Logo

Dunyoning asosiy lokomotivi to‘xtayaptimi? Xitoy iqtisodiyotida so‘nggi 4 yildagi eng yomon ko‘rsatkich qayd etildi

Mamlakatda YAIM o‘sishi 2022 yildan buyon eng past darajaga tushib ketdi. Ishbilarmonlik faolligi pasayib, investitsiyalar oqimi shiddat bilan qisqarmoqda. Xo‘sh, XXR haqiqatan ham inqiroz yoqasidami?

Dunyoning asosiy lokomotivi to‘xtayaptimi? Xitoy iqtisodiyotida so‘nggi 4 yildagi eng yomon ko‘rsatkich qayd etildi © Ijtimoiy tarmoqlar

XXR Milliy statistika byurosi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yilning ikkinchi choragida Xitoy YAIM o‘sishi 4,3 foizni tashkil etdi. Bu 2022 yil oxiridan beri qayd etilgan eng past ko‘rsatkichdir. Taqqoslash uchun: yanvar—mart oylarida bu ko‘rsatkich 5 foizga o‘sgan edi. Shu tariqa, birinchi yarim yillik yakunlariga ko‘ra, Xitoy iqtisodiyoti 4,7 foizga o‘sdi.

Statistika shuni ko‘rsatmoqdaki, Xitoyda sanoat ishlab chiqarishi ham sekinlashgan. Xususan, aprel—iyun oylarida o‘sish sur’ati 4,6 foizni tashkil etdi (birinchi chorakda bu ko‘rsatkich 6,1 foiz edi). Bu holatga Yaqin Sharqdagi mojarolar, xususan, energiya resurslari ta’minotidagi uzilishlar va ularning narxi oshib ketishi o‘z ta’sirini ko‘rsatmay qolmadi.

Biroq ayrim tarmoqlar, xususan, komputer, telekommunikatsiya uskunalari va elektromobil ishlab chiqaruvchilari inqirozni unchalik sezayotgani yo‘q. Ularning o‘sish sur’ati birinchi navbatda xorijiy buyurtmalar hisobiga saqlanib qolmoqda.

Masalan, dastlabki olti oy ichida XXR eksporti dollar hisobida 17,6 foizga oshgan. Xitoyliklar o‘z mahsulotlarini, ayniqsa, iyun oyida faol sotishga muvaffaq bo‘ldi. Birgina shu oyning o‘zida xorijga 412,4 milliard dollarlik mahsulot jo‘natildi. Iyun oyidagi eksport o‘sishi so‘nggi to‘rt oy ichidagi eng yuqori ko‘rsatkich bo‘ldi. Bunda asosiy ulush yuqori texnologiyalar sektoriga to‘g‘ri keldi. XXR mikrosxemalar va ma’lumotlarni qayta ishlash uskunalarini yetkazib berishni keskin ko‘paytirdi.

Bunday o‘sish, qisman, XXR hamkorlari tomonidan xarid hajmining sezilarli darajada oshgani bilan ham izohlanadi. Yaqin Sharqdagi mojaro oqibatlaridan xavotirga tushgan xaridorlar o‘z zaxiralarini jadal sur’atlarda to‘ldirishga kirishgan. Ekspertlarning taxmin qilishicha, geosiyosiy vaziyatning biroz yumshashi yaqin oylarda Xitoy tashqi savdosining sekinlashishiga olib kelishi mumkin.

Ko‘chmas mulk bozoridagi inqiroz

Ayni paytda, o‘nlab yillar davomida Xitoy iqtisodiyotining asosiy tayanchi bo‘lib kelgan iste’mol bozori sezilarli darajada qisqardi. Ikkinchi chorakda chakana savdo hajmi deyarli o‘sishdan to‘xtadi. Agar yanvar—mart oylarida bu ko‘rsatkich 2,4 foizga oshgan bo‘lsa, aprel—iyun oylariga kelib bor-yo‘g‘i 0,2 foizni tashkil qildi.

Gap shundaki, mamlakat aholisining pul jamg‘arishga bo‘lgan moyilligi hamon saqlanib qolmoqda — xitoyliklar pul sarflashga unchalik shoshilmayapti. Masalan, may oyida avtomobil savdosi yillik kesimda 16 foizga, aprel oyida esa 15,3 foizga kamaygan. Qolaversa, Chin diyori aholisi maishiy texnika, qurilish va pardozlash materiallarini ham avvalgidan kamroq xarid qilmoqda.

Mutaxassislar bunday pasayish dinamikasini ko‘chmas mulk bozorida cho‘zilib ketgan inqiroz bilan izohlamoqda.

Birinchi yarim yillikda uy-joy va tijorat maqsadlaridagi ko‘chmas mulk qurilishiga kiritilgan investitsiyalar hajmi 18 foizga kamaygan. Yangi qurilgan binolardagi xonadonlar narxi esa 13,6 foizga arzonlashdi.

Ichki talabning sustligi sababli xitoylik tadbirkorlar o‘z mahsulotlarini faol ravishda boshqa davlatlar bozoriga yo‘naltirmoqda. Xorijda esa arzon Xitoy tovarlarining yopirilib kirib kelishi mahalliy kompaniyalar uchun jiddiy muammoga aylanmoqda. Chunki ular bozordagi katta ulushi va foydasidan quruq qolmoqda. Oqibatda bu holat yangi savdo mojarolarini keltirib chiqarmoqda.

Investitsiyalar oqimi pasaydi

Xitoy iqtisodiyotida vaziyat yomonlashayotganidan iyul oyidagi ishbilarmonlik faolligi indikatorlari ham dalolat bermoqda. Xususan, ishlab chiqarish sektorida xarid menejerlari indeksi (PMI) so‘nggi besh oy ichidagi eng past ko‘rsatkich — 49,2 punktga tushib ketdi.

Ikkinchi yarim yillik nafaqat sanoat tarmog‘ida, balki boshqa sohalarda ham pasayish bilan boshlandi. Jumladan, xizmat ko‘rsatish va qurilish sohalarini qamrab oluvchi ishlab chiqarishdan tashqari sektorda PMI indeksi 49 punktgacha tushib ketdi. Bu 2022 yilning dekabridan beri qayd etilgan eng past ko‘rsatkichdir.

Ekspertlarning fikricha, PMI indeksining tushishi yoz oylarida ishbilarmonlik faolligi pasayishidek umumiy tendensiyaga mos keladi.

Ayni paytda Xitoy iqtisodiyotiga kiritilayotgan sarmoyalar miqdori ham kamaymoqda. XXR Savdo vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, birinchi yarim yillikda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi 5 foizga qisqarib, 59,4 milliard dollarga tushgan.

Asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalar 5,7 foizga, xususiy sarmoyalar esa 8,5 foizga tushib ketdi. Ekspertlarning ta’kidlashicha, bu raqamlar kapital yetishmovchiligidan dalolat bermaydi. Asosiy muammo — kompaniyalarning bozordagi talab va yangi loyihalarning rentabelligiga bo‘lgan ishonchi susayganidadir.

Xitoy uchun bu yangi bosqichmi yoki inqiroz?

XXR statistika ma’lumotlari e’lon qilingach, «Morgan Stanley» banki Xitoy YAIM o‘sishi bo‘yicha o‘z prognozini 4,8 foizdan 4,6 foizgacha pasaytirdi. Xalqaro valuta jamg‘armasi (XVJ) ham 4,6 foizlik o‘sishini kutmoqda. Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHHT) esa bu ko‘rsatkich 4,5 foiz atrofida bo‘lishini prognoz qilmoqda.

Aytish joizki, Xitoy hukumati qator asosiy ko‘rsatkichlarni ataylab jamoatchilikdan sir tutmoqda.

«TRT» so‘rovida qatnashgan ekspertlar Xitoy YAIMining o‘sish sur’atlarini o‘rtacha 4–4,5 foiz darajasida taxmin qilgan.

Ularning ta’kidlashicha, Chin diyori so‘nggi yillarda haqiqatan ham jiddiy iqtisodiy qiyinchiliklarni boshidan kechirmoqda. Biroq muqarrar inqiroz haqida gapirishga hozircha hech qanday asos yo‘q.

Gap shundaki, Xitoy shunchaki rivojlanishning yangi bosqichiga qadam qo‘ydi. Agar ilgarigi o‘sish qurilish va infratuzilmaga kiritilgan keng ko‘lamli investitsiyalar hisobiga ta’minlangan bo‘lsa, endilikda hukumat ichki iste’mol, yuqori texnologiyalar va mehnat unumdorligini oshirishga asoslangan yangi iqtisodiy modelga o‘tishga harakat qilmoqda. Bunday tarkibiy o‘zgarishlar esa, tabiiyki, iqtisodiy o‘sish sur’atlarining sekinlashishi bilan kechadi.

Shunga qaramay, ekspertlar muhim bir jihatdan ogohlantirmoqda: agar xususiy investitsiyalar va iste’mol talabi qayta tiklanmasa, davlat iqtisodiyotni budjet va boshqa manbalar orqali yanada faolroq qo‘llab-quvvatlashiga to‘g‘ri keladi. Bu esa, o‘z navbatida, mamlakatning qarz yukini oshirib, kelgusidagi iqtisodiy transformatsiyani murakkablashtiradi.

Теглар

Мавзуга оид

Dunyoning asosiy lokomotivi to‘xtayaptimi? Xitoy iqtisodiyotida so‘nggi 4 yildagi eng yomon ko‘rsatkich qayd etildi | Vaqt.uz