Firibgarlar yetkazilgan zararni qoplamay turib jazodan ozod etilmaydi
O‘zbekistonda firibgarlik va korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun jazoni kuchaytirish taklif etilmoqda.
© Oliy Majlis Qonunchilik palatasiO‘zbekistonda firibgarlik uchun sudlangan shaxslar yetkazilgan zararni to‘liq qoplamaguniga qadar muddatidan oldin shartli ravishda ozod qilinmasligi mumkin. Bu haqdagi qonun loyihasi Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan qabul qilinib, Senatga yuborildi.
14-aprel kuni bo‘lib o‘tgan parlament majlisida mazkur tashabbus keng muhokama qilindi. Loyihaga ko‘ra, Jinoyat kodeksiga tegishli o‘zgartishlar kiritilib, firibgarlik hamda o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish holatlarida yetkazilgan zarar qoplanmasa, shartli ozodlikka chiqish imkoniyati bekor qilinadi.
Cheklovlar kimlar uchun
Shu bilan birga, ushbu cheklovlar pora olish, pora berish yoki ushbu jarayonda vositachilik qilish kabi korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun ham tatbiq etiladi. Ayniqsa, takroran yoki xavfli retsidivistlar tomonidan sodir etilgan holatlarda jazo choralari yanada qat’iylashtiriladi.
Qonun loyihasi mansab vakolatini suiiste’mol qilgan holda sodir etilgan firibgarlik va talon-toroj jinoyatlari uchun javobgarlikni ham kuchaytirishni nazarda tutadi. Bu orqali davlat mulki va jamoat manfaatlarini himoya qilish maqsad qilingan.
Korrupsiyaga oid jinoyatlar
Shuningdek, Jinoyat kodeksiga «korrupsiyaga oid jinoyatlar» tushunchasi kiritilib, 19 turdagi jinoyatlar shu toifaga mansub etilishi belgilanmoqda. Bundan tashqari, korrupsiya haqida xabar bergan shaxslarni himoya qilish kafolatlari kengaytirilib, ularga nisbatan jazo choralari qo‘llash tartibi qat’iy tarzda tartibga solinadi.
Yoshlarda korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatni shakllantirish ham davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilanishi rejalashtirilmoqda.





