Neft-gaz sohasini urushdan keyin tiklash ikki yil vaqt oladi – XEA rahbari

Xalqaro energetika agentligi neft bozorida talabning pasayishiga oid ilk belgilarni allaqachon qayd etmoqda.

Neft-gaz sohasini urushdan keyin tiklash ikki yil vaqt oladi – XEA rahbari © petro-news.com

Xalqaro energetika agentligi ijrochi direktori Fotih Birol Erondagi urushdan keyin neft va gaz qazib olishni normal holatga keltirish ikki yilgacha vaqt olishi mumkinligini bildirdi. Shu bilan birga, Livan va Isroil o‘rtasidagi sulh hamda Donald Trampning Tehronning yadroviy quroldan voz kechishi haqidagi bayonotlaridan so‘ng neft narxlari tushmoqda.

Tiklanish qiyin kechadi

«Neft bozorining tiklanishi sekin kechadi, chunki AQSH va Eron o‘rtasidagi mojaro Fors ko‘rfazi bo‘ylab neft konlari, qayta ishlash zavodlari va quvurlarga zarar yetkazgan», – dedi Fotih Birol «Bloomberg Television» efirida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ochilishi bilanoq ishlab chiqarish avvalgi darajaga qaytadi, degan umumiy qarash mavjud, biroq bu noto‘g‘ri tushuncha.

Suyultirilgan tabiiy gaz ta’minotini tiklash yanada murakkab bo‘lishi mumkin. Fotih Birol baholashicha, harbiy hujumlar natijasida zarar ko‘rgan ayrim suyultirilgan tabiiy gaz terminallarini to‘liq ishga tushirish ikki yildan ortiq vaqt talab qiladi.

Agar Eron atrofidagi inqiroz cho‘zilib ketsa, asosiy zarba energiya resurslarini import qiluvchi rivojlanayotgan davlatlarga – ayniqsa Osiyo va Afrikadagi mamlakatlarga tushadi.

Xalqaro energetika agentligi rahbari qayd etishicha, bozorda talabning pasayish alomatlari allaqachon kuzatilmoqda: energiya iste’molini cheklash, iqtisodiy faollikning susayishi va inflatsiya bosimining kuchayishi shular jumlasidan.

Neft narxlari qanday?

17-aprel kuni Osiyo bozorlarida neft arzonlashdi. «Oil Price» ma’lumotlariga ko‘ra, bunga Isroil va Livan o‘rtasidagi 10 kunlik sulh hamda Donald Trampning Eron inqirozi bo‘yicha optimistik bayonotlari sabab bo‘lgan.

«WTI» fyucherslari 93 dollardan biroz yuqori (-1,5 foiz)

«Brent» nefti 98 dollarga tushdi (-1,3 foiz)

Shu bilan birga, ikki etalon ham AQSH va Eron o‘rtasidagi muzokaralar buzilgandan keyin ko‘tarilgan uch xonali darajalardan ancha pastda qolmoqda.

Tramp Eron yadroviy dasturini «muzlatishga» rozi bo‘lganini aytdi. Tehron rasman izoh bermadi, ammo BMTdagi vakili Amir Said Iravaniy «ehtiyotkor optimizm»ni ta’kidladi. Shu bilan birga, Livan armiyasi Isroilni kelishuvni buzishda ayblab, yangi hujumlar haqida xabar qildi.

Pandemiyadan beri ilk bor pasayish

14-aprel kuni Xalqaro energetika agentligi oylik hisobotida Yaqin Sharqdagi urush sabab eksport uzilishlari 2026-yilda jahon neft taklifini qisqartiradi, talab esa pandemiyadan beri ilk bor pasayishini bildirgan.

Yil yakuniga ko‘ra agentlik hali ham profitsitni prognoz qilmoqda, ammo u keskin qisqargan:

avval: 2,46 mln barrel/kun

hozir: 410 ming barrel/kun

Biroq «Reuters» so‘rovida ishtirok etgan tahlilchilar defitsitni kutmoqda – ularning hisobicha, talab taklifdan 750 ming barrel/kunga yuqori bo‘ladi.

Hafta boshida OPEC 2026-yil II chorak uchun global talab prognozini pasaytirdi.

Ormuz bo‘g‘ozi orqali neft va gazokondensat tashish aprel boshida keskin tushib ketdi:

fevral: 20 mln barrel/kun

aprel boshi: 3,8 mln barrel/kun

Prognozlar

Xalqaro energetika agentligining bazaviy ssenariysiga ko‘ra, Yaqin Sharqdan neft yetkazib berish yil o‘rtasigacha tiklanadi, ammo urushdan oldingi darajadan past bo‘ladi.

Qattiq ssenariyda esa:

zaxiralardan qariyb 2 mlrd barrel neft sarflanishi mumkin

talab 2026-yil II–IV choraklarda yillik hisobda o‘rtacha 5 mln barrel/kunga qisqaradi

Bu esa bozordagi noaniqlik hali uzoq davom etishini ko‘rsatadi.

Теглар

Мавзуга оид