Ho‘rmuzdagi yangi tartib: Eron bo‘g‘ozdan qanday o‘tish va qancha haq to‘lanishini belgiladi

Бугун 17:402 дақиқа

Tehron kemalarni maxsus ruxsatnomalar tizimi, orollardagi nazorat-o‘tkazish punktlari va belgilangan yo‘nalishlar orqali tekshirmoqda.

Ho‘rmuzdagi yangi tartib: Eron bo‘g‘ozdan qanday o‘tish va qancha haq to‘lanishini belgiladi

Eron jahon neft ta’minotining qariyb beshdan bir qismi o‘tadigan Ho‘rmuz bo‘g‘ozida kemalar qatnovi ustidan amalda ko‘p bosqichli nazorat tizimini o‘rnatdi.

«Reuters» agentligining xabar berishicha, endi kemalar bo‘g‘ozdan o‘tish uchun Eron tuzilmalaridan ruxsat olishi, tekshiruvlardan o‘tishi, ayrim hollarda esa «xavfsiz tranzit» uchun haq to‘lashi shart.

Yangi tizim qanday ishlaydi?

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, yangi nazorat mexanizmida asosiy rolni Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi o‘ynamoqda.

Ruxsatnoma olish uchun kema egalari quyidagi ma’lumotlarni taqdim etishlari kerak:

— Yuk va ekipaj tarkibi haqida ma’lumot;

— Kemaning harakatlanish yo‘nalishi;

— Kema ro‘yxatdan o‘tgan davlat;

— AQSH yoki Isroil bilan ehtimoliy aloqadorlik.

Tekshiruv jarayoni bir haftagacha cho‘zilishi mumkin. Ba’zi kemalar esa bevosita joyining o‘zida ko‘zdan kechirilmoqda.

«Reuters»ning yozishicha, Eron orollardagi nazorat punktlari va sohil bo‘ylab oldindan tasdiqlangan yo‘nalishlardan foydalangan holda bo‘g‘ozdan o‘tishning maxsus tartibini joriy qilgan.

Siyosiy kelishuvlar va «xavfsizlik yig‘imlari»

Ayrim davlatlar Tehron bilan bevosita hukumatlararo darajada kelishuvga erishmoqda. Masalan, Iroq o‘zining «Agios Fanourios I» tankeri o‘tishini mamlakat bosh vaziri ishtirokida Eron rasmiylari bilan muvofiqlashtirgan.

Biroq, agentlik manbalarining so‘zlariga ko‘ra, siyosiy kelishuvga ega bo‘lmagan kemalarning bir qismi xavfsiz o‘tish uchun Eron hukumatiga 150 ming dollardan ortiq mablag‘ to‘lashga majbur bo‘lmoqda. Tehronda bu to‘lovlar «xavfsizlik va navigatsiya yig‘imlari» deb atalyapti. Ammo AQSH bunday to‘lovlar Eronga qarshi joriy etilgan sanksiyalar rejimini buzishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Bo‘g‘ozdagi tirbandlik va davlatlarning reaksiyasi

Nizo va cheklovlar oqibatida Ho‘rmuz bo‘g‘ozida katta tirbandlik yuzaga keldi. AQSH harbiylarining ma’lumotlariga ko‘ra, may oyining boshiga kelib Fors ko‘rfazida bortida 22 mingdan ortiq dengizchi bo‘lgan 1500 ga yaqin kema qolib ketgan.

Agar urushgacha Ho‘rmuz orqali har kuni 140 tagacha kema o‘tgan bo‘lsa, aprel oxiri va may boshida bu ko‘rsatkich 60 tadan ham kamayib ketdi.

Hozirda Hindiston, Iroq va yana bir qator davlatlar o‘z kemalarining qatnovlarini Eron tuzilmalari bilan muvofiqlashtirishni boshlab yuborishgan. Xususan, Hindiston rasmiylari o‘z kapitanlariga yo‘nalishlarga qat’iy rioya qilishni, transponderlarni (kemaning joylashuvini ko‘rsatuvchi qurilma) o‘chirib qo‘yishni va Eron harbiylarining barcha ko‘rsatmalarini so‘zsiz bajarishni tavsiya etmoqda.

Теглар

Мавзуга оид