Milliy investitsiya jamg‘armasi IPO'ga chiqargan aksiyalar narxini e’lon qildi
O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi IPO'ni boshlab, aksiya va GDR'larni sotuvga chiqardi. Aksiyalarni joylashtirish davri bugundan boshlanib, 12-maygacha davom etadi.
© stockO‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi — Uzbekistan National Investment Fund (UzNIF) oddiy aksiyalar va global depozitar tilxatlar (GDR)ni birlamchi ommaviy joylashtirish (IPO) boshlanganini ma’lum qildi. Joylashtirish jarayoni 2026 yil 12-maygacha davom etadi.
Taklif narxi bir GDR uchun 25 dollar, bir aksiya uchun esa 4,65 so‘m etib belgilangan. Har bir GDR 64 700 ta aksiyaga teng. Barcha qimmatli qog‘ozlar yagona aksiyador — Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan sotuvga qo‘yilmoqda.
Jamg‘armaning umumiy aksiyalari soni 5 trilliondan ortiq bo‘lib, ushbu narx kompaniya kapitallashuvini taxminan 1,95 milliard dollarga baholamoqda. IPO orqali kompaniya aksiyadorlik kapitalining taxminan 30 foizi investorlarga taklif etiladi.
Xalqaro chiqish rejalari
UzNIF aksiyalarini Toshkent Respublika fond birjasida joylashtirish uchun ariza topshirgan. Shuningdek, GDR'larni Buyuk Britaniya moliyaviy regulyatori — FCA rasmiy ro‘yxatiga kiritish va London fond birjasida savdoga chiqarish rejalashtirilgan.
Yakuniy joylashtiriladigan aksiya va GDR'lar hajmi global koordinator bilan maslahatlashuvlardan so‘ng 13-may kuni e’lon qilinishi kutilmoqda.
Investorlar uchun imkoniyatlar
IPO ikki qismdan iborat: mahalliy va ayrim xorijiy investorlar uchun aksiyalar, hamda xalqaro institutsional investorlar uchun GDR'lar taklif etiladi.
“BlackRock”, “Franklin Resources” va “Redwheel” kabi yirik fondlar, shuningdek, ayrim g‘aznachilik kompaniyalari taxminan 300 mln dollarlik GDR'larga obuna bo‘lish bo‘yicha kelishuv tuzgan.
Jismoniy shaxslar uchun qo‘shimcha rag‘bat sifatida 12 mlrd so‘mgacha bo‘lgan arizalarga 5 foiz chegirma taqdim etilmoqda. Bu holda aksiya narxi 4,41 so‘mni tashkil qiladi.
Chakana investorlar mahalliy brokerlar (Alkes Research, Avesta Investment Group va Bluestone Financial Group Inc) yoki “Jett” platformasi orqali ishtirok etishi mumkin. Savdolar Toshkent va London birjalarida taxminan 18-maydan boshlanishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, Milliy investitsiya jamg‘armasining IPO jarayoniga tayyorgarlik ko‘rishi va uni muvofiqlashtirishni O‘zbekistonda ishlash litsenziyasiga ega bo‘lgan “Franklin Templeton” xalqaro investitsiya kompaniyasi amalga oshirmoqda.





