Logo

«OpenAI»ning yangi sun’iy intellekt modellari nazoratdan chiqib, xakerlik hujumi uyushtirdi

Mazkur hodisaning o‘ziga xosligi shundaki, xakerlik hujumi to‘liq avtonom SI-agenti tizimi tomonidan amalga oshirilgan.

«OpenAI»ning yangi sun’iy intellekt modellari nazoratdan chiqib, xakerlik hujumi uyushtirdi

«OpenAI» kompaniyasining ma’lum qilishicha, ikkita sun’iy intellekt modeli ichki sinovlar vaqtida nazoratdan chiqib ketgan va SI-modellarini sinovdan o‘tkazish uchun ishlatiladigan «Hugging Face» platformasi infratuzilmasini buzib kirgan.

16-iyul kuni «Hugging Face» platformasi SI-agentlari «cheklangan miqdordagi» ichki ma’lumotlarga hamda platforma xizmatlaridan foydalanuvchi bir nechta hisob yozuvlariga ruxsatsiz kirish huquqini qo‘lga kiritganini xabar qilgan edi. Kompaniya o‘z sun’iy intellekt vositalari yordamida hujumni to‘xtatishga erishgan.

«Hugging Face» xabariga ko‘ra, mazkur hodisaning o‘ziga xosligi shundaki, xakerlik hujumi to‘liq avtonom SI-agenti tizimi tomonidan amalga oshirilgan.

Oradan bir hafta o‘tgach, «OpenAI» ushbu insident ortida o‘zining modellari — GPT-5.6 Sol va hozircha ommaga taqdim etilmagan yana bir kuchliroq model turganini tan oldi. Kompaniya ularning kiber imkoniyatlarini baholash maqsadida ichki sinovlar o‘tkazayotgan bo‘lgan.

Sinov muhitidan internetga chiqish va hujum


Ma’lumotlarga ko‘ra, ikkala model ham internetga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanmagan, izolyatsiya qilingan sinov muhitida bo‘lgan. Biroq ular sinov infratuzilmasidagi bir nechta zaifliklarni aniqlashga va tarmoqqa chiqishga muvaffaq bo‘lgan.

Internetga chiqqan modellar dasturchilar tomonidan o‘zlariga yuklatilgan vazifaning yechimini qidirishni boshlagan. Ular kerakli javoblar «Hugging Face» platformasida bo‘lishi mumkinligini taxmin qilgan. «OpenAI» qayd etishicha, modellar vazifani hal qilishga yordam beradigan ma’lumotlarni qo‘lga kiritishga erishgan. Buning uchun ular bir nechta turli xil hujum usullaridan, jumladan, o‘g‘irlangan hisob yozuvlaridan ham foydalangan.

Mazkur insidentdan so‘ng, OpenAI sinov infratuzilmasi ustidan nazoratni kuchaytirayotganini, ruxsatlarni cheklab, modellarni kelgusida tekshirishda qo‘llaniladigan qo‘shimcha himoya choralarini joriy qilayotganini ma’lum qildi. Kompaniya ushbu voqeani «misli ko‘rilmagan hodisa» deb atadi.

Теглар

Мавзуга оид

«OpenAI»ning yangi sun’iy intellekt modellari nazoratdan chiqib, xakerlik hujumi uyushtirdi | Vaqt.uz