Eron atrofidagi ziddiyatlarga qaramay, oltin narxi nega ko‘tarilmayapti?

Mintaqadagi harbiy vaziyat va neft narxining qimmatlashiga qaramay, oltin bozorida barqarorlik kuzatilmoqda. Narxlarning so‘nggi paytlardagi tebranishi va dollarning mustahkamlanishi uning «xavfsiz aktiv» sifatidagi jozibasini kamaytirdi.

Eron atrofidagi ziddiyatlarga qaramay, oltin narxi nega ko‘tarilmayapti?

Erondagi urushning 19-kuni davom etayotganiga qaramay, odatda beqarorlik davrida eng ishonchli aktiv hisoblanuvchi oltin narxi kutilmaganda barqaror qoldi. AQSH va Isroil 28-fevral kuni Eronga ilk zarbalarni berganidan beri mojaro butun mintaqa bo‘ylab kuchaydi va global iqtisodiyot uchun jiddiy xavotirlar uyg‘otdi.

2-mart kuni Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK) bosh qo‘mondonining katta maslahatchisi Ibrohim Jabbariy dunyo neft va gazining 20 foizi tashiladigan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yopilganini e’lon qildi. Bu qadam neft narxining barreliga 100 dollardan oshib ketishiga sabab bo‘ldi.

Eron urushi bilan bog‘liq noaniqliklar tufayli so‘nggi ikki hafta ichida aksiyalar narxi pasaygan bo‘lsa-da, oltin narxi o‘zgarishsiz qolmoqda.

Oltin narxida qanday o‘zgarishlar kuzatilmoqda?

So‘nggi kunlarda oltin narxi bir unsiya uchun taxminan 5000 dollar atrofida barqaror saqlanib turibdi.

18-mart kuni Toshkent vaqti bilan soat 14:35 da oltinning spot narxi deyarli o‘zgarishsiz qolib, bir unsiya uchun 4995 dollarni tashkil etdi.

AQSHda aprel oyida yetkazib beriladigan oltin fyucherslari atigi 0.1 foizga oshib, 5005.20 dollarni tashkil qildi.

Bu kutilmagan holatmi?

Ha. Iqtisodiy inqirozlar davrida investorlar o‘z mablag‘larini himoya qilish uchun «xavfsiz boshpana» izlashi sababli oltin narxi odatda keskin ko‘tariladi, shu bois hozirgi harakatsizlik hayratlanarlidir. Bu ayniqsa global mojarolar davrida yaqqol namoyon bo‘ladi.

«Masalan, Rossiya Ukrainaga nisbatan keng ko‘lamli bosqinni boshlaganida oltin narxi shiddat bilan ko‘tarilgan edi», — deydi Parij Xalqaro va strategik tadqiqotlar instituti iqtisodchisi hamda «Epistelem» tahliliy platformasi muallifi Remi Burjo «Al-Jazeera» telekanaliga bergan intervyusida.

Ekspertning ta’kidlashicha, G‘arbning Rossiyaga qarshi qo‘llagan sanksiyalari markaziy banklar o‘rtasida «vahima to‘lqini»ni uyg‘otdi va oltin bozoridagi narxlar dinamikasini butunlay o‘zgartirib yubordi.

Oqibatda Xitoy kabi davlatlar AQSH dollariga qaramlikni kamaytirish maqsadida misli ko‘rilmagan miqdorda oltin sotib ola boshladi.

Biroq, AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushi davrida butunlay boshqacha munosabat kuzatilmoqda.

Nima uchun oltin narxi o‘zgarishsiz qolmoqda?

Bozor ishtirokchilari AQSH Federal zaxira tizimi inflatsiya tufayli foiz stavkalarini tushirishdan voz kechib, aksincha, ularni ko‘tarishi mumkin deb hisoblashmoqda. Britaniyalik sobiq iqtisodiy maslahatchi Jeyms Midueyning «Al-Jazeera» telekanaliga bergan intervyusida aytishicha, treyderlar hozirda aynan shunday ssenariyni kutyapti.

«Bu dollar aktivlarini yanada jozibador qiladi, foiz to‘lamaydigan oltinni esa aksincha», — dedi Miduey. Uning qo‘shimcha qilishicha, investorlar anchadan beri AQSH foiz stavkalarini pasaytirishini kutmoqda.

Yana bir muhim jihat shundaki, oltin narxi yil boshidan buyon yuqori o‘sish sur’atlarini qayd etib kelayotgan edi.

«Oltin narxi urushdan oldin shu qadar baland ediki, endi u jangovar harakatlarga sustroq munosabat bildirmoqda», — deydi Miduey.

«Bruegel» tahliliy markazi katta ilmiy xodimi Rebekka Kristi ham ushbu fikrni qo‘llab-quvvatlaydi. Uning ta’kidlashicha, joriy yilda oltin narxi tarixiy ko‘rsatkichlardan ancha yuqori darajada saqlanib qolmoqda.

 «Boshqa omillar ham bor: dollar mustahkamlangani va oltin narxi aynan dollarda belgilangani sababli, investorlar uchun narxlarni yuqoriga ko‘tarish qiyin kechmoqda. Bundan tashqari, o‘sayotgan dollar muqobil xavfsiz aktivga aylanmoqda. Neft narxining ko‘tarilishi esa inflatsiyaning oshishiga olib keladi, bu esa dollarni yanada jozibador qiladi», — dedi Kristi.

Oltin hali ham ishonchli aktivmi?

«U ikki yil oldingidek noaniqliklardan himoya vositasi sifatida ko‘rilmayapti», — dedi Burjo.

Uning fikricha, oltin o‘ta spekulyativ aktivga aylangani borasida tushuncha shakllangan.

Uning qo‘shimcha qilishicha, odatda tavakkalchilikdan qochuvchi an’anaviy investorlar, jumladan markaziy banklar ham oltin narxining hozirgi sharoitdagi beqarorligidan cho‘chib qolgan bo‘lishi mumkin.

Oltinni nimalar kutmoqda?

Mutaxassislarning qayd etishicha, Yaqin Sharqdagi mavhumlik vaziyatni oldindan prognoz qilishni ancha murakkablashtirmoqda.

«Hozircha oltin narxining yanada ko‘tarilishiga to‘sqinlik qilayotgan eng asosiy jihat — uning allaqachon haddan tashqari yuqori darajaga chiqib bo‘lganidir», — dedi Kristi.

Midueyning fikricha, oltin narxi keskin o‘zgarishi uchun ikkita omil yuz berishi kerak.

«Birinchidan, may oyida yangi va katta ehtimol bilan Trampga xayrixoh rahbarga ega bo‘ladigan Federal zaxira tizimi inflyatsion bosimga qaramay, foiz stavkalari yana pasaytirilishi mumkinligi haqida aniq ishora berishi kerak. Ikkinchidan, urushning davomiyligi haqidagi tasavvur o‘zgarishi lozim. Hozircha mojaro tez orada yakunlanadi degan ishonch bor, biroq urush qancha cho‘zilsa va yetkazilgan zarar ko‘lami kengaysa, oltinning xavfsiz aktiv sifatidagi jozibadorligi shunchalik oshib boradi», — dedi u.

Теглар

Мавзуга оид