Eron hujumlari sabab BAAda barcha ta’lim muassasalari masofaviy ta’limga o‘tkazildi
Vaziyat keskinlashuvi ortidan Dubay aholisiga potensial xavf tufayli xavfsiz joylarga ko‘chish haqida shoshilinch bildirishnomalar yuborilgan.

Birlashgan Arab Amirliklarida (BAA) xavfsizlik choralari kuchaytirilishi munosabati bilan barcha ta’lim muassasalari joriy hafta oxirigacha masofaviy o‘qish tizimiga o‘tkazildi. Bu haqda mamlakat Ta’lim vazirligi bayonotiga tayanib, «RIA Novosti» xabar berdi.
Vazirlik qaroriga ko‘ra, masofaviy ta’lim formati 5-may, seshanba kunidan boshlanib, 8-may, juma kuniga qadar davom etadi. Zarurat tug‘ilgan taqdirda, ushbu muddat uzaytirilishi mumkin. Masalani qayta ko‘rib chiqish juma kuni o‘tkaziladigan muhokamalarda hal etiladi.
Ushbu qaror BAA Mudofaa vazirligining Eron tomonidan amalga oshirilgan hujumlar haqidagi xabaridan so‘ng qabul qilindi. Ma’lum qilinishicha, mamlakat havo hujumidan mudofaa tizimlari Eron yo‘llagan ballistik va qanotli raketalar hamda uchuvchisiz uchish apparatlarini (UUA) muvaffaqiyatli tutib qolgan.
Vaziyat keskinlashuvi ortidan Dubay aholisiga potensial xavf tufayli xavfsiz joylarga ko‘chish haqida shoshilinch bildirishnomalar yuborilgan. Shuningdek, Fujayra amirligidagi neft sanoati zonasi hududida dron hujumi oqibatida yong‘in kelib chiqqani qayd etildi.
Avvalroq, BAA rasmiylari mamlakatga tegishli tankerga hujum qilingani va bu harakatlar ortida Eron turgan bo‘lishi mumkinligi haqida bayonot bergan edi. Mudofaa vazirligi havo hujumlariga qarshi kurash davom etayotganini tasdiqlagan.


