Logo

Jinoyatda gumonlangan sobiq hokimga Surxondaryoda yangi mansab berildi

Бугун 16:582 дақиқа

Muzrabot tumanining sobiq hokimi bir nechta jinoyatlarda, xususan 1,7 mlrd so‘mlik 4,2 gektar yer maydonini auksion savdolarisiz o‘zining yaqin qarindoshlariga rasmiylashtirib berishda ayblangan.

Jinoyatda gumonlangan sobiq hokimga Surxondaryoda yangi mansab berildi © Surxondaryo viloyati hokimligi

O‘zbekiston mahallalari uyushmasi Surxondaryo viloyati boshqarmasiga Erkin Alimov yangi boshliq etib tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Hokimlikning yozishicha, Alimov ushbu tayinlovga qadar xususiy sektorda faoliyat yuritib kelayotgandi.

Ma’lumot uchun, Erkin Alimov 1963 yilda Sherobod tumanida tug‘ilgan. 1985 yilda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutini tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi – muhandis-mexanik.

Mehnat faoliyati davomida «O‘zdonmahsulot» aksiyadorlik kompaniyasi tizimida turli vazifalarda, xususan, boshqaruv raisi o‘rinbosari, shuningdek, Muzrabot tumani hokimi lavozimlarida faoliyat yuritgan.

Alimov Muzrabotga 2018 yil iyuldan 2022 yil sentabrgacha hokimlik qilgan. Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan 2022 yil noyabrda unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi. U Jinoyat kodeksining 167 (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan tal-toroj qilish), 205 (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) va 209-moddalari (mansab soxtakorligi) bilan ayblangandi.

DXX o‘shanda dastlabki tergov harakatlari davomida sobiq hokim Muzrabotdagi umumiy qiymati 1,7 mlrd so‘m bo‘lgan 4,2 gektar yer maydonini auksion savdolarisiz o‘zining yaqin qarindoshlariga rasmiylashtirib berganini xabar qilgandi. Shuningdek, tumandagi banklar uning yaqin qarindoshlari nomlariga turli maqsadlarda 166 milliard so‘m miqdorida imtiyozli kredit ajratgan.

Qolaversa, tumandagi banklar tomonidan o‘z vaqtida to‘lovlari amalga oshirilmagan 121 milliard 406 million so‘mlik kreditni undirish yuzasidan tegishli ishlar olib borilayotgani aytilgandi.

Buning ustiga «Surxondaryodonmahsulotlari» AJda olib borilgan taftish davomida sobiq hokim ishtirokida qiymati 35 milliard so‘mlik 9,6 ming tonna don talon-toroj qilingandi. Ammo sobiq hokimga nisbatan ochilgan jinoyat ishi yakuni bo‘yicha rasmiy ma’lumotlar berilmagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Zomin tuman sudi Sharof Rashidov tumani sobiq hokimini pora olish va mansab vakolatini suiiste’mol qilishda aybdor deb topgandi.

Теглар

Мавзуга оид