Davlat yerini sotishga uringan mahalla raisi ushlandi

Бугун 09:332 дақиқа

Toshkent viloyatining Parkent tumanida mahalla raisi va yana ikki shaxs davlat zaxirasidagi yer maydonini 20 ming dollarga sotishga uringani aniqlandi.

Davlat yerini sotishga uringan mahalla raisi ushlandi © Videodan kadr

Davlat xavfsizlik xizmati ma’lumotiga ko‘ra, mahalla fuqarolar yig‘ini raisi, 1970 yilda tug‘ilgan shaxs hamda Davlat kadastrlari palatasi tuman filiali muhandisi xaridordan pul olish jarayonida qo‘lga olingan.

Tergov materiallarida qayd etilishicha, gumonlanuvchilar davlat zaxirasidagi 10 sotix yer maydonini 20 ming dollarga sotishga kelishgan. Shuningdek, yer hujjatlarini rasmiylashtirish uchun kadastr muhandisiga 2–3 ming AQSH dollari berish orqali masalani hal qilish rejalashtirilgan.

O‘tkazilgan tezkor tadbir

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida uch nafar shaxs 17 ming AQSH dollari va 37 million so‘m olgan vaqtda ushlangan.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi. Ayni paytda tergov harakatlari davom etmoqda.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda yer munosabatlari sohasida korrupsiyaviy holatlarga qarshi nazorat kuchaytirilmoqda. Xususan, davlat zaxirasidagi yerlarni noqonuniy ajratish yoki sotish bilan bog‘liq holatlar bo‘yicha tez-tez tezkor tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Avvalroq Andijon tumanidagi MFYlardan birining raisi va ushbu mahalladagi hokim yordamchisi fuqaroga chorvachilik maqsadida mazkur mahalla hududidan ajratib berilgan yer maydonining 2 sotixini hamda davlat zaxirasida bo‘lgan 28 sotix yerni Andijon shahrida yashovchi, boshqa bir shaxs nomiga rasmiylashtirib berish evaziga, yer uchun 57 ming AQSH dollari va kadastr idoralaridagi tanishlari orqali hujjatlarni rasmiylashtirish uchun 3 ming AQSH dollar pora olgan vaqtda qo‘lga olingan edi.

Теглар

Мавзуга оид