Murojaatga yuzaki javob berayotgan vazirliklar ma’lum qilindi

Бугун 14:573 дақиқа

Xalq qabulxonalari ham faqat murojaat qabul qiluvchi organ emas, balki hududlardagi muammolarni tahlil va diagnostika qiladigan markaz sifatida faoliyat yuritishi belgilandi.

Murojaatga yuzaki javob berayotgan vazirliklar ma’lum qilindi

Xalq qabulxonalari orqali kelib tushgan murojaatlar tahlili ayrim vazirlik va idoralar fuqarolar muammosini hal qilish o‘rniga rasmiy javoblar bilan cheklanayotganini ko‘rsatdi. Xususan, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi murojaatlarning 64 foiziga, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi 61 foiziga, Transport vazirligi esa 58 foiziga aniq yechim bermagani qayd etildi.

Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tayotgan aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini yangi darajaga ko‘tarish va jamoatchilik fikrini chuqur tahlil qilish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Takidlanishicha, bunday holatlar faqat ayrim tashkilotlardagina emas, boshqa vazirlik va idoralarda ham uchramoqda. Bu esa murojaatlar bilan ishlash tizimida hali ham muammolar saqlanib qolayotganini ko‘rsatadi.

Shu bilan birga, Xalq qabulxonalari faoliyatida fuqarolar murojaatlarining mazmuni ham o‘zgarib borayotgani aytildi. Tizim yangi tashkil etilgan dastlabki yillarda murojaatlarning 90–95 foizi shikoyat shaklida bo‘lgan. Hozirgi vaqtga kelib bu ko‘rsatkich 60–65 foizga tushgan.

Davlat rahbari ta’kidlashicha, bu fuqarolar dunyoqarashi o‘zgarayotganidan dalolat beradi. Odamlar endilikda faqat shaxsiy muammolar emas, balki mahalladagi sharoitni yaxshilash bo‘yicha takliflar bilan ham murojaat qilmoqda.

Biroq muammosi hal etilmagan fuqarolar rahbarlar qabulini tashkil etishni Prezidentdan so‘rashga majbur bo‘layotgani ham qayd etildi. Shu bois murojaatlar bilan ishlash tizimini takomillashtirish zarurligi ta’kidlandi.

Yangi tizim Qarshi shahri misolida tushuntirildi

Yangi tartibga ko‘ra, hokimlar arizada ko‘tarilgan masalani hal qilish bilan cheklanmaydi. Aksincha, muammoning kelib chiqish sabablarini o‘rganib, uning takrorlanmasligi uchun tizimli choralar ko‘rishi lozim.

Prezident yangi tizim qanday ishlashini Qarshi shahri misolida tushuntirib berdi. Ma’lum qilinishicha, o‘tgan yili Xalq qabulxonasiga Qarshi shahri aholisidan 11 mingta murojaat kelib tushgan va ularning mazmuni atroflicha tahlil qilingan.

Tahlil jarayonida shaharda aliment to‘lashdan bo‘yin tovlab yurgan 255 nafar fuqaro holati alohida o‘rganildi. Ma’lum bo‘lishicha, ularning 193 nafarida kasb-hunar bo‘lsa-da, ishsiz ekani aniqlangan. Qolgan 62 nafar fuqaro esa o‘z daromadini kamaytirib ko‘rsatib kelayotgani ma’lum bo‘lgan.

Shundan kelib chiqib, muammoni hal qilish uchun bir nechta idoralarni qamrab olgan hamkorlik tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Xususan, hokimlik, banklar, hokim yordamchilari, shahar bandlik bo‘limi hamda Majburiy ijro byurosi birgalikda ish olib boradi.

Bu jarayonda ishsiz aliment to‘lovchilar tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilinadi yoki hududdagi sanoat va servis korxonalaridagi bo‘sh ish o‘rinlariga joylashtiriladi. Shuningdek, xorijda ishlash istagini bildirgan fuqarolar bilan uch tomonlama shartnoma tuzilib, ularga til va kasb o‘rgatish orqali yuqori daromadli ishlarga yuborish rejalashtirilgan.

Daromadini yashirib kelayotgan shaxslar bilan esa alohida tartibda ishlanadi. Bu borada shahar soliq inspeksiyasi Bosh prokuratura departamenti bilan hamkorlikda ularning faoliyatini rasmiy iqtisodiyotga chiqarish choralarini ko‘radi.

Ushbu choralar amalga oshirilsa, aliment to‘lovchilar qaramog‘ida bo‘lgan qariyb 700 nafar bolaning moddiy ta’minoti yaxshilanishiga erishiladi.

Теглар

Мавзуга оид