OLX O‘zbekistonda ustun mavqega ega deb tan olindi

Бугун 11:121 дақиқа

Raqobat qo‘mitasi OLX platformasini O‘zbekistondagi onlayn e’lon joylashtirish xizmatlari bozorida ustun mavqega ega raqamli operator sifatida e’tirof etdi. Endi kompaniya faoliyati monopoliyaga qarshi nazorat doirasida kuzatib boriladi.

OLX O‘zbekistonda ustun mavqega ega deb tan olindi © politico.kz

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi “OLX Classifieds” kompaniyasini onlayn reklama va e’lon joylashtirish xizmatlari bozorida ustun mavqega ega platforma deb e’tirof qildi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi axborot xizmati xabar berdi.

Qonunchilikka muvofiq, ustun mavqega ega deb topilgan kompaniyalarga nisbatan maxsus monopoliyaga qarshi talablar joriy etiladi. Shu sababli OLX'da majburiy “Monopoliyaga qarshi komplayens” tizimi ishga tushiriladi. Qo‘mita platforma tomonidan bozor ustunligini suiiste’mol qilish holatlari yuzaga kelmasligi uchun doimiy monitoring o‘tkazib boradi.

Ma’lumot uchun, “OLX Group” hozirgi kunda 30 ga yaqin mamlakatda onlayn savdo va xizmat ko‘rsatish platformalarini boshqarib kelmoqda. Uning tarkibiga OLX, Otomoto va Property24 kabi brendlar kiradi. Prosus esa texnologiya sohasida dunyodagi eng yirik investorlardan biri sanaladi.

Eslatib o‘tamiz, 2025 yil avgustida Gruziya va O‘zbekistonda raqamli moliyaviy ekotizimni rivojlantirayotgan “TBC Bank Group” OLX Uzbekistan aksiyalarining nazorat paketini sotib olgandi. Mazkur kelishuv mamlakat raqamli bozoridagi eng yirik investitsiya loyihalaridan biri sifatida baholangan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, OLX O‘zbekistonda eng ko‘p tashrif buyuriladigan saytlar orasida oltinchi o‘rinni egallab, oyiga 5,4 million faol foydalanuvchiga xizmat ko‘rsatadi. Platforma mamlakat internet auditoriyasining 20 foizidan ortig‘ini qamrab olgan.

Теглар

Мавзуга оид