Oltin uchun so‘nggi 6 yildagi eng yomon hafta kuzatildi. Sektor aksiyalariga investitsiya qilishda istiqbol qoldimi?

Бугун 16:052 дақиқа

Oltindagi pasayishdan foydalanib «past narxda xarid qilish» strategiyasi hozircha yuqori xavflar bilan bog‘liq. Qisqa muddatli texnik tiklanishlar yana pasayishning davom etishi bilan almashishi mumkin.

Oltin uchun so‘nggi 6 yildagi eng yomon hafta kuzatildi. Sektor aksiyalariga investitsiya qilishda istiqbol qoldimi?

Yaqin Sharqdagi mojaro keltirib chiqargan energetik shok 2020-yildan beri oltin narxlarining eng katta haftalik pasayishiga olib keldi. Qimmatbaho metall ortidan oltin qazib oluvchi kompaniyalar aksiyalari ham keskin tushib ketdi, ular tushum kamayishi va energiya xarajatlari oshishi xavfi ostida qoldi. Shunga qaramay, tahlilchilar fikricha, sohada uzoq muddatli investitsiya salohiyati saqlanib qolmoqda, ammo u asosan yirik kompaniyalar aksiyalari bilan cheklanmoqda.

6 yil ichidagi eng katta tushish

Oltin kotirovkalari haftani qariyb 7 foiz pasayish bilan yakunlamoqda, bu 2020-yil mart oyidan beri eng katta tushish hisoblanadi, deb yozadi «Bloomberg». 19-mart kuni spot narx bir troy unsiya uchun 4650 dollargacha tushdi va yetti savdo sessiyasi ketma-ket pasayish qayd etildi – bu 2023-yil oktabridan beri eng yomon dinamika.

Yanvar oyida oltin narxi 5600 dollar atrofidagi tarixiy maksimumlarga chiqqan edi. Hozirgi keskin o‘zgarish 2022-yildagi ssenariyni takrorlamoqda – o‘shanda Ukrainadagi mojaro boshlanishi ortidan energetika bozoridagi shok oltin uchun rekord darajada uzoq pasayishga sabab bo‘lgan. Hozir ham neft narxining o‘sishi inflatsiya xavflarini kuchaytirdi va g‘arb markaziy banklarini foiz stavkalarini pasaytirishdan tiyilishga majbur qildi. Bu esa foiz daromadi keltirmaydigan oltinga bosim o‘tkazdi.

Oltin narxining tushishi oltin qazib oluvchi kompaniyalar aksiyalariga ham qattiq zarba berdi. ular yil boshidan beri to‘plagan o‘sishni yo‘qotib, manfiy hududga o‘tdi. Nyu York fond birjasidagi «NYSE Arca Gold Miners Index» 19-mart kuni dekabrdan beri eng past darajaga tushdi. Toronto birjasida sektor aksiyalari eng katta yo‘qotishga uchradi: ularning kapitalizatsiyasi o‘rtacha 6 foizga kamaydi, kichik kompaniyalar aksiyalari esa 8–1 foizga tushdi, deb xabar beradi «Reuters».

«Jefferies» tahlilchisi Kristofer Lafemina ta’kidlashicha, soha «ikki tomonlama zarba» xavfiga duch kelmoqda – mahsulot narxi tushishi va xarajatlar oshishi bir vaqtda marjani qisqartiradi.

Investitsiya imkoniyatlari qoldimi?

Bozordagi keskin o‘zgarish strategiyalarni qayta ko‘rib chiqishni talab qiladi. «JPMorgan Chase»ning sobiq treyderi, hozir mustaqil tahlilchi Robert Gottlib fikricha, hozircha «past narxda sotib olish» juda xavfli:

«Volatillik pasayib, narxlar barqarorlashmaguncha yangi sotuvlar davom etishi mumkin».

Shu bilan birga, panikaga qaramay, oltin qazib olish sohasida uzoq muddatli investorlar uchun imkoniyatlar paydo bo‘lmoqda. Spekulyantlar chiqib ketishi arzon xarajatli yirik kompaniyalar aksiyalarini xarid qilish uchun sharoit yaratadi. Ilgargi yillarda yuqori oltin narxlari tufayli bu kompaniyalar katta moliyaviy zaxira to‘plagan.

Neft narxlari barqarorlashgach, moliyaviy jihatdan kuchli va yirik ishlab chiqaruvchilar, masalan, «Newmont» va «Agnico Eagle Mines» aksiyalari qayta tiklanishi mumkin, deb hisoblaydi «Tuttle Capital Management» rahbari Metyu Tattl.

Теглар