Kuvayt adashib AQSHning uchta F-15 samolyotini urib tushirdi — «The Wall Street Journal»

Yaqin Sharqdagi harbiy operatsiyalar vaqtida Kuvayt qiruvchisi ittifoqchi deb hisoblangan AQSH samolyotlarini dushman deb o‘ylab, raketa uchirgan.

Kuvayt adashib AQSHning uchta F-15 samolyotini urib tushirdi — «The Wall Street Journal»

Yaqin Sharqdagi harbiy operatsiya paytida Kuvayt havo kuchlari adashib AQSHning uchta F-15E Strike Eagle qiruvchi samolyotini urib tushirdi. Bu haqda hodisa bo‘yicha dastlabki hisobotlar bilan tanish manbalarga tayanib, «The Wall Street Journal» xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Kuvaytning F/A-18 qiruvchi samolyoti uchuvchisi radarda ko‘ringan samolyotlarni dushman deb hisoblagan va ularga qarshi uchta raketa uchirgan. Natijada AQSHga tegishli uchta F-15E Strike Eagle samolyoti yiqilgan.

Hujumga uchragan samolyotlar ekipajidagi barcha olti nafar harbiy uchuvchi katapulta orqali havodan chiqib ketishga muvaffaq bo‘lgan. Ular tezda evakuatsiya qilingan va hozirda ahvoli barqaror ekani aytilmoqda.

Hodisadan biroz oldin bir nechta Eron dronlari Kuvaytning havo hujumidan mudofaa tizimini yorib o‘tgan. Dronlardan biri fuqarolik porti hududida joylashgan vaqtinchalik tezkor markazga zarba bergan. Bu hujum oqibatida olti nafar amerikalik harbiy halok bo‘lgan.

Manbalarga ko‘ra, shu paytda Kuvayt qo‘shinlari eng yuqori jangovar shaylik holatiga o‘tkazilgan. Radarlar yaqinlashib kelayotgan samolyotlarni aniqlaganidan so‘ng ularga qarshi o‘t ochilgan.

AQSH Qurolli kuchlari Markaziy qo‘mondonligi munosabati

AQSH Qurolli kuchlari Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) ham ushbu hodisani tasdiqlab, uchta F-15E Strike Eagle samolyoti «do‘stona o‘t ochish» oqibatida urib tushirilganini ma’lum qildi. Bayonotda bu voqea Eron tomonidan amalga oshirilgan aviatsiya, ballistik raketa va dron hujumlari davom etayotgan faol jangovar harakatlar vaqtida sodir bo‘lgani ta’kidlangan.

Shu bilan birga, AQSH Kuvayt mudofaa kuchlariga operatsiyani qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildirgan. Ikki davlat hodisani batafsil tergov qilish bo‘yicha hamkorlik qilayotgani aytilmoqda.

Qiruvchi samolyot narxi

F-15E Strike Eagle qiruvchi samolyoti 1980-yillarda ishlab chiqilgan bo‘lib, havo-havo va havo-yer jangovar vazifalarini bajarish uchun mo‘ljallangan. Ushbu modelning 1998-yildagi bahosi 31,1 million dollar deb baholangan. Ekspertlar fikricha, inflatsiya va modernizatsiya sabab hozirgi versiyalarining narxi 100 million dollarga yaqin bo‘lishi mumkin.

Теглар

Мавзуга оид