Davlat mukofotini olgan har bir insonning mehnati va ko‘rsatgan jasorati alohida e’tirofga munosib — Prezident
Shavkat Mirziyoyev mukofotlanganlar orasida islohotlarni qo‘llab-quvvatlab, yurtimizga katta-katta sarmoya va zamonaviy texnologiyalarni olib kelayotgan xorijlik hamkorlar borligini qayd etib, ularga ham minnatdorlik bildirdi.
© Prezident matbuot xizmatiPrezident Shavkat Mirziyoyev Ko‘ksaroy qarorgohida davlat mukofotlarini topshirish marosimida har bir taqdirlangan insonning mehnati, hayot yo‘li va ko‘rsatgan jasorati alohida e’tirofga munosib ekanini ta’kidladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari bugun Yangi O‘zbekistonning ovozi eng nufuzli minbarlarda ham baland yangrayotgani, mamlakatning xalqchil va tinchlikparvar siyosati xalqaro miqyosda e’tirof etilayotganini qayd etdi.
«Hech shubhasiz, yuqoridagi barcha o‘zgarishlar ko‘p millatli xalqimiz, siz kabi jonkuyar yurtdoshlarimiz mehnati bilan amalga oshmoqda», — dedi Prezident.
Prezident har bir mukofotlanganning mashaqqatli mehnat yo‘li, erishgan yutuqlari va yurt taraqqiyotiga qo‘shayotgan hissasini yaxshi bilishini ta’kidladi.
Mukofot sohiblari orasida butun umrini bunyodkorlikka bag‘ishlagan xorazmlik Rustam Sultonov, cho‘llarni o‘zlashtirish va dehqonchilikni rivojlantirishga hissa qo‘shgan surxondaryolik Abdusattor Qurbonov ham bor.
Bekobod metallurgiya kombinatida uzoq yillardan buyon po‘lat erituvchi bo‘lib ishlayotgan G‘ulomjon Turonov «Xizmat ko‘rsatgan sanoat xodimi» faxriy unvoni bilan taqdirlandi.
Shuningdek, namanganlik Ilhom Ziyovuddinov, buxorolik pillakor Jamila Xudoyberdiyeva, qoraqalpog‘istonlik chorvador Esenbay Aytimuratov va samarqandlik irrigator Aslanqul Karimqulovning xizmatlari ham munosib baholandi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasini bezatgan usta-naqqosh Sattorxo‘ja To‘xtaxo‘jayevga «Xizmat ko‘rsatgan quruvchi» faxriy unvoni berildi.
Prezident davlat mukofotlarini olayotgan va joylarda unvon, orden hamda medallarni qabul qilib olayotgan barcha yurtdoshlarni samimiy tabrikladi.
Mukofotlanganlar orasida O‘zbekistonga sarmoya va zamonaviy texnologiyalarni olib kelayotgan xorijlik hamkorlar ham borligi qayd etilib, ularga minnatdorlik bildirildi.
«Ko‘ksingizga yarashib turgan yuksak unvon, orden va medallarga odamlar havas bilan qaraydi, yoshlarimiz sizlarga o‘xshashga intiladi. Bu sizlarga kelgusi ishlaringizda yangi kuch-g‘ayrat va ilhom beradi deb ishonaman», — dedi Mirziyoyev.





