Nodirbek Abdusattorov Pragadagi turnir g‘olibiga aylandi

08.03.2026 | 06:002 дақиқа

Praga shaxmat festivalining 2026 yilgi mavsumi yakunlandi: dunyoning eng kuchli grossmeysterlari ishtirok etgan «Masters» turnirida hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov bosh sovrinni qo‘lga kiritdi.

Nodirbek Abdusattorov Pragadagi turnir g‘olibiga aylandi

Klassik vaqt nazorati ostida o‘tgan va 10 nafar mahoratli shaxmatchi ishtirok etgan ushbu nufuzli musobaqa keskin kurashlarga boy bo‘ldi. Turnirning katta qismida niderlandiyalik Yorden Van Forest peshqadamlik qildi. U 3-5-turlarda ketma-ket uchta g‘alabaga erishib, hatto amaldagi jahon chempioni Gukesh Dommarajuni ham mag‘lub etgan edi. Biroq ta’qibchilar, xususan Abdusattorov unga xotirjamlik bermadi, deb yozmoqda FIDE rasmiy sayti.

Hal qiluvchi burilish sakkizinchi turda yuz berdi. Niderlandiyalik shaxmatchi teng kechayotgan endshpilda xatoga yo‘l qo‘yib, o‘tgan yilgi g‘olib Aravind Chitabaramga imkoniyatni boy berdi. Shu vaqtda Nodirbek Abdusattorov David Navara ustidan g‘alaba qozonib, peshqadamlikni o‘z qo‘liga oldi.

 

G‘alaba va turnir jadvali

So‘nggi tur oldidan Van Forestni yarim ochkoga ortda qoldirayotgan Abdusattorov Hans Nimann bilan durang o‘ynadi va 9 imkoniyatdan 6 ochko jamg‘arib, chempionlikni naqd qildi. Uning asosiy raqibi Van Forest esa so‘nggi turda Parham Maqsudluga imkoniyatni boy berib, ikkinchi mag‘lubiyatini qabul qildi.

chsess 001

Natijada Maqsudlu, Aravind va Van Forest 5 ochko bilan ikkinchi o‘rinni bo‘lishib olishdi. Qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra, Parham Maqsudlu va Aravind Chitabaram kuchli uchlikdan joy oldilar. Nodirbek Abdusattorov turnirda biror marta mag‘lubiyatga uchramagan yagona ishtirokchi bo‘ldi.

 

Reyting va yangi yutuqlar

Ushbu g‘alaba orqali Abdusattorov 2026 yildagi ikkinchi yirik sovrinini qo‘lga kiritdi. Bu natija unga reyting uchun qo‘shimcha 9 ochko taqdim etdi va 2026–2027 yilgi «FIDE Circuit» poygasidagi yetakchilik mavqeini yanada mustahkamladi.

Shuningdek, festival doirasidagi boshqa yo‘nalishlarda ham g‘oliblar aniqlandi. «Challengers» turnirida chexiyalik Vatslav Finek, «Futures» bahslarida esa polshalik Kaya Jadkovska zafar quchdi.

Теглар

Мавзуга оид