Minobdagi motam: maktabda halok bo‘lgan bolalar dafn etildi

3-mart kuni AQSH va Isroilning Eronga qaratilgan hujumlari mamlakat janubidagi Hurmuzgon provinsiyasining Minob okrugidagi qizlar maktabini vayronaga aylantirgan edi. Hodisa oqibatida 7 yoshdan 12 yoshgacha bo‘lgan, 165 nafardan ortiq bola halok bo‘lgan.

Minobdagi motam: maktabda halok bo‘lgan bolalar dafn etildi

Eronning Hurmuzgon provinsiyasi Minob okrugida joylashgan qizlar maktabiga berilgan raketa zarbasi oqibatida halok bo‘lgan 165 nafardan ortiq o‘quvchi va o‘qituvchilar uchun ommaviy dafn marosimi bo‘lib o‘tdi. Fojiali hodisa 3-mart kuni AQSH va Isroilning Eronga qarshi boshlagan harbiy hujumning birinchi kunida sodir bo‘lgan. Bu hodisa Tehronga qarshi olib borilayotgan urush davomidagi eng qonli voqealardan biri sifatida baholanmoqda.

Portlashdan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolar va fotosuratlarda ikki qavatli maktab binosining kamida yarmi vayron bo‘lgani ko‘ringan. Qizil Yarim oy qutqaruvchilari va halok bo‘lganlarning oilalari vayronalar orasidan tirik qolganlar yoki qurbonlarni qidirgan. Xarobalar orasida qon va kul bilan qoplangan darsliklar hamda maktab sumkalari sochilib yotgani tasvirlarda aks etgan.

Ayrim videolarda qutqaruvchilar vayronalar orasidan uzilgan qo‘lni topib olayotgani ko‘ringan. Hodisa joyida qurbonlarning jasadlari qora qoplarga joylashtirilgan. Atrofda ko‘plab odamlar, tez yordam mashinalari va qutqaruvchilar to‘plangani aks etgan.

Eron Qizil Yarim oy jamiyati rahbari Pirhuseyn Kolivand bu hodisani «beqiyos fojea» deb atadi.

«Hatto G‘azoda ham bir vaqtning o‘zida shunchalik ko‘p o‘quvchi halok bo‘lgan holat kuzatilmagan», — deydi Pirhuseyn Kolivand.

BMTning Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti UNESCO o‘z bayonotida maktabga berilgan hujumlarni qoralab:

«Ta’lim uchun ajratilgan joyda o‘quvchilarni o‘ldirish maktablarni hujumlardan himoya qilish bo‘yicha xalqaro gumanitar huquqning jiddiy buzilishi hisoblanadi», — dedi.

Xalqaro gumanitar huquqqa ko‘ra, maktab, shifoxona yoki boshqa fuqarolik obektlariga qasddan hujum qilish harbiy jinoyat hisoblanadi. Hatto maktablar harbiy maqsadlarda ishlatilgan taqdirda ham, qurolli tomonlar tinch aholiga yetkaziladigan zararni kamaytirish yoki oldini olish choralarini ko‘rishi shart.

Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Arakchi maktab o‘quvchilari uchun qazilgan qabrlar fotosuratlarini e’lon qilib, ularning o‘limida AQSH va Isroilni aybladi.

«Bular AQSH-Isroil tomonidan boshlang‘ich maktabning bombardimon qilinishi oqibatida halok bo‘lgan 160 dan ortiq begunoh qizlar uchun qazilgan qabrlardir. Ularning jasadlari parcha-parcha bo‘lib ketdi», — deb yozdi.

Isroil harbiylari esa mazkur hududda AQSH yoki Isroil tomonidan qandaydir zarba berilgani haqida ma’lumotga ega emasligini bildirgan. Isroil avval ham G‘azo urushi davomida tinch aholiga qilingan bir qator hujumlarni rad etgan, keyinchalik dalillar paydo bo‘lganidan so‘ng ba’zilarini «tasodifiy» deb atagan holatlar kuzatilgan, deb yozmoqda Al Jazeera nashri.

AQSH Markaziy qo‘mondonligi esa «davom etayotgan harbiy amaliyotlar natijasida tinch aholiga zarar yetkazilgani» haqidagi OAV xabarlarini «tekshirayotganini» ma’lum qilgan.

Eron davlat telekanallarining dafn marosimidan tarqatgan lavhalarida Minobdagi maydonga minglab odamlar to‘plangani ko‘ringan. Erkaklar Islom Respublikasi bayrog‘ini ko‘tarib turgan, ayollar esa qora chadorlarda marosimda ishtirok etgan.

Sahnada chiqish qilgan, o‘zini halok bo‘lgan Atena ismli qizning onasi deb tanishtirgan ayol qurbonlar portretlari tushirilgan plakatni ko‘tarib, uni «Amerika jinoyatlarining hujjati» deb atadi.

Marosim davomida yig‘ilganlar AQSH va Isroil siyosatiga qarshi shiorlar aytgan va «Taslim bo‘lmaymiz» deya baqirgan.

The New York Times ma’lumotlariga ko‘ra, maktab Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusiga tegishli harbiy-dengiz bazasi yonida joylashgan. Sun’iy yo‘ldosh tasvirlari 2013-yilda maktab binosi baza hududiga kirganini ko‘rsatgan. Ammo 2016-yilga kelib, u devor bilan ajratilgan va baza bilan aloqasi uzilgan.

Guvohlar videolarida baza hududidagi ikki binodan qora tutun ko‘tarilayotgani ham aks etgan. Bu esa AQSH va Isroil tomonidan amalga oshirilgan zarbalar aynan bazaga qaratilgan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi.

Eron OAV ma’lumotiga ko‘ra, mamlakat bo‘ylab 24 ta provinsiyada amalga oshirilgan hujumlar natijasida 200 dan ortiq kishi halok bo‘lgan, qariyb 750 nafar kishi jarohat olgan.

Теглар

null null

Vaqt.uzМақолалар сони: 1278

Барчаси

Мавзуга оид