Logo

Neft narxi urushdan oldingi darajaga qaytdi

Yaqin Sharqdan neft yetkazib berish hajmi ortishi kutilayotgani bozorga jiddiy bosim o‘tkazdi. Oqibatda narxlar so‘nggi bir necha oy ichidagi eng past darajaga tushib ketdi.

Neft narxi urushdan oldingi darajaga qaytdi © happycoin.club

Jahon neft bozorida narxlar pasayishda davom etmoqda. Grinvich vaqti bilan 06:39 holatiga ko‘ra, avgust oyida yetkazib beriladigan «Brent» neftining fyucherslari 1,06 dollarga (1,44 foiz) arzonlashib, bir barreli uchun 72,68 dollarni tashkil qildi. Amerikaning WTI markali nefti esa 76 sentga (1,08 foiz) pasayib, barreliga 69,58 dollarga tushdi.

Tahlilchilar bu holatni Yaqin Sharqdan neft yetkazib berish hajmining oshishi va bozorda qisqa muddatli taklif yetarli ekani bilan izohlamoqda.

Shuningdek, AQSH sanksiyalarining vaqtincha yumshatilishi ortidan Eron neft eksportini ko‘paytirishi kutilmoqda.

Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali oqim tiklandi

AQSH Energetika vaziri Kris Raytning ma’lum qilishicha, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali neft tashish hajmi urush boshlanishidan oldingi ko‘rsatkichlarga deyarli qaytgan.

Uning aytishicha, so‘nggi 24 soat ichida bo‘g‘oz orqali kamida 20 million barrel neft tashilgan. Biroq mintaqada to‘liq barqarorlikka erishish uchun suv yo‘llarini minalardan tozalash ishlari yana bir necha hafta davom etishi mumkin.

O‘tgan hafta AQSH, Isroil va Eron o‘rtasidagi ziddiyatni yumshatish bo‘yicha erishilgan dastlabki kelishuv neft bozorida xavotirlarni pasaytirgan.

Yaqin Sharqdagi xavf saqlanib qolmoqda

Shu bilan birga, Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi vaziyat to‘liq barqarorlashgani yo‘q. O‘mon tankerlar harakatini yengillashtirish uchun vaqtinchalik dengiz yo‘nalishlarini ochdi.

Biroq Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi ushbu yo‘nalishlar orqali rasmiy ruxsatsiz harakatlanuvchi kemalarga nisbatan chora ko‘rilishini bildirdi.

Shuningdek, Tehron bo‘g‘ozdan foydalanish uchun dengiz xizmatlari to‘lovini joriy etish rejasini ma’lum qilgan. AQSH esa Ho‘rmuz bo‘g‘ozini xalqaro suv yo‘li deb hisoblab, bunday to‘lovlarga qarshi chiqmoqda.

Теглар

Мавзуга оид