Neft 115 dollarga chiqdi: Osiyo fond bozorlari urush xavfi tufayli quladi
«Brent» navli neft narxi 30-mart kuni 116 dollardan oshdi, «Nikkei» indeksi 3 foizga tushdi. Ekspertlar urush iyun oyigacha davom etishini va neft narxi barreliga 150 dollarga chiqishini bashorat qilmoqda.

30-mart, dushanba kuni jahon moliya bozorlari Osiyo fond maydonchalarida kotirovkalarning keskin pasayishi va neft narxining o‘sishi bilan haftani boshladi. «Brent» navli neft fyucherslari savdolar davomida 3,7 foizga qimmatlashib, bir barreli uchun 116,75 dollarga yetdi. So‘nggi bir oy ichida «Brent» narxi qariyb 60 foizga oshdi — bu 1990-yildagi Iroqning Kuvaytga bostirib kirishidan keyingi eng yuqori ko‘rsatkichdir.
Investorlarning xavotiriga Yaman husiychilarining mojaroga qo‘shilishi va AQSH harbiy ishtirokining kengayishi sabab bo‘lmoqda. Husiychilar Isroilga raketa zarbalari bergani va Qizil dengizdagi kema qatnovi hamda Saudiya Arabistoni neft obyektlariga tahdid qilayotgani bozordagi «xavfsizlik buferi»ni yo‘qqa chiqardi. Shu bilan birga, Pentagonning Eronga qarashli Xark orolidagi neft xabini egallash bo‘yicha rejalari vaziyatni yanada keskinlashtirmoqda.
«Commonwealth Bank of Australia» katta tahlilchisi Medison Kartraytning fikricha, urush kamida iyun oyigacha davom etadi. «JPMorgan Chase» global iqtisodiyot bo‘limi rahbari Bryus Kasman esa Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yana bir oy davomida yopiq qolsa, neft narxi 150 dollargacha ko‘tarilishi mumkinligidan ogohlantirdi. Bu esa nafaqat energiya, balki tabiiy gaz va boshqa birja tovarlari narxining ham shiddatli o‘sishiga olib keladi.
Birjalardagi qulash
Neft narxining oshishi Osiyo iqtisodiyotiga qattiq zarba berdi. 30-mart kuni Yaponiyaning «Nikkei 225» indeksi 3 foizga pasaydi va mart oyidagi umumiy yo‘qotishi 13 foizni tashkil etdi. Janubiy Koreyaning «Kospi» indeksi 3,1 foizga, Osiyo-Tinch okeani mintaqasining keng qamrovli MSCI indeksi esa 1,8 foizga pastladi.
Yevropa bozorlarida ham salbiy tendensiya kuzatilmoqda: EUROSTOXX 50 va Germaniyaning DAX indekslari 0,7 foizga tushib ketdi. Investorlar energiya resurslariga qaram bo‘lgan mintaqalar iqtisodiyotida retsessiya boshlanishidan xavfsiramoqda. Yuqori inflatsiya kutilishlari aksiyalar bozoridan kapitalning chiqib ketishini tezlashtirmoqda.
Geosiyosiy bosim va prognozlar
Analitiklar Donald Trampning murosaga kelish imkoniyatlari cheklanganini qayd etmoqdalar. Eronning Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ustidan nazorati va mintaqani destabilizatsiya qilish qobiliyati AQSHni eskalatsiyaga majbur qilmoqda. Trampning Eron neftini «musodara qilish» haqidagi tahdidlari vaziyatni «orqaga qaytmac nuqta»ga olib kelishi mumkin.
Agar mojaro yozgacha cho‘zilsa, global ta’minot zanjirlari butunlay uzilishi va dunyo iqtisodiyotida stagflyatsiya (iqtisodiy pasayish fonida yuqori inflatsiya) yuzaga kelishi mumkin. Hozirda bozor ishtirokchilari har bir harbiy xabarni diqqat bilan kuzatib, o‘z portfellarini eng yomon ssenariyga moslashtirishga urinmoqdalar.





