Gaz limiti barcha hududlarda 15-martgacha uzaytirildi

03.03.2026 | 12:522 дақиқа

Sovuq ob-havo kutilmalari sabab aholi uchun qo‘llanilgan 500 metr kublik imtiyoz 15-martgacha saqlab qolindi.

Gaz limiti barcha hududlarda 15-martgacha uzaytirildi

Mamlakat bo‘yicha tabiiy gaz iste’moli uchun isitish mavsumida belgilangan 500 metr kublik bazaviy me’yor 2026-yil 15-martga qadar uzaytirildi. Qaror sovuq havo massalarining respublika hududlariga kirib kelishi ehtimoli inobatga olingan.

Endi esa barcha hududlarda bir xil tartibda 15-martgacha saqlanib qoladi. Bu qaror aholiga qo‘shimcha moliyaviy yuk tushishining oldini olishga qaratilgan.

15-martdan keyin esa vaziyat yana tahlil qilinadi. Ob-havo sharoitiga qarab, zarurat tug‘ilsa, qo‘shimcha choralar ko‘rilishi mumkin. Bu esa qarorning vaziyatga qarab qayta ko‘rib chiqilishini anglatadi.

Avvalroq Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida tabiiy gaz uchun isitish mavsumida belgilangan 500 metr kublik bazaviy me’yor 2026-yil 15-martga qadar uzaytirilishi haqida qaror qabul qilingan edi.

Tabiiy gaz tariflari

2025-yil 1-maydan boshlab aholi iste’molchilari uchun tabiiy gaz tariflari hajm va mavsumga qarab quyidagicha belgilangan:

Isitish mavsumida (noyabr–fevral) ijtimoiy me’yor 500 kub metrgacha etib belgilangan.

To‘lov miqdori:

0–500 m³ gacha — 1 000 so‘m

501–2 500 m³ — 1 800 so‘m

2 501–5 000 m³ — 2 100 so‘m

5 001–10 000 m³ — 2 500 so‘m

10 001 m³ va undan yuqori — 3 000 so‘m

Boshqa mavsumda (mart–oktabr) ijtimoiy me’yor 100 kub metrgacha etib belgilangan.

To‘lov miqdori:

0–100 m³ gacha — 1 000 so‘m

101–2 500 m³ — 1 800 so‘m

2 501–5 000 m³ — 2 100 so‘m

5 001–10 000 m³ — 2 500 so‘m

10 001 m³ va undan yuqori — 3 000 so‘m

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 1-martdan gaz narxi oshirilgani haqidagi xabarlar tarqalgandi. Energetika vazirligi buni rad etib, to‘lovlar eski tarifda amalga oshirilishini, biroq 1-martdan boshlab qish mavsumida belgilangan ijtimoiy me’yor o‘zgarganini ma’lum qilgan edi.

Теглар

Мавзуга оид