«Nvidia» rahbari so‘nggi lahzada Trampning delegatsiyasiga kiritildi
Bu xabar ortidan SI-chiplar bozori yetakchisi bo‘lgan «Nvidia» aksiyalari 2 foizdan ortiq qimmatlashdi. Xitoydagi SI-kompaniyalari aksiyalari narxi ham keskin ko‘tarildi.
© Getty Images«Nvidia» rahbari Jensen Huang so‘nggi lahzada Donald Trampning Xitoyga yo‘l olayotgan delegatsiyasiga qo‘shildi. Delegatsiya Si Jinping bilan muzokaralar o‘tkazadi. Bu haqda kompaniya «Nikkei Asia» so‘roviga javoban ma’lum qildi.
Nashr yozishicha, top-menejer prezident samolyotiga chiqish vaqtida uchish-qo‘nish yo‘lagida ko‘rilgan, keyinroq esa Tramp uning delegatsiyada ishtirok etishini «Truth Social» tarmog‘ida tasdiqlagan. Prezident Huang va boshqa biznesmenlarning Amerika delegatsiyasi tarkibida bo‘lishini sharaf deb atagan. Investorlar bu yangilikni ijobiy qabul qildi: «Nvidia» aksiyalari 13-may kuni birja oldi savdolarida 3 foizdan ortiq qimmatlashdi, deb xabar berdi «Bloomberg».
«Nvidia» ma’lumotiga ko‘ra, kompaniya rahbari Trampning shaxsiy taklifi bilan sammitga qo‘shilgan va «Amerika ma’muriyati maqsadlarini qo‘llab-quvvatlash» uchun safarga chiqqan.
«Bloomberg» manbasining aytishicha, AQSH prezidenti Huangga shaxsan qo‘ng‘iroq qilgan. Shundan so‘ng «Nvidia» rahbari Alyaskaga uchib borib, rejalashtirilgan qo‘nish vaqtida «Air Force One» bortiga chiqqan.
Avvalroq eng talab yuqori bo‘lgan SI-tezlatkichlari yaratuvchisi taklif etilgan biznesmenlar ro‘yxatida yo‘q edi. U yerda Ilon Mask, Tim Kuk hamda Kristiano Amon kabi shaxslar bor edi. Bu holat matbuotda keng muhokama qilingan.
Ekspertlar Huangning delegatsiyada yo‘qligini AQSH ichidagi siyosiy bahslar bilan bog‘lagan. Xususan, Vashington Xitoyga ilg‘or Amerika chiplarini sotishga ruxsat berish yoki bermaslik masalasida ikkiga bo‘lingan, deb yozadi «Bloomberg».
O‘tgan hafta Huangning o‘zi ham bu tashrifda qatnashish istagini ochiq aytgan edi:
«Agar meni taklif qilishsa, bu men uchun katta sharaf bo‘ladi – prezident Tramp bilan birga Xitoyga borib, AQSHni namoyish etish men uchun ulkan faxr».
«Nikkei Asia» ta’kidlashicha, Huangning safari Xitoy bozoriga SI-chiplar yetkazib berish bo‘yicha noaniqliklar fonida kechmoqda.
2025-yil dekabrida «Nvidia» katta lobbistik g‘alabaga erishgan edi: Tramp eksport cheklovlarini yumshatib, kompaniya mahsulotlarini Xitoy kompaniyalariga sotishga ruxsat bergan. Biroq bunda AQSH budjetiga 25 foizlik boj to‘lash sharti qo‘yilgan.
Ammo hozir yetkazib berishlarga endi Xitoy hukumati to‘sqinlik qilmoqda. Pekin o‘zining «Huawei» va «Cambricon Technologies» kabi ishlab chiqaruvchilarini himoya qilishga intilmoqda. «Nikkei Asia» ma’lumotiga ko‘ra, Pekin «Alibaba», «Tencent» va «ByteDance» kabi mahalliy texnogigantlardan nega aynan xorijiy protsessorlar kerakligi va nima uchun mahalliy yechimlar yetarli emasligi bo‘yicha batafsil izoh talab qilmoqda.
Xitoydagi ikki SI-kompaniya aksiyalari qimmatladi
Jensen Huangning Donald Tramp delegatsiyasi tarkibida Xitoyga tashrif buyurishi ma’lum bo‘lgach, xitoylik ikki SI-model ishlab chiqaruvchisi aksiyalari keskin qimmatlashdi. Investorlar Xitoyning «Nvidia»ning «H200» chiplaridan foydalanish imkoniyati paydo bo‘lishi mumkinligini baholay boshladi, deb yozadi «Bloomberg». «MiniMax» va «Zhipu AI» (rasmiy nomi – «Knowledge Atlas Technology») aksiyalari mos ravishda 18 foiz va 38 foizgacha ko‘tarildi.
«GAM Investments» fond menejeri Jian Shi Kortesining aytishicha, «Zhipu» va «MiniMax» aksiyalari, ehtimol, Jensen Huangning Trampning Xitoyga tashrifiga qo‘shilgani haqidagi xabarlar ortidan o‘smoqda. Bu xitoylik yirik til modellari ishlab chiqaruvchilari «Nvidia»ning yanada ilg‘or chiplaridan foydalanishi mumkinligi ehtimolini oshiradi».
Uning qo‘shimcha qilishicha, hozir investorlarni birinchi navbatda SI bilan bog‘liq barcha yo‘nalishlar qiziqtirmoqda. «Nvidia» aksiyalari 13-may kuni premarket savdolarida 2,2 foizga o‘sdi.





