Maradonaning qo‘li bilan gol urgan afsonaviy to‘p yana auksionga qo‘yildi
Bu to‘p 4 yil oldin 2,37 million dollarga sotilgandi. Agar bu safar ham xaridor topilsa, uning narxi oldingisiga qaraganda to‘rt baravardan ko‘proqqa oshgan bo‘ladi va Maradonaning aynan o‘sha o‘yinda kiygan futbolkasidan ham qimmatroq sotilgan futbol yodgorligiga aylanishi mumkin.
© Heritage AuctionsFutbol tarixidagi eng mashhur to‘plardan biri yana sotuvga chiqarildi. Heritage Auctions auksion uyi 1986-yilgi Jahon chempionatining chorak finalida Argentina va Angliya terma jamoalari o‘rtasidagi o‘yinda ishlatilgan Adidas Azteca to‘pini auksionga qo‘ydi.
Aynan shu to‘p bilan Diego Maradona futbol tarixidagi eng mashhur ikki golini urgan. Birinchi golni u qo‘li bilan urgan, ammo hakam buni payqamagan va golni inobatga olgan. Oradan atigi to‘rt daqiqa o‘tib, Maradona to‘pni maydonning o‘rtalaridan olib yurib, yo‘lidagi bir necha ingliz futbolchisini aldab o‘tgan va darvozaga gol urgan. Bu gol keyinchalik «Asr goli» deb tan olingan.
Oradan qariyb 40 yil o‘tdi. Shu vaqt ichida to‘p eskirib, havosi chiqib ketgan va avvalgi shaklini yo‘qotgan. Ammo bu uning narxiga ta’sir qilmagan. Aksincha, tarixiy ahamiyati tufayli yanada qimmatlagan.
Auksion savdolari 31-iyul kuni 2,5 million dollardan boshlanadi. Tashkilotchilar to‘p 10 million dollar yoki undan ham qimmatroqqa sotilishini kutmoqda. Bu to‘p 2022-yilda 2,37 million dollarga sotilgan edi. Agar bu safar ham xaridor topilsa, uning narxi oldingisiga qaraganda to‘rt baravardan ko‘proqqa oshgan bo‘ladi.
Shunda bu to‘p Maradonaning aynan o‘sha o‘yinda kiygan futbolkasidan ham qimmatroq sotilgan futbol yodgorligiga aylanishi mumkin. Maradonaning o‘sha futbolkasi 2022-yilda 9,3 million dollarga sotilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sotheby’s auksionida 1969-yil iyul oyida «Apollon-11» missiyasi bilan Oyga parvoz qilgan astronavt Bazz Oldrin o‘zi bilan olib borgan SSSRning mitti bayrog‘i 80 ming dollarga sotilgandi.





