Ham quvvat, ham mullajiring: Quyosh panelini o‘rnatishdan nima foyda?

Бугун 16:559 дақиқа

Jazirama mavsumi arafasida turibmiz. Bu davrda O‘zbekiston energetika tizimiga yuklama ortib boradi. Toksiz o‘tgan har bir soat samaradorlikning oltmish daqiqaga boy berilishi demak. Ayniqsa, biznesda bu hal qiluvchi ahamiyatga ega. Xo‘sh, yechim nima?

Ham quvvat, ham mullajiring: Quyosh panelini o‘rnatishdan nima foyda?

O‘zbekiston sharoitida bunga eng maqbul yechim — yashil, xususan, quyosh energiyasi. Quyosh energiyasidan foydalanganlar bir o‘q bilan naq uch quyonni uradi: ham barqaror energiyaga erishadi, ham hosil qilingan ortiqcha energiyani sotib daromad ko‘ra oladi, ham ekologik toza usulni tanlagani uchun tabiat muhofazasiga hissa qo‘shgan bo‘ladi (iqlim o‘zgarishining oqibatlarini har kim o‘zida his qilayotgan hozirgi zamonda bu juda muhim).

VAQT.UZ quyosh panellarini o‘rnatish tartibi va buning afzalliklari haqida batafsil yo‘riqnoma tayyorladi.

Ishni nimadan boshlash kerak?

Quyosh paneli — quyosh nuri energiyasini bevosita elektr energiyasiga aylantirib beruvchi qurilma. Lekin panelning o‘zi elektr jihozlarini ishlatish uchun yetarli emas. Tizim odatda quyidagi qismlardan iborat bo‘ladi:

Panellar — o‘zgarmas tok ishlab chiqaradi.

Inverter — qurilma paneldan kelgan tokni uydagi rozetkalarda ishlatiladigan o‘zgaruvchan tokka aylantirib beradi.

Akkumulatorlar (ixtiyoriy) — quyosh bo‘lmagan vaqtda (tunda) ishlatish uchun energiyani saqlab qo‘yadi.

Shuningdek, kabel, saqlagich va o‘tkazgichlar, profillar ham kerak; yuqoridagilarning barchasi birgalikda quyosh fotoelektrostansiyasi (FES)ni tashkil qiladi.

Quyosh FESni o‘rnatish uchun avvalo energiya ehtiyojini hisoblab chiqish zarur. Buni ikki usulda hisoblash mumkin:

  • quvvatga ko‘ra: xonadonda doimiy ishlab turadigan elektron qurilmalarning quvvati yig‘indisiga qarab (masalan, sovutkich 1,2 kWh + konditsioner 1 kWh…)

  • energiya iste’moliga ko‘ra: oxirgi bir yillik elektr hisob-kitoblarini ko‘rib chiqish orqali. Hududiy elektr tarmoqlarining «HET billing mobile» yoki DOMO mobil ilovasida ro‘yxatdan o‘tib, oylik iste’mol ko‘rsatkichlari haqida batafsil ma’lumot olish mumkin.

  • Shuningdek, stansiya o‘rnatiladigan maydonni tekshirish — tom qismining holati, quyosh tushish burchagi va soya beruvchi daraxt yoki binolar yo‘qligiga ishonch hosil qilish lozim.

So‘ng kerakli tizim turi tanlanadi:

On-grid (tarmoqqa ulangan) — akkumulatorsiz ishlaydi, ortiqcha tokni davlatga sotish imkonini beradi.

Off-grid (avtonom) — akkumulatorli tizim, elektr tarmog‘i bo‘lmagan joylar uchun mos.

Hibrid — ham tarmoqqa ulanadi, ham akkumulatorga ega (eng ishonchli variant).

Muhim ma’lumot: hozir, ya’ni bahor oylari panellarni o‘rnatish uchun eng maqbul payt hisoblanadi. Chunki havo harorati mo‘’tadil. Panellar qizib ketmaydi, bu esa montaj ishlarini osonlashtiradi. Qish va yoz oylarida ob-havo sharoitidagi o‘zgarishlar jarayonni murakkablashtirishi mumkin.

O‘rnatish qanchaga tushadi?

Fotoelektrik tizimlar bo‘yicha ekspert, fizika-matematika fanlari bo‘yicha falsafa doktori Zoir Kenjayev quyosh panellarini o‘rnatish qiymati va ularning iqtisodiy samaradorligini quyidagicha izohlaydi:

«O‘zbekiston sharoitida 1 kW quvvatga ega quyosh foteyelektrik tizimi yiliga o‘rtacha 1350-1650 kWh elektr energiya ishlab chiqaradi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, hozirda FESni o‘rnatish xarajatlari:

  • 1 kW quvvatdagi on-grid tizim — o‘rtacha 4-4,5 mln so‘m;

  • xuddi shuncha quvvatdagi =ibrid tizim (akkumulatorga bog‘liq holda) — 6-7 mln so‘m;

  • off-grid tizimlar ham akkumulator sig‘imiga qarab, 6-7 mln so‘mni tashkil etadi.

Bu narx tizimning barcha asosiy tarkibiy qismlari — panellar, invertor, kabellar hamda o‘rnatish xizmatlari xarajatlarini o‘z ichiga oladi.

Masalan, o‘rtacha xonadon uchun tavsiya etiladigan 5 kW on-grid tizim taxminan 20-25 mln, 5 kW hibrid tizim (5 kWh akkumulator bilan) esa 30-35 mln so‘mga tushadi.

On-grid tizimlar iste’molni qoplash va ortiqcha energiyani davlatga (1 kWh uchun 1000 so‘m) sotish hisobiga o‘rtacha 3 yil ichida o‘zini oqlaydi. Elektr energiyasi tariflarining oshib borishi bu muddatni yanada qisqartirishi mumkin.

Hibrid tizimlarda esa akkumulatorlar qo‘shimcha xarajat talab qilgani sababli, o‘zini oqlash muddati odatda 4,5-5 yilni tashkil etadi. Biroq ular elektr ta’minotidagi uzilishlardan mustaqil ishlash imkonini beradi».

Qachon o‘rnatish maqsadga muvofiq?

Mutaxassisning ta’kidlashicha, FES samaradorligini baholashda yoz oylaridagi kundalik energiya iste’moli hajmini inobatga olish kerak. Agar kundalik iste’mol 10-15 kWhʼdan yuqori bo‘lsa, tizim iqtisodiy jihatdan o‘zini oqlaydi.

O‘rtacha xonadon uchun 10 kW quvvatli tizim optimal yechim hisoblanadi. Amaliy jihatdan, ayniqsa O‘zbekiston sharoitida, gibrid tizimlarga ustuvorlik berish tavsiya etiladi.

Sifat masalasi

Fotoelektrik tizimlar bo‘yicha ekspert Zoir Kenjayev VAQT.UZ o‘quvchilari uchun sifatli quyosh fotoelektrik stansiyasini o‘rnatishda quyidagi tavsiyalarni beradi:

  • Bozorda uzoq yillardan buyon faoliyat yuritayotgan, ishonchli tajribaga ega kompaniyalarni tanlash, ularning amalga oshirgan loyihalari va mijozlar fikrlarini tahlil qilish;

  • FES tarkibiy qismlari — panellar, invertorlar va kabellarning xalqaro sifat sertifikatlariga (IES va boshqalar) egaligiga ishonch hosil qilish hamda mahsulotlarni faqat rasmiy distribyutorlardan xarid qilish;

  • Fotoelektrik tizimni o‘rnatishdan avval hududiy elektr tarmoqlaridan texnik shartlarni olish va butun jarayon ushbu talablar asosida malakali mutaxassislar tomonidan bajarilishini ta’minlash;

  • Tizim ishga tushirilgandan so‘ng, mustaqil va malakali elektrotexnika mutaxassisi tomonidan panel va invertorlarning ishlash parametrlarini tekshirish;

  • O‘rnatish ishlarini amalga oshiruvchi korxona bilan rasmiy shartnoma tuzish. Shartnomada montaj va elektromontaj ishlariga kamida 3 yil kafolat muddati belgilanishi zarur;

  • Fotoelektrik stansiyani muntazam ravishda texnik xizmatdan o‘tkazib borish.

Texnik qoidalar

«SKB Energy Company» rahbari Sarvar Qurbonov quyosh panellarida haqiqatdan ham energiya samaradorligiga erishish, turli nosozliklarga yo‘l qo‘ymaslik uchun quyidagi texnik talablarga e’tibor qaratishni tavsiya qiladi:

Inverter joylashuvi: U to‘g‘ridan to‘g‘ri quyosh nuri tushmaydigan, suv tegmaydigan, salqin va shamollatib turiladigan joyga o‘rnatiladi. Ishchi harorat 45-50 darajadan oshmasligi kerak.

Kabellar: Tashqi muhitga chidamli (UV-resistent), ikki qatlamli izolyatsiyaga ega maxsus kabellar ishlatilishi zarur. Boshqa turdagi kabellar faqat tashqi muhitga chidamliligi va kuchlanishga bardoshliligi hisobga olingan holda qo‘llanilishi mumkin.

O‘zbekiston sharoitida quyosh nurlanishi kuchli bo‘lgani sababli kabellarni gofra yoki truba ichida olib yurish tavsiya etiladi. Aks holda kabellar tez qurib, izolyatsiya buzilishi va qisqa tutashuv yuzaga kelishi mumkin.

Yerlatish (Zazemleniye): Barcha elektr uskunalari, jumladan, invertor yerga ulanishi kerak. Tizimni chaqmoq va yuqori kuchlanishdan himoya qilish uchun o‘rnatilgan uskuna ham yerlatish konturiga ulanishi shart.

Panel va tom orasida kamida 10-15 sm masofa qoldirilishi zarur. Bu havo aylanishini ta’minlaydi va panellar qizib ketganda foydali ish koeffitsiyenti pasayishining oldini oladi. Bundan tashqari, yog‘ingarchilik va qorda nam kamroq to‘planadi, bu esa panellarning uzoq xizmat qilishini ta’minlaydi. Ikki tomonlama panellar esa yerdan kamida 1–1,5 metr balandlikda o‘rnatilishi zarur.

Yuvish imkoniyati: Panellarni tozalash uchun ularning atrofida yurish yoki suv sepish imkoniyati bo‘lishi kerak. Tozalashda panel yuzasiga zarar yetkazmaydigan maxsus vositalar va yumshoq chyotkalardan foydalanish lozim.

Hisoblagich: Tizim o‘rnatilgandan so‘ng elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan hisoblagich ikki tomonlama hisoblash rejimiga qayta sozlanishi kerak.

Panellar o‘rnatiladigan temir karkas alyuminiy yoki ruxlangan po‘latdan bo‘lishi lozim. Agar qora metall ishlatilsa, zanglamasligi uchun tegishli himoya choralari ko‘rilishi shart.

Shamol yuklamasi: O‘zbekistondagi shamol sharoitini hisobga olgan holda konstruksiya tomga mustahkam ankerlar bilan qotirilishi kerak. Tomning yuk ko‘tarish qobiliyati ham hisoblanishi zarur. O‘rtacha qo‘shimcha yuklama 15 kg/m² ni tashkil qiladi.

Yo‘nalish: O‘zbekiston sharoitida panellar imkoni boricha janubga qaratilgan bo‘lishi kerak. Og‘ish burchagi qishda maksimal energiya olish uchun 27-35 daraja oralig‘ida tavsiya etiladi.

Soya: Kun davomida (ayniqsa 10:00 dan 16:00 gacha) panellarga daraxtlar, qo‘shni binolar yoki antennalardan soya tushmasligi kerak.

Liniyalar himoyasi: o‘zgarmas tok tomonida panellardan tushgan liniyalar saqlagich va avtomatik o‘chirgichlar bilan himoyalangan bo‘lishi kerak. O‘zgaruvchan tok tomonida esa avtomatik o‘chirgich, UZIP va kuchlanish relesi o‘rnatilishi maqsadga muvofiq.

Ehtiyojdan ortgani — daromad

Quyosh FESda hosil qilingan energiyaning ehtiyojdan ortiqchasini davlatga sotish mumkin. Bu «Qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qarori bilan belgilangan. Bu quyidagicha ishlaydi:

1-qadam. Tizimni ro‘yxatdan o‘tkazish: Quyosh panellari o‘rnatilgandan so‘ng «Soliq» mobil ilovasining «Quyoshli xonadon» bo‘limi orqali tizimni ro‘yxatdan o‘tkazish kerak. Bunda tizimning quvvati, o‘rnatilgan manzili va texnik ko‘rsatkichlari kiritiladi. Ro‘yxatdan o‘tish soliq imtiyozlarini qo‘llash va keshbek olish huquqini beradi.

2-qadam. «Smart» hisoblagich (EHNAT/ASKUE) o‘rnatish: Sotish uchun oddiy hisoblagich yetarli emas, ikki tomonlama ishlaydigan hisoblagich kerak. Uni o‘rnatish uchun Hududiy elektr tarmoqlari korxonasiga murojaat qilinadi. Ko‘p hollarda panellarni o‘rnatgan servis kompaniyalari bu jarayonni muvofiqlashtiradi.

3-qadam. HET bilan shartnoma tuzish: Hududiy elektr tarmoqlari korxonasi bilan «Elektr energiyasini xarid qilish to‘g‘risida» rasmiy shartnoma imzolanadi. Shartnomada bank rekvizitlari va tomonlarning majburiyatlari ko’rsatiladi.

4-qadam. O‘zaro hisob-kitob: Har oy yakunida hisoblagich ko‘rsatkichlari avtomatik ravishda EHNAT tizimiga yuboriladi. Agar iste’mol ko‘p bo‘lsa, faqat farq uchun to‘lov qilinadi. Agar ishlab chiqarish ko‘p bo‘lsa, ortgan har bir kWh uchun davlat haq to‘laydi.

5-qadam. To‘lovlarni qabul qilish: Hozirgi tartibga ko‘ra, tarmoqqa uzatilgan har bir kWh ortiqcha elektr energiyasi uchun 1000 so‘m miqdorida to‘lov qilinadi. Mablag‘ bank kartasiga yoki «Soliq» ilovasidagi hisobga o‘tkaziladi.

Yuridik shaxslar ishlab chiqarilgan ortiqcha energiyasini to‘g‘ridan-to‘g‘ri boshqa iste’molchilarga sotish huquqiga ham ega.

Subsidiya olish

Aholini yashil energiyadan foydalanishga rag‘batlantirish maqsadida quyosh panellarini o‘rnatish xarajatlariga davlat tomonidan subsidiya ajratiladi. Bu Energiya samaradorligi milliy agentligining esma.uzex.uz platformasi orqali amalga oshiriladi. Buning uchun shaxsni taddiqlovchi hujjat, OneID tizimidan ro‘yxatdan o‘tish hamda binoning kadastr hujjatlari talab etiladi. Subsidiya olish uchun kerakli barcha amallar bevosita platformada bajariladi. Bunda:

  • Energiya auditor xizmati uchun to‘langan 70 foiz puli qaytariladi.

  • Qurilma narxining 20 foizi ta’minotchiga o‘tkazib beriladi.

  • Energoaudit xizmatining qolgan 30 foizi energoauditorga o‘tkaziladi.

Soliq imtiyozlari

Shuningdek, O‘zbekistonda yashil energiya uchun qator soliq imtiyozlari ham joriy etilgan. Xususan, umumiy quvvati 100 kWʼgacha bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o‘rnatgan va ulardan foydalanuvchi shaxslar quyidagi soliqlarni to‘lashdan uch yil muddatga ozod etiladi (ular foydalanishga topshirilgan kundan e’tiboran):

  • ushbu qurilmalar bo‘yicha — yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqdan,

  • alohida turuvchi qurilmalar bilan band bo‘lgan yer uchastkalari bo‘yicha — yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘idan,

  • elektr energiyasini umumiy tarmoqqa sotishdan olingan foyda bo‘yicha — foyda solig‘idan;

  • uy-joy fondining ko‘chmas mulk obektlari bo‘yicha jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘i va jismoniy shaxslardan olinadigan yer solig‘idan.

Agar qurilmalar o‘rnatilayotgan quyosh panellari quvvatining 25 foizidan kam bo‘lmagan quvvatni tashkil etadigan elektr energiyasini saqlash tizimi bilan o‘rnatilgan bo‘lsa, yuqoridagi soliq imtiyozlari o‘n yil muddatga qo‘llaniladi (ular foydalanishga topshirilgan kundan boshlab).

Shuningdek, quyosh energiyasi tizimini yo‘lga qo‘yishda chetdan olib kelinadigan qurilmalar uchun ham qator yengilliklar joriy etilgan. Xususan, qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari, ularning butlovchi buyumlari va ehtiyot qismlari uchun bojxona boji to‘lanmaydi. Bunda bojxona to‘lovlarini (QQS bilan birga) 120 kun muddatga kechiktirib to‘lash imkoniyati ham mavjud.

Imtiyozli kredit

Mazkur jabhada rag‘batlantiruvchi yana bir moliyaviy instrument bu — imtiyozli kreditlar. Qayta tiklanuvchi energiya uskunalarini xarid qilish va o‘rnatish uchun tijorat banklari tomonidan bozordan pastroq (odatda 20 foiz) stavka asosida 200 mln so‘mgacha kredit ajratiladi. Kreditlar muddati 3 yildan 10 yilgacha bo‘lib, ko‘p hollarda kreditning asosiy qismini to‘lash uchun 6 oygacha imtiyozli davr ham belgilanadi.

«Yashil» kredit dasturlarini taklif etadigan banklar haqida ushbu havola orqali batafsil ma’lumot topish mumkin.

Saodat Abdurahmonova tayyorladi.

Теглар

Мавзуга оид