Erondagi urush: 31-kungi voqealar

Бугун 19:105 дақиқа

Vashington diplomatiyani ta’kidlayotgan bo‘lsa-da, mintaqaga AQSH qo‘shinlari yetib kelishi Eronga quruqlikdan bostirib kirish xavfini yanada kuchaytirmoqda.

Erondagi urush: 31-kungi voqealar

AQSH va Isroil kuchlari Tehron hamda boshqa qator shaharlarga tungi havo zarbalarini yo‘lladi. Eron poytaxtida elektr ta’minoti inshootlari nishonga olingan. Rasmiylarining ma’lum qilishicha, hujumlar oqibatida yuzaga kelgan elektr uzilishlari bartaraf etilgan va ta’minot qayta tiklangan.

AQSH prezidenti Donald Tramp o‘z intervyusida Eron neftini «qo‘lga kiritmoqchi» ekanini bildirdi. Tehron esa Vashingtonni quruqlikdan hujum qilish rejasini tuzayotganlikda aybladi.

29-mart kuni Tramp: «Biz ular [Eron] bilan kelishamiz, bunga ishonchim komil», deb ta’kidladi.

Trampning ushbu bayonotlari Pokiston urush keskinligini yumshatish maqsadida o‘tkazilgan yakshanba kungi muloqotlardan so‘ng yangradi. Rasmiy Islomobod yaqin kunlarda «samarali muzokaralar»ga mezbonlik qilishga tayyorgarlik ko‘rayotganini ma’lum qildi.

30-mart kuni yuz berayotgan asosiy voqealar tafsiloti bilan tanishing.

Erondagi vaziyat

·         Tehronda kuchli portlashlar ovozi eshitildi. «Fars» axborot agentligi Katta Tehron megapolisi tarkibiga kiruvchi Rey shahrida ham navbatdagi portlash yuz berganini ma’lum qildi.

·         Isroil harbiylari 30-mart kuni Tehron bo‘ylab Eron hukumatining infratuzilma obyektlariga hujum uyushtirilayotganini bildirdi.

·         Eron parlamenti raisi Muhammad Baqir G‘olibaf avvalroq AQSH bir vaqtning o‘zida ham ehtimoliy muzokaralar haqida xabar yo‘llayotgani, ham quruqlikdan bostirib kirishni rejalashtirayotganini aytgan edi. Uning ta’kidlashicha, agar AQSH askarlari mamlakat hududiga kiritilsa, Tehron bunga munosib javob qaytarishga tayyor.

·         «Fars» agentligining xabariga ko‘ra, Eron hukumati tarafdorlari AQSH va Isroilning davom etayotgan havo zarbalari xavfiga qaramay, mamlakat bo‘ylab har kecha o‘tkaziladigan namoyishlarni davom ettirmoqda.

·         Eronda ikki kishi davlatga qarshi qurolli harakatlar olib borgan, AQSH va Isroil tomonidan qo‘llab-quvvatlanuvchi «Mujohidin-ye Xalq» muxolifat guruhi bilan hamkorlik qilganlikda ayblanib, qatl etildi.

·         «Al-Jazira»ga ko‘ra, so‘nggi 24 soat ichida Karaj, Sheroz, Qum, Obodon va Tabriz shaharlarida hujumlar qayd etilgan. Tehron yaqinidagi energetika infratuzilmasi ham nishonga olingan bo‘lib, bu bir necha soatlik elektr uzilishiga sabab bo‘lgan. Hukumat hozirda ta’minot tiklanganini aytmoqda. Tabrizdagi neftkimyo zavodiga ham zarba berilgani aytilmoqda.

·         «Fars» agentligi ushbu zavoddagi yong‘in to‘liq o‘chirilgani va vaziyat nazorat ostida ekanini xabar qildi.

·         28-fevraldan buyon AQSH va Isroilning Eronga qilgan hujumlari oqibatida 2000 dan ortiq kishi halok bo‘ldi, minglab fuqarolik obyektlari nishonga olindi.

Diplomatik harakatlar

·         Pokistondagi ehtimoliy uchrashuv: Pokiston Tashqi ishlar vaziri Is’hoq Dar 29-mart kuni mintaqa davlatlari tashqi siyosat idoralari rahbarlari ishtirokida o‘tgan muzokaralarda nizoni tezroq bartaraf etish choralari hamda Islomobodda AQSH–Eron muloqotini tashkil etish imkoniyatlari ko‘rib chiqilganini ma’lum qildi.

·         Davom etayotgan Isroil hujumlari: «Reuters» agentligi ismi oshkor etilmagan Isroil rasmiysiga tayanib xabar berishicha, Vashington va Tehron o‘rtasidagi ehtimoliy muzokaralar oldidan hujumlar ko‘lamini kamaytirish rejalashtirilmagan. Isroil tomoni «harbiy nishonlar»ga zarba berishni davom ettirishini ta’kidlamoqda. Shunga qaramay, Eron bo‘ylab fuqarolik infratuzilmasi obyektlari, xususan, maktab va shifoxonalar hamon hujumlarga uchramoqda.

Ko‘rfaz mintaqasidagi vaziyat

·         Saudiya Arabistoni: Mamlakat Mudofaa vazirligi Sharqiy viloyat tomon uchirilgan beshta ballistik raketa urib tushirilganini ma’lum qildi.

·         Quvayt: Quvayt Elektr energiyasi, suv va qayta tiklanuvchi energiya vazirligining ma’muriy binosi, shuningdek, mamlakatdagi elektr stansiyasi va suvni chuchuklashtirish zavodlaridan biri hujumga uchragani ma’lum qilindi.

·         Bahrayn: Ushbu Ko‘rfaz davlati rasmiylari aholini xotirjamlikni saqlashga va eng yaqin xavfsiz joyga yo‘l olishga chaqirdi. So‘nggi to‘rt soat ichida xavf signali uchinchi bor ishga tushdi.

AQSHdagi vaziyat

·         «The Financial Times» gazetasiga bergan intervyusida Tramp Eron neftini «qo‘lga kiritmoqchi» ekanini aytdi. Shuningdek, u AQSH Eronning Xark orolidagi asosiy eksport terminalini egallab olishi mumkinligini ham qo‘shimcha qilib o‘tdi.

·         Intervyu davomida Tramp urushning ilk kunlarida Oliy rahnamo Oyatulloh Ali Xomanaiy va boshqa yuqori martabali amaldorlarning o‘ldirilishi bilan Eronda «tuzum allaqachon almashgan»ini da’vo qildi. 

Isroildagi vaziyat

·         Qishloq xo‘jaligi giganti bo‘lgan ADAMA kompaniyasi 29-mart kuni Isroil janubidagi «Maxteshim» zavodiga Eron raketasi yoki uning parchalari kelib tushganini ma’lum qildi. Xitoyning «Syngenta Group» tarkibiga kiruvchi ADAMA kompaniyasi zavodga yetkazilgan zarar ko‘lami hozircha noma’lum ekanini bildirdi.

·         «Al Jazeera» nashrining xabar berishicha, 29-mart kunidan boshlangan raketa va dronlar harakati 30-mart tongigacha kuchayib borgan.

Livan, Iroq va G‘azo

Livan: Isroil armiyasi Bayrutning janubiy chekka hududlarida harbiy tajovuzni davom ettirar ekan, mahalliy aholidan o‘z uylarini zudlik bilan tark etishni talab qildi. Isroil tomoni ushbu hududda «Hizbulloh»ning harbiy obyektlari nishonga olinayotganini da’vo qilmoqda, biroq hozirgacha buni tasdiqlovchi biror-bir dalil taqdim etilgani yo‘q.

Iroq: «Al Jazeera» telekanalining Bog‘dod xalqaro aeroportidagi manbalariga tayanib xabar berishicha, mamlakat poytaxtida kuchli portlashlar sodir bo‘lgan. Ma’lum qilinishicha, mazkur holat AQSHning «Victory Base Complex» deb ataluvchi moddiy-texnik ta’minot bazasiga uyushtirilgan ketma-ket hujumlar oqibatida yuzaga kelgan.

G‘azo sektori: «Wafa» axborot agentligining xabar berishicha, G‘azo shahrining janubi-sharqiy qismiga yo‘llangan Isroil havo zarbalari oqibatida kamida uch nafar falastinlik halok bo‘lgan, ko‘plab insonlar jarohatlangan.

Neft, oziq-ovqat va gaz inqirozi

·         Neft narxining ko‘tarilishi: 30-mart kuni «Brent» markali neft narxi 2,98 foizga ko‘tarilib, bir barrel uchun 115,93 dollarni tashkil etdi. Oilprice.com nashrining qayd etishicha, 27-fevraldan buyon narxlar 62 foizdan ortiq qimmatlashgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich 1990-yilda Iroqning Quvaytga bostirib kirishi ortidan yuzaga kelgan tarixiy sakrashdan ham o‘tib ketdi.

·         Janubi-sharqiy Osiyo davlatlari Rossiya neftini sotib olmoqda: Dunyo bo‘ylab energiya ta’minotidagi taqchillik tufayli AQSH Rossiya neftiga qarshi sanksiyalarga 30 kunlik cheklov o‘rnatdi. Natijada Janubi-sharqiy Osiyo kompaniyalari, jumladan, Vietnamning «Binh Son Refining and Petrochemical» korxonasi Rossiyadan neft sotib olishni boshladi.

Теглар

Мавзуга оид