Logo

Favoritlar reytingi: Jahon chempionatida kim g‘olib bo‘ladi?

Кеча 22:276 дақиқа

Qo‘shma Shtatlarda bo‘lib o‘tayotgan JCH-2026 musobaqasi hal qiluvchi pallaga kirdi. 48 ta terma jamoa ichidan saralangan Fransiya, Ispaniya, Angliya va Argentina jamoalari final yo‘llanmasi uchun bahslarga kirishmoqda.

Favoritlar reytingi: Jahon chempionatida kim g‘olib bo‘ladi? © Kollaj

11-iyun kuni qirq sakkizta terma jamoa chempionlik ilinjida musobaqaga kirishgan edi, hozirga kelib esa faqat to‘rtta mamlakatning umidi saqlanib qolgan. FIFA reytingida kuchli to‘rtlikdan joy olgan va shu kungacha jami sakkiz marta jahon chempioni bo‘lgan bu jamoalar 19-iyul, yakshanba kuni Nyu-Yorkdagi Nyu-Jersi stadionida bo‘lib o‘tadigan final yo‘llanmasi uchun seshanba va chorshanba kunlari o‘zaro kuch sinashadi.

«Al Jazeera» nashriga кўрa, chempionlikka davogarlar reytingi quyidagicha:

Screenshot_1

4. Argentina

Amaldagi chempionlar autsaydermi?

Jazoir, Avstriya, Iordaniya, Kabo-Verde, Misr va Shveysariyani mag‘lub etib, hal qiluvchi pallaga yetib kelish musobaqa tarixidagi eng yengil yo‘llardan biri bo‘lishi mumkin. Ammo «La Albiseleste» bu yo‘lda unchalik ishonchli o‘yin ko‘rsata olmadi.

Pley-off bosqichida Kabo-Verde va Misr terma jamoalari ularni ancha ter to‘kishga majbur qildi, yakunda esa argentinaliklar dramatik tarzda g‘alaba qozonishdi. Shanba oqshomida Kanzas-Sitida Shveysariyaga qarshi kechgan bahsda ham shunga o‘xshash holat kuzatildi: Aleksis Mak Allisterning tezkor golidan so‘ng, ular qariyb 90 daqiqa davomida raqib darvozasiga aniq zarba bera olishmadi.

Ularning yoshi o‘tib qolgan tarkibi jazirama issiqda o‘tgan 120 daqiqalik kurashdan so‘ng baribir ustun keldi. Agar Shveysariya maydonda to‘liq tarkibda qolganida, vaziyat boshqacha tus olishi mumkin edi. Biroq amaldagi chempionlar o‘zlarining eng yaxshi formasida bo‘lmasa-da, yana bir bor g‘alabaga erishdi.

Angliyaga qarshi o‘yinda ham shunday o‘yin bilan natijaga erishib bo‘larmikin?

Chorak final bahslarida Xarri Keyn ham, Lionel Messi ham o‘z imkoniyatlaridan ancha past darajada o‘ynashdi.

Misr ustidan irodali g‘alaba qozonilgan o‘yin yakunida Messining his-tuyg‘uga berilishi, uch karra jahon chempionlari musobaqa bilan xayrlashishga qanchalik yaqin kelganini ko‘rsatib qo‘ydi. Angliya bilan kechadigan ehtiroslarga boy bahsda tuyg‘ular yanada jo‘shishi va o‘yin so‘ngida qaysidir tomonning ko‘z yosh to‘kishi aniq.

Agar Argentina va faoliyatida ilk bor «Uch sherlar»ga qarshi maydonga tushadigan Messi avvalgi jozibasini qaytarib, azaliy raqiblarini ketma-ket uchinchi marta pley-off bosqichida musobaqadan chiqarib yubora olsa, final oldidan ularning ruhiy holati va shiddati juda yuqori bo‘ladi.

Biroq Qo‘shma Shtatlardagi o‘yinlari ularning finalda muvaffaqiyatga erishishiga katta umid bermayapti. Bordiyu shunday bo‘lgan taqdirda ham, bu Yevropa chempioni Ispaniya yoki «Qatar-2022» musobaqasining finali uchun qasos o‘tida yonadigan Fransiyaga qarshi bahsda ustunlik qilishga yetarli bo‘ladimi — bu boshqa masala.

2

3. Angliya

Angliya ushbu turnirda o‘z imkoniyatlarining chegarasini namoyish etdimi?

Ehtimol, yo‘q. Shunday bo‘lsa-da, jamoa o‘z tarixida bor-yo‘g‘i to‘rtinchi marta yarim finalga chiqdi. Norvegiya ustidan qozonilgan g‘alaba na chiroyli, na ishonchli bo‘ldi. Bosh murabbiy Tomas Tuxel keyingi bosqichga chiqishlarida omad kulib boqqanini tan oldi. Bunda asosan Jud Bellingemning bir necha muhim vaziyatda mas’uliyatni o‘z bo‘yniga olgani katta rol o‘ynadi.

Nahotki yarim himoyachi «Oltin butsa»ni qo‘lga kiritsa?

U oltita gol bilan Messi va Kilian Mbappedan bor-yo‘g‘i ikkita to‘pga ortda qolmoqda.

Angliya Xorvatiyaga qarshi kechgan va 4:2 hisobida yakunlangan dastlabki o‘yinning ikkinchi bo‘limidagi 20 daqiqalik yorqin harakatlarni hisobga olmaganda, hali biror raqib ustidan to‘liq ustunlik qila olgani yo‘q. Ular «Азтекa» o‘yingohidagi qaynoq muhitda Meksikaga qarshi kechgan nimchorak finaldagi tarixiy bahsda ham qarshi hujumlarga tayanib, 3:2 hisobidagi ustunlikni saqlab qolishga majbur bo‘lishdi.

Jamoa namoyish etgan eng asosiy jihat — bu kuchli iroda. Agar ular 60 yillik orzuga yetib, Jahon chempionati kubogini ikkinchi marta qo‘lga kiritmoqchi bo‘lsa, bu iroda hali ko‘p bor asqotadi.

Argentinaga qarshi o‘yin shunchaki 11 ga 11 formatidagi bahsdan ancha kattaroq ahamiyatga ega: har ikki jamoa bilan birga futbol tarixining unutilmas lahzalari ham maydonga tushadi, atrofdagi shov-shuv va bosim esa juda yuqori bo‘lishi aniq.

Angliya uchun bir nechta ijobiy holat bor: ular musobaqadagi asosiy vazifani bajarib bo‘lishdi — dunyo reytingida to‘rtinchi o‘rinda bo‘la turib, kuchli to‘rtlikka kirishdi. Bundan buyog‘iga erishiladigan har qanday natija qo‘shimcha yutuq hisoblanadi. Hech kim ularni dunyoning eng kuchli ikki jamoasidan biri deb hisoblamayapti, bu esa kutilmalar bilan bog‘liq bosimni biroz yengillashtirishi mumkin.

«Mexiko»ning baland tog‘li sharoiti hamda Mayamining dim va o‘ta issiq havosidan so‘ng, inglizlarning 1/16 finalda Kongo Demokratik Respublikasini mag‘lub etgan joyi — harorat 22 darajada mo‘tadil ushlab turiladigan Atlantaga qaytishi ular uchun ayni muddao bo‘ladi.

Shuningdek, jamoada yangi diskvalifikatsiyalar yo‘q: faqat Jarell Kuansa ikki o‘yinlik jazoning qolgan qismini o‘taydi. Ris Jeyms esa Norvegiyaga qarshi bahsda maydonga tushishga ulgurdi. Inglizlar Deklan Raysning kasallikdan so‘ng to‘liq sog‘ayib ketishiga umid qilmoqda, sababi u so‘nggi bor 45 daqiqa o‘ynaganida formada emasligi yaqqol ko‘rinib qolgan edi.

Yoshi o‘tib borayotgan Argentina terma jamoasi o‘tgan uchta bosqichda Kabo-Verde, Misr va Shveysariyaning tezkor harakatlari hamda ayyorliklariga qarshi chinakamiga qiynaldi. Bukayo Saka, Entoni Gordon va hatto Markus Reshford kabi futbolchilar bundan unumli foydalanish uchun juda yaxshi imkoniyatga ega.

Messidan tashqari, Argentina hujumda unchalik xavf tug‘dira olgani yo‘q. Biroq Xulian Alvaresning Shveysariya darvozasiga yo‘llagan qoyilmaqom zarbasi u uchun Jahon chempionatining chinakam boshlanishi bo‘lishi mumkin.

Barcha omillarni hisobga olganda, Angliyaning finalga chiqishini kutish mumkin, ammo Fransiya ular uchun juda jiddiy to‘siq bo‘lishi ehtimoli yuqori. Hatto Yevropa-2024 finalidagi mag‘lubiyat uchun qasos olish istagi bo‘lishiga qaramay, Ispaniya to‘sig‘idan o‘tish ham ular uchun o‘ta murakkab vazifa bo‘lib qoladi.

3

2. Ispaniya

Ispaniya — ushbu turnirda hali o‘z imkoniyatlarining cho‘qqisiga chiqmagan uchinchi yarim finalchidir (agar ularning 1/16 finalda Avstriyaga qarshi kechgan bir tomonlama o‘yinini hisobga olmasak).

«Qizil furiya»ning mustahkam mudofaasi shu yozda ilk bor chorak finalda Belgiya tomonidan buzib o‘tildi. Ammo o‘sha golgacha bo‘lgan 649 daqiqa Jahon chempionatlari tarixidagi eng uzoq «quruq seriya» bo‘ldi. Ispaniyaliklar shu paytgacha o‘tkazilgan oltita o‘yinda o‘z darvozalari tomon bor-yo‘g‘i yettita aniq zarba berilishiga yo‘l qo‘ydi, xolos.

Garchi gol va assistlar statistikasi buni to‘liq aks ettirmasa-da, Lamin Yamal aprel oyidagi mavsumni erta yakunlashga majbur qilgan jarohatidan so‘ng, asta-sekin o‘zining eng yaxshi holatiga qaytayotganini ko‘rsatmoqda. Ispaniyaning tezkor hujumchilari shu kungacha barcha oltita o‘yinda raqib himoyachilariga yetarlicha muammo tug‘dirdi. Mikel Merino esa Portugaliya va Belgiyaga qarshi o‘yinlarning so‘nggi daqiqalarida kiritgan g‘alaba to‘plari bilan o‘z nomini tarixga muhrladi.

To‘rtta gol bilan jamoaning eng yaxshi to‘purari bo‘lib turgan Mikel Oyarsabal so‘nggi ikki o‘yinda biroz sustlashdi va uning Fransiya himoya chizig‘ini jiddiy vahimaga solishi dargumon.

Yosh himoyachi Pau Kubarsi maydonda o‘zini erkin his qilayotgan bo‘lsa-da, u hali Kilian Mbappe, Maykl Olise va Usmon Dembele kabi hujumchilar keltirib chiqaradigan haqiqiy sinovlarga duch kelgani yo‘q.

Agar ular finalga chiqsa, Ispaniya chempionlik uchun asosiy davogar bo‘ladi. Ular bungacha kuchli to‘rtlikka kirgan yagona holatda Jahon chempionatida zafar quchgan edi. Biroq Fransiyani so‘nggi ikki uchrashuvda mag‘lub etganiga qaramay, ketma-ket uchinchi g‘alaba ular uchun imkonsiz vazifa bo‘lishi mumkin.

4

1. Fransiya

Marokashga qarshi chorak final bahsidan oldin Fransiya hujumdagi dahshatli to‘rtligi hamda beshta o‘yinda bor-yo‘g‘i ikkita gol o‘tkazib yuborgan himoyasi bilan maydondagi eng kuchli jamoa ekani aytilgandi.

Endi bu ko‘rsatkichni oltita o‘yinda ikkita gol deb yangilash mumkin.

Kilian Mbappe Marokash darvozasiga kiritgan chiroyli goli orqali «Oltin butsa»ni qo‘lga kiritish va Jahon chempionatlari tarixidagi eng yaxshi to‘purar bo‘lish imkoniyatini yanada mustahkamladi.

Olise, Dembele, Dezire Due va Bredli Barkola esa maydonning istalgan nuqtasida dunyodagi boshqa hech bir jamoa uddalay olmaydigan darajada xavf tug‘dirishda davom etmoqda.

Ispaniya va xususan, uning mudofaasi butunlay boshqacha qiyinchilik tug‘diradi. Shu paytgacha ortiqcha zo‘riqishsiz harakat qilgan Fransiya himoya chizig‘i bu safar jiddiy sinovga duch kelishi aniq. Sababi Oyarsabal atrofida Dani Olmo, Aleks Baena, Ferran Torres va Fabian Ruis kabi futbolchilar xavfli vaziyatlar yaratadi, zaxiradan maydonga tushib o‘yin taqdirini hal qiluvchi Merino haqida esa gapirmasa ham bo‘ladi.

«Al Jazeera» nashrining baholashicha, kimki Fransiyani mag‘lub etsa, shubhasiz, Jahon kubogini boshi uzra baland ko‘taradi, biroq turnirda qolgan jamoalarning hech biri «Les Bleus» hujumchilarining shiddatiga tenglasha olmaydi. Ispaniya ular uchun eng qiyin raqib bo‘lishi kutilayotgan bo‘lsa-da, Dide Desham shogirdlari bu to‘siqdan o‘tishiga ishonish mumkin. Ayniqsa, so‘nggi ikki yil ichida Yevropa chempionati-2024 va Millatlar Ligasi yarim finalida «Qizil furiya»dan uchralgan mag‘lubiyatlar ularga qo‘shimcha kuch va ishtiyoq bag‘ishlashi aniq.

Россия - Украина уруши

Futbol bo‘yicha Jahon chempionati 2026

JCH-2026 o‘yinlariga oid barcha xabarlar bitta havolada.

Теглар

Мавзуга оид