Logo

Fermerlarga dizel yoqilg‘isi uchun davlat subsidiyasi beriladi

Paxta va bug‘doy yetishtiruvchi fermerlar dizel yoqilg‘isi uchun davlatdan 2 million so‘mgacha subsidiya oladi. Mablag‘lar arizasiz, avtomatik tarzda ajratiladi.

Fermerlarga dizel yoqilg‘isi uchun davlat subsidiyasi beriladi © altkres.ru

Adliya vazirligi Qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan birja savdolari orqali xarid qilingan dizel yoqilg‘isi qiymatining bir qismini qoplash uchun subsidiya ajratish tartibi to‘g‘risidagi vaqtinchalik nizomni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.

Vaqtinchalik nizomga ko‘ra, paxta va bug‘doy yetishtiruvchi fermerlarga 2026 yil 1-apreldan 1-iyulgacha birja orqali xarid qilingan dizel yoqilg‘isi uchun davlat tomonidan moliyaviy ko‘mak beriladi.

Agar dizel yoqilg‘isining bir tonnasi narxi 13 million so‘mdan yuqori bo‘lsa, ushbu me’yordan oshgan summaning 2 million so‘mgacha qismi davlat subsidiyasi hisobidan qoplab beriladi.

Ariza talab qilinmaydi

Nizomga muvofiq, subsidiyani olish uchun fermerlardan alohida ariza talab etilmaydi. Mablag‘lar proaktiv, ya’ni avtomatik tartibda ajratiladi.

Buning uchun dizel yoqilg‘isi faqat birja savdolari orqali sotib olingan bo‘lishi, fermerning yer maydonlari va ekin turlari «Agroportal» axborot tizimiga kiritilgan bo‘lishi shart.

Shuningdek, xarid qilingan yoqilg‘i agrotexnologik xaritada belgilangan aprel–iyun oylaridagi agrotexnik ishlar uchun ishlatilgan bo‘lishi lozim.

Mablag‘ uch ish kunida o‘tkaziladi

Subsidiya miqdori «Agroportal»dagi ma’lumotlar asosida avtomatik hisoblanadi.

Hisoblangan mablag‘lar vakolatli agentlik tomonidan fermerning tijorat bankidagi maxsus hisobvarag‘iga uch ish kuni ichida o‘tkaziladi.

Agar texnik nosozlik yoki ma’lumotlar almashinuvidagi uzilish sababli fermer haqidagi ma’lumotlar agentlikka yetib bormasa, u yozma ravishda yoki «Agroportal» orqali elektron shaklda murojaat qilishi mumkin.

Теглар

Мавзуга оид