Eng yirik kriptovalyuta birjasi «Binance»ga qarshi surishtiruv boshlandi
AQSH Senati uning Eron va Rossiya bilan bog‘liq operatsiyalari, shuningdek, Tramp oilasiga yaqin kriptokompaniya bilan aloqalarini tekshirmoqda.

AQSH Senati dunyodagi eng yirik kriptovalyuta birjalaridan biri bo‘lgan «Binance» faoliyati yuzasidan rasmiy tekshiruv boshladi. Senator Richard Blumental birja rahbariyatidan sanksiyalar va komplayens talablariga rioya etilishi bilan bog‘liq ichki hujjatlarni taqdim etishni so‘ragan.
Senatning tergov bo‘yicha doimiy kichik qo‘mitasi «Binance» sanksiyalangan shaxslar, terrorchilik tashkilotlari va boshqa jinoiy tuzilmalarning birjadan foydalanishining oldini olish bo‘yicha majburiyatlarini qanday bajarganini aniqlamoqchi.
Tekshiruvda asosan quyidagi masalalar o‘rganiladi:
— «Binance» Erondagi sanksiyalangan tashkilotlar bilan operatsiyalar amalga oshirganmi?
— birja Rossiya neftini tashishda foydalanilayotgan «soya floti» bilan bog‘liq operatsiyalarga ko‘maklashganmi?
— Eronga o‘tkazilgani aytilgan 1,7 milliard dollarlik kriptoaktivlar bilan bog‘liq operatsiyalar qanday amalga oshirilgan?
— «Binance» sanksiyalangan shaxslar va tashkilotlarning birjadan foydalanishini to‘sish bo‘yicha talablarni bajarganmi?
— platforma orqali pul yuvish yoki terrorizmni moliyalashtirishga yo‘l qo‘yilganmi?
— «Binance»ning «Hexa Whale» va «Blessed Trust» orqali pul yuvish hamda Eron hukumatiga aloqador tashkilotlar bilan savdolarga ko‘maklashgani haqidagi gumonlar asoslimi?
— birja xodimlarining sanksiyalar bilan bog‘liq xavflar haqidagi ogohlantirishlari rahbariyat tomonidan e’tiborsiz qoldirilganmi?
— qoidabuzarliklar haqida xabar bergan xodimlarga bosim bo‘lganmi yoki yo‘qmi?
Tramp oilasi bilan aloqadorlik
Tekshiruvning yana bir yo‘nalishi «Binance» va Tramp oilasiga yaqin «World Liberty Financial» o‘rtasidagi munosabatlardir. Blumental birja ushbu hamkorlik orqali siyosiy ta’sirga ega bo‘lish va o‘z faoliyati uchun javobgarlikdan qochishga uringan bo‘lishi mumkinligini bildirgan.
«Binance noqonuniy foydalanishning oldini olish o‘rniga, lobbichilik va prezident Tramp va uning maxsus elchisi Stiv Vitkoffning o‘g‘illariga tegishli bo‘lgan World Liberty Financial (WLFI) kriptovalyuta firmasi bilan moliyaviy hamkorlik orqali javobgarlikdan qochishga va Oq uyga ta’sir o‘tkazishga harakat qildi», — deyiladi Blumentalning maktubida.
Maktubda keltirilishicha, «Binance» WLFI'ning steyblkoyni USD1 uchun muhim infratuzilmaga aylangan. WLFI va BAAdagi tadbirkor Tahnun bin Zaid Ol Nahayon o‘rtasidagi dastlabki hamkorlikdan keyin USD1 tokenlarining taxminan 85 foizi «Binance»da saqlangan. Bu esa Tramp oilasining kripto loyihalarini birja bilan yanada yaqin bog‘lagan.
Tekshiruv doirasida «Binance»dan 2026-yil 6-martgacha bo‘lgan operatsiyalar, ichki yozishmalar va komplayens xodimlariga oid hujjatlar talab qilingan. Agar tekshiruv natijasida qoidabuzarliklarni tasdiqlovchi dalillar aniqlansa, bu «Binance» va umuman kriptovalyuta platformalari ustidan nazorat masalasini yanada kuchaytirishi mumkin





