Ilon Mask Fransiyada hibsga olinishi mumkin

Бугун 20:552 дақиқа

Parij prokurori Lor Beko X tarmog‘i rahbariga qo‘yilayotgan ayblovlar va sud chaqiruvi haqida ma’lum qildi.

Ilon Mask Fransiyada hibsga olinishi mumkin

Agar amerikalik milliarder Ilon Mask sud chaqiruviga binoan Parijga yetib kelmasa, Fransiya rasmiylari uni hibsga olishga order berishi mumkin. Bu haqda Parij prokurori Lor Beko RTL radiosi efirida ma’lum qildi.

Prokurorning so‘zlariga ko‘ra, agar tergov yakunida to‘plangan dalillar ishni jinoyat sudiga oshirish uchun yetarli deb topilsa va Mask chaqiruv qog‘ozi bo‘yicha kelmasa, qonunga muvofiq hibsga olish orderini berish yagona chora bo‘ladi.

Ma’lum qilinishicha, Mask «X» ijtimoiy tarmog‘i rahbari sifatida o‘ziga qo‘yilayotgan ayblovlarga javoban AQSH Adliya vazirligining Xalqaro ishlar boshqarmasi ko‘magidan foydalanayotganini da’vo qilmoqda. Biroq Beko xonim AQSH tomoni Parij bilan hamkorlik qilishni rad etayotganini va Mask nazarda tutgan rasmiy xat hali Fransiya rasmiylariga yetib kelmaganini bildirdi.

Joriy yilning may oyi boshida Fransiya prokuraturasi sudyalardan «X.AI Holdings Corp.», «X Corp.» va «xAI» kompaniyalari, shuningdek, Ilon Mask va «X» kompaniyasining sobiq bosh ijrochi direktori Linda Yakkarinoga nisbatan rasmiy tergov boshlashni va ularni ko‘rsatma berish uchun chaqirishni so‘ragan edi.

Milliarderga qarshi qo‘yilayotgan ayblovlar qatoriga voyaga yetmaganlarning jinsiy xarakteridagi tasvirlarini saqlash va tarqatishda sheriklik, shaxsiy ma’lumotlarni qayta ishlash qoidalarini buzish, dipfeyklar tarqatish hamda «Grok» neyroseti tomonidan insoniyatga qarshi jinoyatlarni inkor etuvchi ma’lumotlar yaratilishi kabilar kiradi.

Fransiya huquqni muhofaza qilish organlari «X» platformasiga nisbatan dastlabki tergov harakatlarini 2025 yilning fevral oyida boshlagan edi. Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yilning fevral oyida «X» kompaniyasining Parij ofisida tintuvlar o‘tkazilgan bo‘lib, Mask buni «siyosiy hujum» deb atagan. Prokuratura Mask va Yakkarinoni 20-aprel kuni so‘roqqa chaqirgan, biroq milliarder tergovga kelishdan bosh tortgan.

Теглар

Мавзуга оид