Manba: Sobiq energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov qo‘lga olingan
U kecha, 29-iyul kuni huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan yashash manzilidan olib ketilgani aytilmoqda.

Bir necha kun avval O‘zbekiston Respublikasi energetika vaziri lavozimidan ozod etilgan Jo‘rabek Mirzamahmudov kecha, 29-iyul kuni huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan yashash manzilidan olib ketilgani aytilmoqda. Bu haqda Vaqt.uz'ning vaziyatdan xabardor bir necha manbasi xabar berdi.
Hozircha sobiq vazirga qanday ayblov qo‘yilayotgani ma’lum emas hamda rasmiy idoralar tomonidan holat yuzasidan munosabat bildirilmadi.
Lavozimdan ozod etilishi va avvalgi faoliyati
Eslatib o‘tamiz, 27-iyul kuni Jo‘rabek Mirzamahmudov energetika vaziri lavozimidan ozod etilgan edi. Prezident farmoni bilan uning o‘rniga Sherzod Xikmatullayevich Xodjayev O‘zbekiston Respublikasi energetika vaziri lavozimiga tayinlandi.
Jo‘rabek Mirzamahmudov mazkur lavozimga 2022 yil 29-sentabr kuni tayinlangan edi. Bunga qadar esa, 2020 yildan 2022 yilgacha «O‘zkimyosanoat» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi lavozimida faoliyat yuritgan.
Ma’lumot o‘rnida, Mirzamahmudov 1979 yilda Namangan viloyatida tug‘ilgan. 2001 yilda AQSHning Alabama universitetini, 2005 yilda Toshkent kimyo-texnologiya institutini tamomlagan.
Теглар






