Logo

JCH-2026: «Manchester Siti» futbolchilar uchun FIFAdan eng ko‘p pul oladigan klubga aylanadi

Бугун 09:003 дақиқа

FIFA 2026 yilgi Jahon chempionatida ishtirok etadigan futbolchilarning klublariga rekord darajada — jami 355 million dollar to‘lab beradi.

JCH-2026: «Manchester Siti» futbolchilar uchun FIFAdan eng ko‘p pul oladigan klubga aylanadi © Kollaj

FIFA 2026 yilgi Jahon chempionatida ishtirok etadigan futbolchilarning klublariga rekord darajadagi — 355 million dollar ajratadi. Bu haqda «The Athletic» nashri o‘zining o‘tkazgan tahlillari va hisob-kitoblariga tayanib xabar bermoqda.

Klublarni rag‘batlantirish dasturi doirasidagi ushbu mablag‘ 2018 va 2022 yilgi Jahon chempionatlaridagi ko‘rsatkichdan 70 foizga ko‘pdir.

Budjet qanday taqsimlanadi?

FIFA bu galgi musobaqada ajratilgan 355 million dollarlik umumiy budjetni bir necha yo‘nalishga bo‘lgan. Ushbu mablag‘ning 250 million dollari Jahon chempionatining final bosqichida qatnashadigan 48 ta terma jamoa futbolchilarining klublariga ajratiladi. Yana 100 million dollar esa bu yil ilk bor joriy etilgan tizim asosida taqsimlanadi. Bu pullar saralash bosqichidagi o‘yinlarda va mezbon mamlakatlarning o‘rtoqlik uchrashuvlarida qaydnomaga kiritilgan o‘yinchilarning jamoalariga beriladi. Qolgan 5 million dollar dasturni amalga oshirish xarajatlaridan ortib qolsa, mahalliy klublar futbolini rivojlantirishga yo‘naltiriladi.

To‘lovlar futbolchilarning musobaqada bo‘lish kunlariga qarab hisoblanadi. Ya’ni, 25-maydan (futbolchilarni majburiy bo‘shatish sanasi) boshlab terma jamoaning oxirgi o‘yinidan keyingi kungacha har bir futbolchi uchun klubga kuniga taxminan 5 ming dollardan to‘lanadi.

Ingliz klublari ustunligi va peshqadamlar

Shu tariqa, «Manchester Siti» ketma-ket uchinchi Jahon chempionatida FIFA ajratmalari bo‘yicha yetakchilikni saqlab qolmoqda. Hisob-kitoblarga ko‘ra, «shaharliklar» bu safargi musobaqadan 4,4 million dollar ishlab oladi. Bunga jamoaning olti nafar futbolchisi musobaqaning so‘nggi kunlarigacha yetib borgani sabab bo‘lgan. Masalan, Rodri Ispaniya terma jamoasi safida finalda o‘ynagan bo‘lsa, yana besh nafar futbolchi Angliya va Fransiya o‘rtasidagi uchinchi o‘rin uchun bahsda qatnashgan.

To‘lovlar miqdori bo‘yicha umumiy ro‘yxatda «Barselona» 2022 yildagi kabi yana ikkinchi o‘rinni egalladi. Angliya klublari orasida esa «Arsenal» ikkinchi bo‘ldi. Londonliklar Chempionlar Ligasi finalida o‘ynagani sababli futbolchilarini JCHga besh kun kechroq qo‘yib yuborgan. Bu holat ularning FIFAdan oladigan daromadlarini biroz kamaytirgan bo‘lsa-da, baribir yuqori o‘rinlardan birini ta’minladi. Shuningdek, musobaqada 12 nafar futbolchisi bilan qatnashgan «Kristal Pelas» hamda o‘yinchilari jami 8 ta gol urgan «Sanderlend» klublari ham eng ko‘p daromad olgan jamoalar qatoridan joy oldi. Umuman olganda, turnirdagi futbolchilarning katta qismi Premer-ligadan kelgani hisobiga, ingliz klublari rekord darajada — 34,2 million dollar ishlab oladi.

Quyi liga klublariga ham yetib borgan pullar

Turnirning 48 ta jamoagacha kengaytirilishi Yevropadan tashqaridagi, qolaversa, quyi ligalardagi klublarga ham moliyaviy foyda keltirmoqda. Bu safar Yevropa klublarining umumiy daromaddagi ulushi avvalgi yillarga nisbatan biroz kamaygan. Eng e’tiborli jihati shundaki, Angliyaning oltinchi divizionida to‘p suruvchi «Breyntri Taun» havaskor klubi ham FIFA to‘lovlariga ega chiqadi. May oyida moliyaviy muammolar sababli transfer taqiqiga tushgan ushbu klubning 36 yoshli himoyachisi Yangi Zelandiya terma jamoasi safida musobaqaga borgani uchun jamoasiga 171 ming dollardan ortiq daromad keltirishi kutilmoqda.

Hisob-kitoblardagi murakkabliklar va to‘lov muddati

FIFA to‘lovlarini aniq hisoblashda ba’zi murakkabliklar ham yo‘q emas. Masalan, turnir vaqtida boshqa jamoaga transfer qilingan futbolchilar uchun to‘lovlar kunlar soniga qarab ikki klub o‘rtasida bo‘linadi. Shuningdek, musobaqa oldidan kimdir jarohat olib, o‘rniga boshqa futbolchi chaqirilsa, bu ham qo‘shimcha qayta hisob-kitoblarni talab qiladi. Klublar FIFA tomonidan tayyorlangan dastlabki ro‘yxatni 10-sentabrgacha ko‘rib chiqadi. Milliy assotsiatsiyalar tekshiruvidan so‘ng, FIFA yakuniy xulosani beradi va shundan keyingina mablag‘larni klublar hisobiga o‘tkazib beradi.

Россия - Украина уруши

Futbol bo‘yicha Jahon chempionati 2026

JCH-2026 o‘yinlariga oid barcha xabarlar bitta havolada.

Теглар

Мавзуга оид