Millionlab muxlislar Jahon chempionatini tomosha qila olmasligi mumkin

Бугун 20:332 дақиқа

FIFAning moliyaviy talablari va Shimoliy Amerikadagi noqulay vaqt mintaqalari translyatsiya huquqlari sotuvini qiyinlashtirmoqda.

Millionlab muxlislar Jahon chempionatini tomosha qila olmasligi mumkin

2026 yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionati translyatsiya huquqlari bo‘yicha muzokaralar ikki yirik bozor — Hindiston va Xitoyda murakkab kechmoqda.

«Reuters» ma’lumotiga ko‘ra, Hindistonda «Reliance-Disney» qo‘shma korxonasi translyatsiya huquqlari uchun 20 million dollar taklif qilgan. Biroq bu summa FIFA tomonidan rad etilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, tashkilot dastlab 2026 va 2030 yilgi chempionatlar uchun 100 million dollar talab qilgan.

Shuningdek, «Sony» kompaniyasi ham bu masala bo‘yicha muzokaralar olib borgan, ammo yakunda Hindiston uchun FIFA huquqlarini sotib olish bo‘yicha taklif bermaslikka qaror qilgan.

Translyatsiyadagi asosiy to‘siqlar

Qayd etilishicha, Hindistonda futbol tijoriy jihatdan kriket darajasida daromad keltirmaydi, shuningdek, musobaqa Shimoliy Amerikada o‘tkazilishi sabab ko‘plab o‘yinlar Hindiston vaqti bilan yarim tunda efirga to‘g‘ri keladi.

Yirik auditoriya taqdiri

Xitoyda ham hozircha rasmiy translyatsiya e’lon qilinmagan. Avvalgi chempionatlarda, jumladan 2018 va 2022 yillarda, davlat telekanali CCTV tomosha huquqlarini ancha oldin qo‘lga kiritgan edi.

FIFA ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilgi chempionatda Xitoy raqamli platformalarda eng katta auditoriyaga ega bo‘lgan — umumiy ko‘rish soatlarining 49,8 foizi shu mamlakat hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoyda 200 millionga yaqin futbol muxlisi bor. Bu esa har qanday boshqa davlatga nisbatan yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.

FIFA 175 dan ortiq hududda translyatsiya shartnomalarini imzolaganini ma’lum qilgan. Biroq Hindiston va Xitoy bilan muzokaralar hali davom etmoqda va bu jarayon maxfiy saqlanmoqda.

Ma’lumot uchun, 2026 yilgi jahon chempionati 11-iyunda start oladi va 19-iyul kuni final o‘yini bilan yakunlanadi. Mazkur musobaqada ilk bor 48 ta jamoa ishtirok etadi va umumiy o‘yinlar soni 104 taga yetadi.

Теглар

Мавзуга оид