Logo

Ishlaydigan onalarga farzandi bir yoshga to‘lguncha nafaqa: miqdori hali ma’lum emas

Бугун 17:153 дақиқа

Farzandi bir yoshga to‘lguncha beriladigan yangi nafaqa onalarga ariza va qo‘shimcha hujjatlarsiz avtomatik tayinlanadi. Yangi nafaqaning miqdori hali ma’lum emas. Ijtimoiy himoya milliy agentligi nafaqa kimlarga berilishi va qanday tayinlanishi haqida Vaqt.uz’ga ma’lum qildi.

Ishlaydigan onalarga farzandi bir yoshga to‘lguncha nafaqa: miqdori hali ma’lum emas © Dilshodxon Muxitdinova

O‘zbekistonda onalarni bola bir yoshga to‘lgunga qadar qo‘llab-quvvatlash uchun yangi nafaqa joriy etilishi belgilanmoqda. U arizasiz va avtomatik tayinlanadi.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi bosh mutaxassisi Dilshodxon Muxitdinova Vaqt.uz’ga ma’lum qilishicha, yangi to‘lov 2026-yildan joriy etilgan davlat ijtimoiy sug‘urtasi tizimining mantiqiy davomi sifatida yo‘lga qo‘yiladi.

Nafaqa qanday tayinlanadi?

Yangi tartibga ko‘ra, ayollarga farzandi bir yoshga to‘lgunga qadar bola parvarishi nafaqasini tayinlashda qo‘shimcha hujjat talab qilinmaydi. Nafaqa davlat ijtimoiy sug‘urtasi tizimi orqali proaktiv (ariza bermasdan, avtomatik) tarzda tayinlanishi ko‘zda tutilmoqda.

Muxitdinovaning ta’kidlashicha, bu jarayon homiladorlik va tug‘ish nafaqasini tayinlash mexanizmiga o‘xshash bo‘ladi. Ayol tibbiy muassasaga murojaat qilganda homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha kasallik varaqasi rasmiylashtiriladi. U elektron shaklda Ijtimoiy sug‘urta axborot moduliga yuboriladi.

Shundan so‘ng ayolning mehnat faoliyatiga oid ma’lumotlar Yagona milliy mehnat tizimidan, daromadlari haqidagi ma’lumotlar esa Soliq qo‘mitasining axborot tizimidan avtomatik olinadi. Ushbu ma’lumotlar asosida sug‘urta staji va o‘rtacha oylik daromad aniqlanib, nafaqa tayinlanadi hamda mablag‘ to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijtimoiy kartaga o‘tkaziladi.

Xususiy sektor ham qamrab olinadi

Yangi tizim nafaqat davlat tashkilotlarida ishlaydigan ayollarga, balki xususiy sektorda mehnat qilayotgan fuqarolarga ham taalluqli bo‘ladi.

Ijtimoiy sug‘urta tizimida fuqarolar majburiy va ixtiyoriy tartibda qamrab olinadi. Mehnat shartnomasi yoki fuqarolik-huquqiy tusdagi shartnoma asosida ishlayotganlar, ular davlat yoki xususiy sektorda mehnat qilishidan qat’i nazar, majburiy tarzda sug‘urta tizimiga kiritilgan.

O‘zini o‘zi band qilganlar, yakka tartibdagi tadbirkorlar hamda xorijda mehnat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolari esa tizimdan ixtiyoriy asosda foydalanishi mumkin. Buning uchun belgilangan eng kam miqdorda yoki undan yuqori ixtiyoriy sug‘urta badallarini to‘lab borish talab etiladi.

Shu orqali ular sug‘urta stajiga ega bo‘lib, belgilangan shartlar asosida homiladorlik va tug‘ish, keyinchalik esa bola parvarishi nafaqasini olish huquqiga ega bo‘ladi.

Ish beruvchilarning yuki kamayadi

Yangi nafaqani davlat ijtimoiy sug‘urtasi tizimiga o‘tkazishdan maqsadlardan biri — ayollarning rasmiy bandligini rag‘batlantirish va ish joyini saqlab qolishga ko‘maklashish.

Amalda bola parvarishi bilan bog‘liq nafaqa ish beruvchi zimmasida bo‘lgan. Bu esa ayrim hollarda xususiy sektordagi ish beruvchilar uchun moliyaviy yukni oshirgan. Agentlik vakiliga ko‘ra, natijada ayollarni bola parvarishi ta’tilida ishdan bo‘shatish yoki rasmiy ishga qabul qilmaslik holatlari uchragan.

Yangi tizimda nafaqani Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi to‘lashi ish beruvchining moliyaviy yukini kamaytiradi. Bu esa ayollarni rasmiy ishga qabul qilish va bola parvarishi davrida ularning ish joyini saqlab qolish uchun qo‘shimcha rag‘bat yaratishi kutilmoqda.

2026 yil yanvar–avgust oylarida homiladorlik va tug‘ish nafaqasi qariyb 94 ming nafar ayolga to‘langan. Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, ushbu ayollar yangi bola parvarishi nafaqasini olish huquqiga ega bo‘lishi mumkin.

Yangi nafaqaning qancha miqdorda to‘lanishi hozircha ma’lum emas. Ijtimoiy himoya milliy agentligi bosh mutaxassisi Dilshodaxon Muxitdinovaning Vaqt.uz’ga ma’lum qilishicha, nafaqa miqdori, uni tayinlash va to‘lash tartibi hukumat qarori bilan aniq belgilanadi.

Shuningdek, ona farzandi bir yoshga to‘lmasdan ishga qaytsa, nafaqa to‘lanishi davom etadimi yoki to‘xtatiladimi, degan masala ham hali yakuniy tartibda belgilanmagan.

Ayni paytda homiladorlik va tug‘ish nafaqasi BHMga bog‘lanmagan. U fuqaroning sug‘urta staji va o‘rtacha oylik daromadidan kelib chiqib individual tarzda hisoblanadi. Nafaqa olish uchun kamida 10 oylik sug‘urta staji, shundan 6 oyi uzluksiz bo‘lishi talab etiladi.

10 oydan 2 yilgacha sug‘urta stajiga ega ayollarga o‘rtacha oylik ish haqining 75 foizi, 2 yildan 5 yilgacha stajga ega bo‘lganlarga 85 foizi, 5 yildan ortiq stajga ega ayollarga esa 100 foizi miqdorida homiladorlik va tug‘ish nafaqasi tayinlanadi.

Yangi bola parvarishi nafaqasi uchun ham aniq miqdor va hisoblash mexanizmi hukumat qarori qabul qilinganidan keyin ma’lum bo‘ladi.

Теглар

Маҳлиё Ҳамидова

Маҳлиё ҲамидоваМақолалар сони: 197

Барчаси

Мавзуга оид