Logo

Hindistondagi yong‘inda uch qirg‘izistonlik halok bo‘ldi: qurbonlar orasida o‘zbekistonliklar ham bormi?

Halok bo‘lganlar jigar ko‘chirib o‘tkazish operatsiyasidan so‘ng Qirg‘izistonga qaytishga tayyorgarlik ko‘rayotgan bo‘lgan.

Hindistondagi yong‘inda uch qirg‘izistonlik halok bo‘ldi: qurbonlar orasida o‘zbekistonliklar ham bormi?

3-iyun kuni Hindiston poytaxti Dehlidagi mehmonxonalardan birida sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida 21 kishi halok bo‘ldi. Qurbonlar orasida Hindistonga shifo izlab borgan uch nafar Qirg‘iziston fuqarosi ham bo‘lgan.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining Dehlidagi elchixonasi mazkur holat yuzasidan tezkor bayonot berib, qurbonlar orasida o‘zbekistonliklar yo‘qligini ma’lum qildi.

«Olingan rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur yong‘in oqibatida halok bo‘lganlar va jabrlanganlar orasida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari yo‘q»
, — deyiladi TIV bayonotida.

Tibbiy turistlar yashagan mehmonxonadagi fojia

Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligiga ko‘ra, halok bo‘lganlar orasida 1976 yilda tug‘ilgan X.N., 2003 yilda tug‘ilgan X.T. va 1950 yilda tug‘ilgan K.M. bor

Qirg‘izistonning Hindistondagi elchisi Askar Beshimovning ma’lum qilishicha, ushbu oila jigar ko‘chirib o‘tkazish operatsiyasidan so‘ng yaqin kunlarda vatanga qaytishga tayyorlanayotgan edi bo‘lgan.

«Ulardan biri donor, biri bemor, yana biri — yoshi kattaroq qarindoshi ularga qarab yurgan. Ular «Max» nomli shifoxonada davolanib chiqqan, ushbu mehmonxonada yashab, yakshanba kuni qaytishni rejalashtirayotgan edi», — deydi elchi.

Yong‘in «Florist Inn» mehmonxonasida yuz bergan. Mazkur muassasa yirik tibbiy markaz — «Max Saket Superspeciality» shifoxonasiga yaqin joylashgani sabab xorijlik tibbiy turistlar orasida mashhur bo‘lgan. Huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ko‘ra, binodagi chet elliklarning aksariyati davolanishga kelgan bemorlar va ularning yaqinlari edi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘inga gaz balloni portlashi yoki elektr tarmog‘idagi qisqa tutashuv sabab bo‘lgan. Olov bino ichida juda tez tarqalib, ichkaridagi odamlarning tashqariga chiqishiga to‘sqinlik qilgan. Qutqaruvchilar tomonidan 40 nafardan ortiq kishi binodan olib chiqilib, shifoxonalarga yotqizilgan.

Hozirda Hindiston rasmiylari yong‘inning aniq sabablarini o‘rganmoqda. Marhumlarning jasadlarini Qirg‘izistonga yuborish bo‘yicha tegishli ishlar olib borilmoqda.

O‘zbekiston TIV fuqarolarni ogohlantirdi

O‘zbekistonning Dehlidagi diplomatik missiyasi yuz bergan fojiali voqeani inobatga olgan holda, Hindistonda bo‘lib turgan yoki ushbu mamlakatga safar qilishni rejalashtirayotgan fuqarolarni yashash joyini tanlashga jiddiy yondashishga chaqirdi.

«Mehmonxonalar va boshqa joylashish vositalarini bron qilishda faoliyat yuritish uchun hujjat bilan tasdiqlangan ruxsatnoma va yong‘in xavfsizligi sertifikatlariga ega bo‘lgan obyektlarni tanlash, istiqomat qilinadigan joyda evakuatsiya chiqish yo‘llari va boshlang‘ich yong‘inga qarshi himoya vositalari mavjudligiga ishonch hosil qilish so‘raladi», - deyiladi elchixona bayonotida.

Shuningdek, favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda fuqarolar zudlik bilan Hindiston qutqaruv xizmatining 112 raqamiga hamda O‘zbekistonning Dehlidagi diplomatik missiyasi Konsullik bo‘limiga murojaat qilishlari so‘ralgan.

Теглар

Мавзуга оид