Jahon chempionati: AQSH-Eron urushi, Meksikadagi zo‘ravonliklar va chipta muammosi
Futbol bo‘yicha Jahon chempionati boshlanishiga atigi uch oy qolganda urush, xavfsizlik muammolari va siyosiy qarorlar turnir taqdiriga ta’sir ko‘rsatmoqda.

2026 yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionati aslida FIFA tarixidagi eng tinch va tashkiliy jihatdan mukammal o‘tadigan musobaqa bo‘lishi bashorat qilingan edi. Biroq turnir boshlanishiga atigi uch oy qolganda, vaziyat kutilmagan darajada murakkab tus oldi.
AQSH va Isroilning Eron bilan harbiy to‘qnashuvi butun dunyoda xavotirli mavhumlikni yuzaga keltirdi.
FIFAning eng nufuzli musobaqasi esa Amerika qit’asidagi mavjud siyosiy inqirozlar bilan bir qatorda, ushbu xalqaro ziddiyatning og‘ir asoratlarini ham bevosita his qilmoqda.
Eron terma jamoasi Jahon chempionatidan voz kechdi
11-mart kuni Eron sport vaziri mamlakat oliy rahnamosining o‘ldirilishi munosabati bilan Eron FIFA Jahon kubogida ishtirok etmasligini e’lon qildi.
Oyatulloh Ali Xomanaiy AQSH va Isroil tomonidan boshlangan harbiy harakatlarning ilk kunidayoq suiqasd qurboni bo‘lgan edi, Eron milliy terma jamoasining Jahon kubogi guruh bosqichidagi barcha o‘yinlari esa AQSH shaharlarida o‘tkazilishi belgilangan.
28-fevraldan buyon davom etayotgan hujumlar oqibatida shu kungacha Eronda 1 255 kishi halok bo‘ldi, 12 mingdan ziyod odam jarohatlandi.
Tehron bunga javoban Isroil hududiga hamda Yaqin Sharqdagi AQSH harbiy bazalari va muhim infratuzilma obyektlariga raketa zarbalari yo‘lladi.
«Ushbu buzg‘unchi tuzum [AQSH] rahnamomizni o‘ldirganini hisobga olsak, biz hech qanday sharoitda Jahon kubogida ishtirok eta olmaymiz», — dedi sport vaziri Ahmad Dunyamoliy davlat televideniyesiga bergan intervyusida.
Tramp Eronning musobaqada qatnashishiga qarshi emas
FIFA prezidenti Janni Infantinoning so‘zlariga ko‘ra, AQSH prezidenti Donald Tramp Eronning Jahon chempionatidagi ishtirokini ma’qullamoqda.
Eronning rasmiy bayonotidan avval Infantino Instagramdagi sahifasida muhim ma’lumot bilan bo‘lishdi. Unga ko‘ra, Yaqin Sharqdagi urushga qaramay, bo‘lajak turnir masalasida o‘tkazilgan uchrashuvda Tramp Eronning ishtiroki borasidagi o‘z pozitsiyasini yana bir bor tasdiqlagan.
Qur’a natijalariga ko‘ra, agar AQSH va Eron o‘z guruhlarida ikkinchi o‘rinni egallasa, ularning o‘zaro to‘qnash kelish ehtimoli bor. Bunday holatda, 3-iyul kuni Dallasda pley-off bosqichi doirasidagi uchrashuv bo‘lib o‘tishi mumkin.
Agar AQSH Eron terma jamoasini qabul qilishdan bosh tortsa, FIFA ularni mezbonlik huquqidan mahrum qilishi mumkin. Indoneziya allaqachon xuddi shunday qismatga duch kelgan.
Bundan uch yil oldin Indoneziya 20 yoshgacha bo‘lgan yoshlar o‘rtasidagi (U-20) Jahon chempionatida Isroilni qabul qilishdan bosh tortgandi. O‘shanda FIFA musobaqa boshlanishiga sanoqli haftalar qolganida Indoneziyani mezbonlikdan chetlatib, turnirni Argentinaga ko‘chirgan edi.
Jahon chempionati oldidan Meksikada xavfsizlik inqirozi
Butun dunyo AQSH va Eron o‘rtasidagi urush oqibatida yuzaga kelgan murakkabliklar bilan ovora bo‘lib turgan bir paytda, Meksika o‘z ichki inqirozi girdobida qoldi.
23-fevral kuni mamlakatdagi eng yirik jinoiy to‘dalardan biriga rahbarlik qilgan narkobaron o‘ldirilgach, Meksikada zo‘ravonliklar to‘lqini avj oldi.
Jinoyat olami yetakchisining o‘limi haqidagi xabar tarqalishi bilanoq, qurollangan guruhlar oltidan ortiq shtatda avtomobillarga o‘t qo‘yib, magistral yo‘llarni to‘sib qo‘ydi.
Vaziyatning xavotirli jihati shundaki, Jahon chempionatining ochilish uchrashuvi Mexiko shahrida, turnirning ikkinchi o‘yini esa aynan o‘tgan oyda tartibsizliklardan larzaga kelgan Gvadalaxarada bo‘lib o‘tishi belgilangan.
Mavjud vaziyatdan kelib chiqib, Meksika rasmiylari FIFA rahbariyati va millionlab sayyohlarni musobaqa xavfsiz o‘tishiga harakat qilmoqda.
Prezident Klaudiya Sheynbaum musobaqa davomida Meksika 100 000 ga yaqin xavfsizlik kuchlari xodimlarini jalb qilishini ma’lum qilib, futbol muxlislarini mamlakatga kelishda «hech qanday xavf yo‘qligiga» ishontirishga urindi.
Chiptalar taqchilligi va aql bovar qilmas narxlar
Sport va ko‘ngilochar sohadagi ko‘plab yirik tadbirlar kabi, Jahon chempionati chiptalarining taqchilligi va bahosi oddiy muxlislar uchun eng og‘riqli masalaga aylandi.
Musobaqa chiptalarining dastlabki ikki bosqichdagi sotuvidayoq qariyb 2 million dona chipta o‘z egasini topdi. Talab shu qadar yuqoriki, tushgan buyurtmalar soni mavjud chiptalar miqdoridan 30 barobar oshib ketdi.
Ochilish o‘yini uchun eng qimmat chiptalar 900 dollar atrofida bo‘lsa, final bahsi uchun bu ko‘rsatkich 8 000 dollardan oshadi.
Yetakchi terma jamoalar ishtirokidagi o‘yinlar chiptasi kamida 200 dollar turadi. Final o‘yini uchun eng arzon chiptalar 2 000 dollar, eng yaxshi o‘rinlar esa 8 680 dollar etib belgilangan.
Bundan tashqari, FIFAning chiptalarni qayta sotish rasmiy sayti ham mavjud bo‘lib, u yerda 19-iyul kuni Nyu-Jersida bo‘lib o‘tadigan final o‘yinining uchinchi toifadagi bitta o‘rindig‘i 143 750 dollar narxda taklif qilindi. Bu uning 3 450 dollarlik dastlabki bahosidan 41 baravar qimmat demakdir.





