«Har o‘yindan zavqlanib, tajriba olishimiz kerak» — Kannavaro va Shomurodov Kolumbiya bilan bahs oldidan
O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi va sardori JCH 1-turi oldidan rasmiy matbuot anjumanida qatnashdi.

O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro JCH-2026 1-turidan o‘rin olgan Kolumbiyaga qarshi o‘yin oldidan rasmiy matbuot anjumanida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
«Xayrli kech barchaga. Bu biz uchun ilk Jahon chempionati hisoblanadi. Ertaga barcha muxlislarimiz bizni tomosha qiladi. Barcha futbolchilarimiz errtangi o‘yinga tayyor.
Husanov? Albatta, u — muhim himoyachilarimizdan biri, hali yanada yuqori darajaga chiqish imkoniyati bor. U ayni paytda ham yuqori darajada o‘yinlar ko‘rsatib kelmoqda.
O‘ylaymanki, bu yerda eng yaxshi fazilatlarimizni, o‘zbeklarning mentalitetini namoyish qilishga kelganmiz. Jamoa bilan ishlaganimda o‘z tajribamni ulashishga harakat qildim. Chunki men ham qachonlardir ilk bor mundialda debyut qilganman. O‘z tajribalarimni yetkazib boryapman.
Kolumbiya va Portugaliya kabi jamoalar yuqori darajadagi o‘yin namoyish etishadi. Ularning tarkibida kuchli futbolchilar bor. Ularga qarshi bahsda extiyotkorlik bilan o‘ynaymiz. Kolumbiyada nafaqat Xames, balki ko‘plab yaxshi darajdagi futbolchilari bor.
Raqibni tahlil qildik, ular oxirigacha o‘ynashadi. Biz ham o‘z imkoniyatimizni namoyish etib, maydonga tushamiz.
«Asteka» stadioniga avval ham kelganman, bu yerda Maradona eng yorqin gollarini urgan. Biz ham ushbu tarixiy stadionda ilk o‘yinimizni o‘tkazayotganimizdan xursandmiz.
Mashg‘ulotlarning og‘irligi? Nimagadir erishmoqchi bo‘lsangiz, qiyinchilikdan o‘tishingiz kerak, barchaga buni isbotlashingiz kerak. Mashg‘ulotlarda qiyinchiliklar bo‘lishi bu — tabiiy holat.
O‘FA akademiyalarga, infratuzilmalarga juda ham ko‘p e’tibor qaratmoqda. Mamlakatda futbol rivojlanib boryapti. Bu — O‘zbekiston uchun ilk Jahon chempionati va unda bosh murabbiy sifatida ishtirok etayotganimdan xursandman.
Futbolchi sifatida Jahon chempionatida ishtirok etganman, biroq murabbiy sifatida ishtirok etish baribir boshqacha. Futbolchi sifatida va murabbiy sifatida tayyorgarlik — boshqa-boshqa narsa. Chunki siz barcha futbolchilaringiz bilan gaplashishingiz kerak.
Bizni juda ham qiziq va shiddatli o‘yinlar kutib turibdi. Raqiblarimiz ham yuqori darajadagi jamoalar. Ilk bor bu musobaqada ishtirok etyapmiz. Har o‘yindan zavqlanishimiz va tajriba olishimiz kerak», — deya Kannavaroning so‘zlarini keltiradi O‘FA matbuot xizmati.
Shuningdek, matbuot anjumanida jamoa sardori Eldor Shomurodov ham fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
«Barchaning kayfiyati a’lo darajada, ilk bor Jahon chempionatida qatnashyapmiz. Hayajon bor, lekin hech qanday bosim yo‘q. Barcha futbolchilarimiz ushbu o‘yinni intiqlik bilan kutyapti.
Albatta, uzoq kutilgan Jahon chempionatida milliy jamoa sardori sifatida qatnashish — men uchun katta g‘urur. Ertaga ijobiy natija qayd etishimizga umid qilaman. Xalqimizdan esa bizni qo‘llab-quvvatlashini so‘rab qolaman. Bizda bosim yo‘q, ertaga jamoamiz bilan birgalikda to‘liq tayyor bo‘lamiz», — deydi hujumchi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston — Kolumbiya bahsi Toshkent vaqti bilan 18-iyun kuni soat 07:00da start oladi va ZoʼrTV telekanali orqali efirga uzatiladi.





