Eron radiosida sirli signal: razvedkalar «raqamli stansiyalar»ni yana ishga tushirdi

Бугун 10:003 дақиқа

AQSH va Isroilning Eronga qarshi dastlabki zarbalaridan bir necha soat o‘tib, Tehron davlat radiosi efirini sirli signal uzib qo‘ydi.

Eron radiosida sirli signal: razvedkalar «raqamli stansiyalar»ni yana ishga tushirdi

28-fevral kuni AQSH va Isroilning raketalari Eron hududidagi nishonlarga dastlabki zarbalarni berganidan bir necha soat o‘tib, Tehron davlat radiosi xavfsizlik bo‘yicha ekspertlar o‘tgan asrning sarqiti deb hisoblaydigan g‘ayritabiiy holatga duch keldi. Eshittirish erkak kishining ovozi bilan uzildi. U fors tilida uch marta «Diqqat!» deb xitob qilgach, bir maromda raqamlar qatorini o‘qiy boshladi: «olti... to‘rt... nol... to‘qqiz... uch... to‘qqiz».

«Financial Times» nashriga ko‘ra, katta ehtimol bilan G‘arbiy Yevropada joylashgan kuchli qisqa to‘lqinli uzatgichlar orqali berilgan bu signallar josuslikning eng sirli usullaridan biri — «raqamli stansiyalar» yana ishga tushganini anglatadi. Bu esa Vashington, Tel-Aviv va Tehron o‘rtasidagi ochiq harbiy to‘qnashuvlar ortida keng ko‘lamli yashirin razvedka urushi ham kechayotganini ko‘rsatadi.

1

«Raqamli stansiyalar» — Sovuq urush davridan qolgan, bir tomonlama shifrlangan aloqa usuli. Uning ishlash tamoyili juda oddiy va hanuz o‘zgarmagan: dala sharoitidagi josus oddiy radiopriyomnikni kerakli chastotaga to‘g‘rilaydi, raqamlarni yozib oladi va maxsus bir martalik kodlar kitobchasi yordamida ularni o‘qiydi.

AQSH Markaziy razvedka boshqarmasining (MRB) sobiq yuqori martabali xodimi Jon Siferning ta’kidlashicha, Eronda bu usulning qayta tiklanishi razvedka operatsiyalari eng yuqori shaylik holatiga o‘tganidan dalolat beradi.

 «Keng ko‘lamli urush sharoitida razvedka xizmatlari manbalar bilan aloqa uzilishiga yo‘l qo‘ya olmaydi. Raqamli stansiyalar — bu kommunikatsiyaning «so‘nggi marrasidir», — deya ta’kidlaydi Sifer.

Tizimning asosiy afzalligi uning mutlaq anonimligidadir. Sun’iy yo‘ldosh aloqasi yoki messenjerlardan farqli o‘laroq, radiosignal raqamli iz qoldirmaydi. Efirni qabul qiluvchi qurilmasi bor har qanday odam eshitishi mumkin, ammo aynan shu lahzada kim uni tinglayotgani va kodni yozib olayotganini aniqlashning texnik jihatdan iloji yo‘q.

Eronning radioelektron kurash xizmatlari bu signallarga qarshilik qilishga urinib ko‘rdi. Sirli ovoz paydo bo‘lganidan bir necha kun o‘tgach, ular ko‘rsatilgan chastotani turli xil elektron shovqinlar bilan to‘sib qo‘ya boshladi. Ammo, sirli uzatgich bunga tezda moslashdi: u darhol boshqa chastotaga o‘tib, translyatsiyani davom ettirdi.

Eron hukumati internet va tashqi aloqalarni keskin cheklagani sababli, maxsus xizmatlar yana eski, analog kommunikatsiya usullariga qaytishga majbur bo‘lmoqda. Harbiy harakatlar oqibatida aloqa tarmoqlarida yuzaga kelgan uzilishlar va to‘siqlar sharoitida an’anaviy radioaloqaning o‘rni tobora muhimlashmoqda.

2

Radioefirdagi bunday faollik 2001 yilda AQSH Afg‘onistonga bostirib kirgan paytda ham kuzatilgan edi. O‘shanda translyatsiyalar ortida Rossiya razvedkasi turgani taxmin qilingan. Erondagi bugungi vaziyatda esa, ekspertlarning fikricha, G‘arb maxsus xizmatlari urush tartibsizliklariga qaramay, mamlakat ichkarisidagi nazoratni saqlab qolishga urinmoqda.

SSSR parchalanganidan so‘ng dunyoda raqamli stansiyalarning faolligi pasaygan bo‘lsa-da, ular hech qachon butunlay yo‘qolib ketmagan. Razvedka ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya, Polsha, Tayvan va KXDR kabi davlatlar bu infratuzilmani hanuz saqlab keladi. Erondagi hozirgi vaziyat kiberurushlar davrida maxfiy buyruqlarni uzatishning eng xavfsiz usuli hamon oddiy radioto‘lqinlar ekanini isbotladi.

Теглар

Мавзуга оид