«Malika» bozorida tekshiruv: 100 dan ortiq shaxsning faoliyati rasmiylashtirildi
O‘tgan oyda prezident Shavkat Mirziyoyev soliqchilarni tanqid qilib, kompleksda dekabrda plastik kartalar orqali yechib olingan 600 milliard so‘mlik savdo tushumi yashirilganini aytgandi.

Toshkent shahar soliq boshqarmasi, shahar prokuraturasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti rahbarlari ishtirokida «Malika» savdo kompleksida yig‘ilish o‘tkazildi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi ma’lum qildi.
Bildirilishicha, yig‘ilishda yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish, savdo faoliyatida qonunchilik talablariga rioya etilishini ta’minlash yuzasidan ustuvor vazifalar belgilangan. Mas’ullarga zarur topshiriqlar berilib, ularning ijrosi qat’iy nazoratga olingan.
Shuningdek, mutasaddilar savdo majmuasi hududini o‘rganib, tadbirkorlar bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazgan. Ular savdo jarayonlarida shaffoflikni ta’minlash, tushumlarni to‘liq aks ettirish, naqdsiz hisob-kitoblarni kengaytirish, nazorat-kassa texnikalaridan foydalanish hamda elektron hisob-fakturalarni o‘z vaqtida rasmiylashtirish bo‘yicha zarur tushuntirishlar bergan.
O‘tkazilgan xatlov natijalariga ko‘ra, bugungi kunga qadar majmua hududida 129 ta yuridik shaxs hamda 267 nafar yakka tartibdagi tadbirkorning faoliyati o‘rganilgan. Shuningdek, 117 nafar fuqaro belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilib, ularning faoliyati rasmiylashtirilgan.
Prezident tanqidi
Joriy yil 27-yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi huzuridagi Qo‘riqlash boshqarmasida o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida Shayxontohur tumani soliq inspeksiyasi tomonidan «Chorsu» bozorida to‘lov intizomi joyiga qo‘yilmagani, «Malika» savdo kompleksida esa ahvol bundan ham ayanchli ekanini ko‘rsatib o‘tgandi. Masalan, kompleksda 1,5 mingga yaqin tadbirkor faoliyat yuritsa-da, ularning faqat to‘rtdan biri ro‘yxatdan o‘tgan, 25 foizi oyiga 1 million so‘m ham soliq to‘lamayotgani qayd etilgan. Shuningdek, dekabr oyida plastik kartalar orqali yechib olingan 600 milliard so‘mlik savdo tushumi yashirilgan.
Shuningdek, Toshkent shahar soliq boshqarmasi budjet rejasini yaxshi ishlayotgan tadbirkorlarga ortiqcha to‘lov qildirish hisobidan bajarayotgani aytilgan. Jumladan, 46,4 ming korxonadan 876 milliard so‘m ortiqcha to‘lov undirilgan.
Soliq qo‘mitasida qo‘shilgan qiymat solig‘idan sun’iy ortiqcha to‘lov hosil qilish orqali uni budjetdan noqonuniy qoplash holatlari ko‘paygan. O‘tgan yilda mazkur soliqni noqonuniy qaytarish bo‘yicha 20 nafar soliq xodimiga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Ushbu yo‘nalishga javobgar bo‘lgan, yetti yildan beri ishlab kelayotgan qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev yig‘ilishda ishdan olindi. Bundan tashqari, Mirzo Ulug‘bek tumani soliq inspeksiyasi boshlig‘i Dilshod Usmanov lavozimidan ozod qilinib, unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Shavkat Mirziyoyev Soliq qo‘mitasi raisi Farrux Po‘latovga Toshkent shahridagi barcha tuman soliq inspeksiyalarining boshliqlarini ishdan olib, vazifasini bajaruvchi qilib qo‘yishni topshirdi.





