiy bozorlarda ijobiy dinamikaning saqlanib qolishi bilan bog‘liq ekanini ta’kidlaydi.

«Biz Filippin va Indoneziyadan xabarlar ko‘ryapmiz – u yerlarda odamlar elektromobil sotib olish uchun navbatga turishmoqda. Uzoq muddatda bu elektromobillarga qiziqishni tiklashga va ularni, ayniqsa rivojlangan mamlakatlarda, iste’molchilar diqqat markaziga qayta olib kelishga yordam beradi», – deydi «Gavekal Capital» portfel menejeri Leonid Mironov.

Shu bilan birga, «BYD» aksiyalariga nisbatan shubhalar ham saqlanib qolmoqda, bu, jumladan, ular bo‘yicha qisqa pozitsiyalar (short positions) o‘sishida aks etmoqda. «S&P Global» ma’lumotlariga ko‘ra, erkin muomaladagi aksiyalarga nisbatan qisqa pozitsiyalar ulushi yil boshidan 0,7 foizdan 3,8 foizgacha oshgan.

«BYD» mahsulotlari xorijda tobora ko‘proq tan olinayotgan bo‘lsa-da, kompaniya hali ichki bozorda o‘z ulushini saqlab qolishga qodir ekanini isbotlashi kerak. Yaqindagi texnologik yangiliklardan keyin dilerlik markazlarida trafik oshdi, ammo buyurtmalarning barqaror tiklanishi hali kuzatilmayapti», – dedi «BofA

Теглар

Мавзуга оид