Fuqarolar endi Prezident Xalq qabulxonasidagi murojaatini o‘zi nazorat qiladi
Prezident Xalq qabulxonasi Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlikda murojaatlar bo‘yicha qayta aloqa — SMS-xabarnoma xizmatini ishga tushirdi.
© Foto: Prezident xalq qabulxonasiO‘zbekiston prezidentining Xalq qabulxonasiga pm.gov.uz portali orqali yuborilgan murojaatlarni endi fuqarolarning o‘zi nazorat qilishi mumkin.
Buning uchun portalda Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlikda SMS-xabarnoma xizmati ishga tushirildi. U orqali murojaatning har bir bosqichi haqida shaxsiy kabinet va SMS orqali ma’lumot berib boriladi.
SMS-xabarnomalarni olish uchun fuqaro shaxsiy kabinetdagi sozlamalar orqali zarur bildirishnomalarni SMS shaklida yuborish imkoniyatini belgilashi kerak.
Murojaat yopilgani haqidagi SMS-xabarnomada maxsus havola beriladi. Fuqaro ushbu havola orqali kirib, tegishli tashkilotning javobi bilan tanishishi mumkin.
Javobdan qoniqqan fuqaro «Roziman» tugmasini bosib, munosabatini bildiradi. Agar javobdan qoniqmasa, «E’tirozim bor» tugmasini bosishi mumkin.
Bunday holatda murojaat qayta ijroga qaytariladi va qayta ko‘rib chiqiladi. Shu tariqa fuqaro murojaatining natijasini baholash va uning ijrosiga ta’sir ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
«E’tirozim bor» tugmasi bosilganda, fuqaro e’tiroz sabablaridan bir yoki bir nechtasini tanlashi yoki o‘z fikrini yozib qoldirishi mumkin.





