Eron AQSH ultimatumini rad etdi: neft narxi 110 dollardan oshdi

Бугун 08:552 дақиқа

Tehron AQSHning Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochish evaziga 45 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish taklifini rad etib, urushni to‘liq tugatish va sanksiyalarni bekor qilishni talab qilmoqda. Donald Trampning ultimatumi tugashiga sanoqli soatlar qolganda dunyo bozorlarida xavotir kuchaydi.

Eron AQSH ultimatumini rad etdi: neft narxi 110 dollardan oshdi

6-aprel kuni Eronning IRNA davlat axborot agentligi Islom respublikasi AQSH va mintaqaviy vositachilarning vaqtinchalik sulh haqidagi taklifini qabul qilmasligini e’lon qildi. Tehron Pokiston orqali yuborgan 10 banddan iborat shartlarida sanksiyalarni to‘liq olib tashlash va Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali kemalar o‘tishi uchun yangi «xavfsizlik protokoli» ishlab chiqishni talab qilgan. Bu bayonot Donald Tramp tomonidan belgilangan dedlayn — 7-aprel oqshomiga bir kun qolganda yangradi. AQSH prezidenti agar kelishuv bo‘lmasa, Eronning elektr stansiyalari va ko‘priklari yo‘q qilinishidan yana bir bor ogohlantirdi.

Tramp Oq uydagi matbuot anjumanida: «Butun mamlakatni bir kechada yo‘q qilish mumkin va o‘sha kecha ertaga bo‘lishi mumkin», deya tahdid qildi. U Eron tomonidan «salmoqli taklif» tushganini, biroq bu yetarli emasligini ta’kidladi. Prezidentning ushbu chiqishi fonida AQSH fond indekslari, jumladan S&P 500 va «Nasdaq» o‘sish sur’atini yo‘qotdi. Investorlar geosiyosiy keskinlik kuchayishidan xavotirga tushib, ehtiyotkorlik pozitsiyasiga o‘tmoqdalar. Bozor ishtirokchilari hozirda «keyingi zarba qayerdan bo‘lishini» kutmoqdalar.

Neft bozorida esa narxlar keskin ko‘tarildi. «Brent» markali neft fyucherslari 1,7 foizga qimmatlashib, bir barreli uchun 110 dollardan yuqoriladi, WTI nefti esa 113 dollargacha ko‘tarildi. Narxlarning sakrashiga AQSH qurolli kuchlari Eronning energetika infratuzilmasiga zarba berishga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqidagi xabarlar asosiy sabab bo‘ldi. Agar Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yopiq qolsa va Eron obyektlari bombardimon qilinsa, global energiya ta’minotida uzilishlar yuz berishi muqarrarligi neft kotirovkalarini yuqoriga ko‘tarmoqda.

 

Bozorlar sarosima ichida

Fond bozorlarida noaniqlik hukm surmoqda. S&P 500 va Dow Jones indekslari Trampning keskin ritorikasidan so‘ng o‘z o‘sishini deyarli to‘xtatdi. Investorlar ertangi kun qanday yakunlanishini bilmagani sababli yirik sarmoyalardan tiyilmoqdalar.

«Glenmede» kompaniyasi strategi Mayk Reynoldsning fikricha, bozorlar ikki o‘t orasida qolgan: bir tomonda urushning kengayish xavfi bo‘lsa, ikkinchi tomonda kutilayotgan harbiy amaliyotning iqtisodiy oqibatlari turibdi.

 

Strategik infratuzilma xavfi

Pentagon Eronning energiya tizimini falaj qilish bo‘yicha yakuniy rejalarni ishlab chiqdi. AQSH rasmiylarining bildirishicha, agar Tehron 7-aprel soat 20:00 gacha bo‘g‘ozni ochmasa, harbiy havo kuchlari Eronning eng yirik elektr stansiyalari va transport tugunlarini nishonga oladi.

Bunday hujum Eronni nafaqat energiyasiz qoldiradi, balki uning xalqaro bozor bilan aloqasini butunlay uzadi. Tehron esa o‘z navbatida har qanday tajovuzga nisbatan «qat’iy va vayronkor» javob qaytarishga tayyorligini bildirib, mintaqadagi keskinlikni eng yuqori nuqtaga olib chiqdi.

Теглар

Мавзуга оид