Logo

Gibrid ko‘paymoqda: avgustda avtomobil importi qanday bo‘ldi?

Бугун 18:433 дақиқа

O‘zbekistonliklar so‘nggi paytlarda xorijdan ko‘proq gibrid avtomobillar olib kelmoqda. Ularning importi o‘tgan oyda yillik hisobda qariyb 18 baravar oshdi. Yil boshidan beri xorijdan keltirilgan yengil avtomobillar soni 79 mingdan, ularning qiymati esa 1,1 mlrd dollardan ko‘paydi.

Gibrid ko‘paymoqda: avgustda avtomobil importi qanday bo‘ldi?

Vaqt.uz Bojxona qo‘mitasining yanvar—avgust va yanvar—iyul uchun e’lon qilingan ma’lumotlari o‘rtasidagi farqni hisoblab, avgust oyining o‘zidagi avtomobil importi hajmini aniqladi.

Hisob-kitobga ko‘ra, avgustda O‘zbekistonga 13 214 ta yengil avtomobil olib kirilgan. Bu 2025 yilning shu oyidagi 9 885 ta avtomobilga nisbatan 33,7 foiz ko‘p.

Import qiymati esa 109 mln dollardan 182,6 mln dollarga yetib, 67,6 foizga oshgan. Ya’ni avgustda avtomobillar importi qiymat jihatidan ularning soniga qaraganda ikki baravar tezroq o‘sgan.

1

Asosiy o‘sish gibridlar hisobiga yuz berdi

Avgust oyida O‘zbekistonga 3 054 ta benzin va elektrda harakatlanuvchi gibrid avtomobil import qilindi. Bir yil avval bu ko‘rsatkich atigi 173 tani tashkil etgandi.

Shu tariqa, gibrid avtomobillar importi bir oyda qariyb 18 baravar oshgan. Ularning umumiy qiymati ham 7,1 mln dollardan 56,8 mln dollarga — qariyb sakkiz baravar ko‘paygan.

Benzinli avtomobillar importi esa 1 646 tadan 2 083 taga yoki 26,5 foizga oshdi. Ularning qiymati 36,2 mln dollardan 38,6 mln dollarga ko‘tarilgan.

Natijada avgustda gibrid avtomobillar benzinli mashinalardan 971 taga ko‘p import qilindi. Ularning import qiymati o‘rtasidagi farq ham gibridlar foydasiga 18,2 mln dollarni tashkil etdi.

4

Biroq sakkiz oylik umumiy natijada benzinli avtomobillar hali ham oldinda: yil boshidan beri 13 070 ta benzinli va 11 130 ta gibrid avtomobil olib kirilgan. Qiymat bo‘yicha esa farq ancha qisqargan — mos ravishda 246,9 mln va qariyb 240 mln dollar.

Elektromobillar importi avgustda deyarli o‘smadi

Elektromobillar hamon importning eng katta qismini tashkil qilmoqda. Avgustda O‘zbekistonga 8 076 ta elektromobil olib kirildi. Bu barcha import qilingan yengil avtomobillarning 61,1 foiziga teng.

Biroq o‘tgan yilning avgustida ham 8 062 ta elektromobil import qilingandi. Demak, ularning soni bir yilda atigi 14 taga yoki 0,2 foizga oshgan.

Shu bilan birga, elektromobillar importi qiymati 65,4 mln dollardan 87,2 mln dollarga yoki 33,2 foizga ko‘paydi. Bu avgustda olib kirilgan elektromobillarning o‘rtacha import qiymati bir yil avvalgidan yuqoriroq bo‘lganini ko‘rsatadi.

Sakkiz oylik hisobda esa elektromobillar importidagi o‘sish yuqoriligicha qolmoqda. Ularning soni 28 920 tadan 54 826 taga yoki 89,6 foizga oshgan. Biroq avgust natijasi yil boshidagi yuqori o‘sish sur’ati so‘nggi oyda davom etmaganini ko‘rsatmoqda.

Sakkiz oyda 79 mingta avtomobil import qilindi

2026 yilning yanvar—avgust oylarida O‘zbekistonga jami 79 046 ta yengil avtomobil import qilindi. Bir yil avval bu ko‘rsatkich 42 197 tani tashkil etgandi. Import hajmi bir yilda 36 849 taga yoki 87,3 foizga oshgan.

2

Yengil avtomobillar importining umumiy qiymati esa 639,2 mln dollardan 1,1 mlrd dollarga yetdi. O‘sish 463,7 mln dollar yoki 72,5 foizni tashkil etdi.

3

Import qilingan avtomobillarning:

  • 54 826 tasi elektromobil;

  • 13 070 tasi benzinli;

  • 11 130 tasi gibrid;

  • 20 tasi dizelli avtomobillar hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Elektromobil va gibridlar birgalikda jami importning 83,4 foizini tashkil etdi. Bir yil avval ularning ulushi 73,3 foiz edi.

Miqdor qiymatdan tezroq o‘sgani sabab bitta yengil avtomobilning o‘rtacha import qiymati 15,1 ming dollardan 14 ming dollargacha pasaygan. Bu chakana savdo narxi emas, bojxona ma’lumotlaridagi umumiy qiymat asosida hisoblangan o‘rtacha ko‘rsatkichdir.

Теглар

Мавзуга оид