«Oltin viza»: To‘qayev Qozog‘istonni iqtidorlarni jalb qiluvchi mintaqaviy markazga aylantirmoqchi
Mamlakatda migratsiya siyosati soddalashtiriladi va «oltin viza»lar joriy etiladi

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev mamlakat migratsiya siyosatini isloh qilish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Bu haqda Zakon.kz xabar bermoqda.
Migratsiya siyosati liberallashtiriladi
Yangi farmonga ko‘ra, mamlakat migratsiya siyosatini liberallashtirish va uni rag‘batlantiruvchi modelga o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Bu orqali Qozog‘istonni investitsiyalar va iqtidorlar uchun mintaqaviy markazga aylantirish ko‘zda tutilgan.
Hujjatga muvofiq, immigratsiya jarayonlarini soddalashtirish va raqamlashtirish, jumladan, «yagona darcha» tamoyilini joriy etish rejalashtirilgan.
Hukumatga mazkur islohotlarni 2026 yil yakuniga qadar to‘liq amalga oshirish vazifasi yuklatilgan.
«Oltin viza» va yangi raqamli platforma
Islohot doirasida amaldagi viza toifalari qayta ko‘rib chiqilib, yangi turlar joriy etiladi. Ular qatoriga biznes-viza, malakali xodim vizasi hamda vaqtinchalik xodim vizasi kiradi. Bu turlar orqali investorlar, olimlar, shifokorlar va xalqaro mutaxassislar uchun mamlakatga kirish va ishlash imkoniyatlari kengayadi.
Shuningdek, mamlakatda «oltin viza» tizimi joriy etiladi. Ushbu viza turi investorlar va yuqori malakali kadrlarga beriladi. AT-mutaxassislar uchun tezkor tartibda — bir oy ichida rasmiylashtiriladi. Bunday viza egalari soliq to‘lashdan va daromadlarini deklaratsiya qilishdan ozod etiladi. Bundan tashqari, ularga davlat va moliyaviy xizmatlardan Qozog‘iston fuqarolari bilan teng ravishda foydalanish imkoniyati beriladi.
Yangi tizim doirasida xorijliklar uchun ye-Residency moduliga ega «QazETA» raqamli platformasi ishga tushiriladi. U orqali arizalarni masofadan turib topshirish imkoniyati yaratiladi. Shu bilan birga, Ostona va Olmaota shaharlarida ingliz tilida xizmat ko‘rsatish majburiy bo‘lgan maxsus hududlar tashkil etiladi.





