Logo

Darknetda 27 million o‘zbekistonlikning ma’lumotlari sotuvga chiqarilishi bilan tahdid qilinmoqda

Бугун 16:103 дақиқа

Safe Road bazasi bilan bog‘liq voqeadan ko‘p o‘tmay, O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiy ma’lumotlari haqida yana bir xabar tarqaldi. Bu safar xakerlar davlat idorasining sobiq bazasiga kirganini aytib, dalil sifatida Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatovning shaxsiy ma’lumotlarini e’lon qildi

Darknetda 27 million o‘zbekistonlikning ma’lumotlari sotuvga chiqarilishi bilan tahdid qilinmoqda © Getty Images

Darknetda O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiy ma’lumotlari sizib chiqqani haqida xabar tarqaldi. O‘zini BUTTERFLY deb ataydigan xakerlar guruhi Adliya vazirligi huzurida faoliyat yuritgan sobiq Personallashtirish agentligining ma’lumotlar bazasiga kirganini va 27 milliondan ortiq fuqaroning ma’lumotlarini qo‘lga kiritganini da’vo qilmoqda.

Guruh davlat organlari vakillaridan 2026-yil 2-noyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 08:00 ga qadar ular bilan bog‘lanishni talab qilgan. Aks holda, qo‘lga kiritilgan ma’lumotlar bazasini ochiq sotuvga chiqarilishi aytilmoqda.

Xakerlar o‘z da’volariga dalil sifatida Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatovning shaxsiy ma’lumotlarini e’lon qilgan.

photo_2026-11-01_16-13-05

Eslatib o‘tamiz, 2026-yil yanvarida migratsiya va personallashtirish sohasi Ichki ishlar vazirligi tizimiga o‘tkazilgan. Shu sababli xakerlar tilga olgan sobiq Personallashtirish agentligi nomini hozirgi tashkilot nomi bilan adashtirmaslik lozim.

Raqamli texnologiyalar vazirligi

Vaqt.uz holat yuzasidan Raqamli texnologiyalar vazirligi matbuot kotibi Sherzod Axmadov bilan bog‘landi.

Vazirlik vakili mazkur holatga baho berish va kiberhujum sodir bo‘lgan yoki bo‘lmaganini aniqlash Kiberxavfsizlik markazining vakolatiga kirishini bildirdi.

«Bu masalaga Davlat xavfsizligi xizmatining Kiberxavfsizlik markazi bor. Ular vakolatli organ hisoblanadi. Xakerlik hujumi bo‘lganmi-yo‘qmi, ulardan so‘rash maqsadga muvofiq», — dedi Sherzod Axmadov.

Vaqt.uz Kiberxavfsizlik markazidan ham holat yuzasidan izoh olishga harakat qildi. Biroq xabar e’lon qilingunga qadar markaz rasmiy munosabat bildirmadi.

Bir haftada ikkinchisi: avval Safe Road bazasi bilan bog‘liq xabarlar tarqalgan edi

Bu O‘zbekistonda shaxsiy ma’lumotlar sizib chiqqani haqidagi so‘nggi kunlardagi yagona xabar emas. Avvalroq, 1-noyabr kuni Vaqt.uz ijtimoiy tarmoqlarda Safe Road bazasiga ulangan millionlab haydovchilarning pasport ma’lumotlari, fotosuratlari, JSHSHIR raqamlari va yashash manzillari tarqalib ketgani haqida xabar bergandi.

Xabarlarda ushbu ma’lumotlarni Telegram-botlar orqali pul evaziga olish mumkinligi aytilgan. Shuningdek, inDrive, Lada Auto, KiwiTaxi, Fargo, Maktab.uz va Andalus kabi xizmatlarga aloqador bo‘lishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlar bazalari ham tarqatilayotgani haqida xabarlar paydo bo‘lgan.

Keyinchalik Ichki ishlar vazirligi holat yuzasidan ma’lumot berdi. Qayd etilishicha, Davlat xavfsizlik xizmati huzuridagi Kiberxavfsizlik markazi, IIV hamda Safe Service platformasini ishlab chiqqan va uning operatori hisoblangan AUTODOC MCHJ mas’ullari hamkorlikda o‘rganish ishlarini olib bormoqda.

Jarayonda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarning haqqoniyligi, ma’lumotlarning kelib chiqish manbalari va tarqalish holatlari tekshirilmoqda.

Shuningdek, Safe Service platformasi hamda boshqa tegishli axborot tizimlari va elektron platformalarda shaxsga doir ma’lumotlarning sizib chiqishi bilan bog‘liq holatlar mavjud yoki mavjud emasligi aniqlanmoqda.

Vazirlikka ko‘ra, o‘rganishlar yakunida aniqlangan holatlar yuzasidan qo‘shimcha rasmiy axborot taqdim etiladi. Agar ma’lumotlar tarqalgani haqidagi xabarlar tasdiqlanmasa, ularning kelib chiqish sabablari va manbalari haqida ham ma’lumot beriladi.

Теглар

Мавзуга оид