JCH-2026dan tushgan daromad Qatardagi ko‘rsatkichdan besh barobar oshdi — «The Times»
«FIFA» 2026 yilgi Jahon chempionati chiptalari va VIP paketlari savdosidan qariyb 5 milliard dollar tushum olgan bo‘lishi mumkin. Tashkilot hozircha bu raqamni rasman tasdiqlamagan.
© FIFATushum 2022 yildagi natijadan besh baravar yuqori
«The Times» nashri o‘z manbalariga tayanib xabar berishicha, «FIFA» 2026 yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionatida chiptalar va VIP paketlar sotuvidan qariyb 5 milliard dollar daromad olgan. Bu 2022 yilda Qatarda o‘tkazilgan chempionatdagi 929 million dollarlik natijadan besh baravardan ham ko‘p.
Qatardagi musobaqadan olingan 929 million dollarlik tushum «FIFA»ning rasmiy moliyaviy hisobotida ham keltirilgan. Ushbu summa chiptalar savdosi va VIP xizmatlaridan tushgan barcha daromadlarni qamrab oladi.
«The Times» ma’lumotiga ko‘ra, 2026 yilgi chempionatda chiptalar va VIP xizmatlar orqali tushgan daromad «FIFA» kutgan 3,3 milliard dollardan ham ancha yuqori bo‘lgan. Biroq bu raqam hali tashkilot tomonidan rasman tasdiqlanmagan.
Daromad o‘sishiga nima sabab bo‘ldi?
2026 yilgi chempionat tarixda ilk bor 48 ta terma jamoa ishtirokida o‘tkazildi. Musobaqa davomida jami 104 ta uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Taqqoslash uchun, 2022 yilgi chempionatda 32 ta jamoa ishtirok etib, 64 ta o‘yin o‘tkazilgan edi. Shu tariqa, o‘yinlar soni 40 taga ko‘paydi.
«The Times» daromadning bu qadar o‘sishini, jumladan, chipta narxlarining talabga qarab o‘zgaruvchanligi va qayta sotish bozori bilan bog‘lagan. «FIFA» o‘zining rasmiy platformasi orqali qayta sotilgan chiptalardan 30 foizgacha komissiya undirgan.
«FIFA»ning turnir yakunlari bo‘yicha rasmiy ma’lumotida esa platforma orqali 661 mingdan ortiq chipta qayta sotilgani yoki boshqa muxlislarga o‘tkazib berilgani qayd etilgan.
Chempionat AQSH, Kanada va Meksikaning 16 ta mezbon shahrida o‘tkazilib, stadionlarga jami 6,81 million tomoshabin tashrif buyurgan. 104 ta uchrashuvdagi o‘rinlarning o‘rtacha bandligi 99,7 foizni tashkil etgan.
Arzon chiptalar ham taklif qilingan
Chipta narxlari muxlislarning keskin tanqidiga sabab bo‘lganiga qaramay, «FIFA» ayrim chiptalarni nisbatan arzon narxlarda ham taklif qilgan. Tashkilotning rasmiy ma’lumotiga ko‘ra, 130 mingta chipta 60 dollardan, 145 mingtasi esa 100 dollar yoki undan past narxda sotuvga chiqarilgan. Shuningdek, 950 mingta chipta 200 dollargacha, 1,4 milliontasi 300 dollargacha va 2,8 milliontasi 450 dollargacha bo‘lgan narxlarda taklif etilgan.