Logo

Hokimlarga Toshkentning har bir tumanida ikkitadan yirik savdo kompleksi tashkil etish topshirildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev shaharning 12 ta tumani hokimiga har bir hududda ikkitadan yirik savdo kompleksi yoki moll tashkil etish bo‘yicha aniq takliflar tayyorlashni topshirdi. Ular 1-oktabrga qadar maydon, investor va moliyalashtirish manbalarini belgilashi kerak.

Hokimlarga Toshkentning har bir tumanida ikkitadan yirik savdo kompleksi tashkil etish topshirildi © Ijtimoiy tarmoqlar

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahridagi 400 ta mahallani Olmazor tumanidagi «Qichqiriq» mahallasi tajribasi asosida obodonlashtirish bo‘yicha to‘rt yillik dastur ishlab chiqishni topshirdi. Buning uchun 10 trillion so‘m yo‘naltirish rejalashtirilmoqda. Davlat rahbari bu haqda 11-sentabr kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qildi.

Prezidentning ta’kidlashicha, hozirgi sharoitda har bir tuman va mahalla imkoniyatlaridan to‘liqroq foydalanish, investitsiyalar, qo‘shilgan qiymat va yuqori daromadli ish o‘rinlari sonini ko‘paytirish zarur.

«Har bir tuman hokimi o‘z hududida aholi va turistlarni magnitdek o‘ziga tortadigan ikkitadan yirik savdo kompleksi yoki moll tashkil etishi kerak», — dedi Shavkat Mirziyoyev «O‘zbekiston 24» telekanali syujetida.

Davlat rahbari Toshkent shahri hokimi Shavkat Umurzoqov va poytaxtning 12 ta tuman hokimiga 1-oktabrga qadar aniq maydonlar, investorlar va moliyalashtirish manbalarini belgilash vazifasini yukladi.

«Toshkent hamma uchun — barcha sohalarda namuna bo‘lishi kerak», — dedi prezident.

«Qichqiriq» mahallasi tajribasi

Shavkat Mirziyoyev Olmazor tumanidagi o‘zgarishlarga alohida to‘xtaldi. Uning aytishicha, yil boshidan buyon tumanda qariyb 1 mingta yangi tadbirkor paydo bo‘lgan va ularning umumiy soni 12 mingga yaqinlashgan.

«Agar tuman hokimi Qudratilla To‘laganov har kuni 50−60 nafar tadbirkor bilan gaplashsa, biznes kengayadi, ishsizlar esa daromad olishi mumkin bo‘ladi», — dedi u.

Prezidentning topshiriqlaridan keyin Olmazor tumanidagi to‘qqizta ko‘cha obodonlashtirildi. Davlat rahbarining baholashicha, bu hududlarning biznes, aholi va turistlar uchun jozibadorligi oshgan.

Mirziyoyev «Qichqiriq» mahallasiga tashrifi davomidagi holatni ham esladi.

«Ilgari aholi ishdan keyin sayr qilish uchun ko‘chaga chiqmoqchi bo‘lsa, aslida birorta ham normal piyodalar yo‘lagi yo‘q edi, hamma joy qorong‘i edi. Ayniqsa, soy bo‘yidagi hudud qarovsiz qolgan edi. Sanitariya va ekologik ahvol yomonligi sababli tadbirkorlarga bu yerda biznes ochish qiziq emas edi», — dedi prezident.

Qisqa vaqt ichida mahallada 450 o‘rinli bolalar bog‘chasi, sport maydonchalari, park, amfiteatr, piyodalar yo‘laklari va favvoralar barpo etildi.

«Bugun ushbu mahalladagi 5500 nafar aholining kayfiyati va hayot sifatini qanchalik o‘zgartirganini o‘zim ko‘rdim», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Olmazorda yana sakkizta ko‘cha o‘zgartiriladi

Olmazor tumani hokimi yil oxiriga qadar yana uchta ko‘chani o‘zgartirishni rejalashtirgan. Biroq prezident bu ko‘rsatkichni yetarli emas deb baholadi.

«Bu juda kam. Savol tug‘iladi: agar bu ko‘chalar aholiga, tadbirkorlar va turistlarga ma’qul kelayotgan bo‘lsa, nega biz yana sakkizta ko‘chani o‘zgartirish uchun keyingi yillarni kutishimiz kerak?» — dedi u.

Davlat rahbari ertasi kunidan Olmazor tumanidagi Talabalar, Chinboy, Ozod, Qorasaroy, Nurafshon, Sog‘bon, Oltinsoy va Gulsaroy ko‘chalarida ish boshlashni topshirdi.

Shuningdek, poytaxtning qolgan 11 ta tumanida ham har birida kamida besh-oltitadan ko‘chada shunday ishlar boshlanishi kerak.

Prezidentning ma’lum qilishicha, tuman hokimlari tomonidan taklif etilgan 100 ta ko‘cha bo‘yicha moliyalashtirish masalasi allaqachon hal qilingan va tegishli qaror qabul qilingan.

«[Iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom] Norqulov ertadan kechiktirmay moliyalashtirishni ochishi kerak. Tuman hokimlari kutib o‘tirishlari shart emas — tadbirkorlar bilan birgalikda imkon qadar tezroq amaliy ishga o‘tish kerak», — dedi davlat rahbari.

Shu bilan birga, prezident bir hafta muddatda Toshkentdagi 400 ta mahallani «Qichqiriq» namunasi bo‘yicha obodonlashtirishga qaratilgan to‘rt yillik dasturni tasdiqlashni topshirdi.

«Bunga 10 trillion so‘m ajratamiz», — dedi prezident.

Теглар

Мавзуга оид

Hokimlarga Toshkentning har bir tumanida ikkitadan yirik savdo kompleksi tashkil etish topshirildi | Vaqt.uz