«Mobiuz» mijozlari ham kiberhujumga uchradi
Kompaniya test serveriga noqonuniy kirish aniqlanganini tasdiqladi, mijoz ma’lumotlari sizdirilgani haqidagi da’volarni rad etdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga ko‘ra, mijozlarning shaxsiy ma’lumotlari va rasmlari, shuningdek, qariyb 3 ming nafar xodimga oid ma’lumotlar Dark Web’ga sizdirilgan.
«Mobiuz» kompaniyasi mahalliy korporativ tarmog‘iga kiberhujum uyushtirilganini rasman tasdiqladi. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, fevral oyida xavfsizlik tizimlari monitoringi jarayonida asosiy tizimlarga ulanmagan sinov serverlaridan biriga ruxsatsiz kirish holati aniqlangan.
«Abonentlar haqidagi ma’lumotlar, ularning shaxsiy va moliyaviy ma’lumotlari saqlanadigan tizimlar to‘liq himoyalangan hududda joylashgan. U yerga hech qanday kirish izlari topilmadi. Xizmatlar faoliyati buzilmagan, mijozlarning shaxsiy ma’lumotlari sizib chiqmagan», deya mijozlar ma’lumotlari qo‘lga kiritilgani haqidagi xabarlarni rad etdi kompaniya.
Hozirda «Mobiuz» mas’ul organlar bilan hamkorlikda hodisani batafsil tekshirmoqda. Shu bilan birga, axborot tizimlari himoyasini kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani ma’lum qilindi.
Kompaniyaga 2025 yilda uyushtirilgan kiberhujumlar
Kompaniya axborotiga ko‘ra, kiberxavfsizlik bo‘yicha ixtisoslashgan bo‘linma zamonaviy dasturiy ta’minot yordamida IT infratuzilmani kecha-yu kunduz kuzatib bormoqda. 2025 yil davomida 10 mingdan ortiq turli darajadagi DDoS hujumlar, jumladan 180 dan ziyod jiddiy xurujlar muvaffaqiyatli bartaraf etilgan. Shuningdek, 68 mingdan ziyod fishing havolalari va firibgarlik saytlari bloklangan, tarmoq infratuzilmasiga ruxsatsiz kirishga bo‘lgan 3 urinishning oldi olingan.





