Oq uy Ho‘rmuz yopilishini «qizil chiziq» deb belgiladi, Eron esa bo‘g‘ozni yana yopdi

AQSH Eron bilan muzokaralarni faqat Ho‘rmuz bo‘g‘ozi to‘liq erkin bo‘lgan taqdirdagina davom ettiradi. Har qanday cheklov yoki boj undirish kelishuvni barbod qilishini e’lon qildi.

Oq uy Ho‘rmuz yopilishini «qizil chiziq» deb belgiladi, Eron esa bo‘g‘ozni yana yopdi

AQSH prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Tehron bilan muzokaralar olib borishning asosiy shartini e’lon qildi. Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livittning «CNN» telekanaliga ma’lum qilishicha, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali kemalarning erkin harakatlanishi Vashington uchun muzokaralardagi yagona «qizil chiziq» hisoblanadi.

«Modomiki Ho‘rmuz bo‘g‘ozi hech qanday cheklovlar va kechikishlarsiz ochiq qolar ekan, bu o‘ta nozik va murakkab muzokaralar keyingi ikki hafta davomida yopiq eshiklar ortida davom etadi», — deya ta’kidladi Livitt.

Oq uy vakilining so‘zlariga ko‘ra, Eron tomoni suv yo‘li to‘sib qo‘yilgani haqidagi xabarlarga qaramay, bo‘g‘oz orqali harakatlanishga ruxsat berganini tasdiqlagan. AQSH kuzatuvchilari ham so‘nggi soatlarda bo‘g‘ozda kemalar qatnovi sezilarli darajada ortganini qayd etishgan.

Shunga qaramay, Vashington Eronning suv yo‘lidagi har qanday to‘siqlarini «mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan» holat sifatida baholamoqda. Agar Tehron kelishuvni buzsa, AQSH diplomatik muloqotni darhol to‘xtatadi.

Boj undirishga ham taqiq

Livitt xonimning alohida urg‘u berishicha, Eronning bo‘g‘ozdan o‘tayotgan kemalardan har qanday turdagi to‘lov yoki boj undirishi AQSH tomonidan «cheklov» sifatida qabul qilinadi.

Avvalroq Tehron har bir tankerdan 2 million dollar miqdorida yig‘im olishni rejalashtirayotganini bildirgan edi. Oq uy bunday shartni erkin kema qatnoviga tahdid deb hisoblamoqda va unga qat’iyan qarshi chiqmoqda.

Muzokaralar stolidagi ushbu keskin talablar ikki davlat o‘rtasidagi ishonchsizlik hamon yuqori ekanini ko‘rsatmoqda. AQSH Eronni global savdo yo‘llaridan iqtisodiy qurol sifatida foydalanishdan mahrum qilmoqchi.

Eron yana Ho‘rmuz bo‘g‘ozini yopdi

Bu orada Eron Islom respublikasi Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali kemalar harakatini yana taqiqladi. «Fars» agentligi xabariga ko‘ra, bunga Isroil tomonidan tuzilgan sulh shartlarining buzilishi sabab bo‘lgan.

Tehronning keskin noroziligiga Isroil armiyasining Livandagi «Hizbulloh» markazlariga bergan zarbalari turtki bo‘ldi. Livan Sog‘liqni saqlash vazirligi mazkur hujumlar oqibatida yuzlab insonlar halok bo‘lganini va yaralanganini ma’lum qildi.

Eron parlamenti vakili Ibrohim Rizoiy Isroilning bu harakatlariga javoban bo‘g‘ozdagi qatnovni zudlik bilan to‘xtatish kerakligini aytdi. U Isroil tajovuzini to‘xtatish uchun «kuchli va qat’iy» zarba berish zarurligini ta’kidladi.

Rizoiyning so‘zlariga ko‘ra, hozirda faqat ikkita yo‘l bor: barcha frontlarda o‘t ochishni to‘liq to‘xtatish yoki urushni oxirigacha davom ettirish.

AQSH va Eron o‘rtasida 8-aprel tongida erishilgan ikki haftalik sulh bor-yo‘g‘i bir necha soat yashadi. Sulh e’lon qilinganidan so‘ng bo‘g‘ozdan bor-yo‘g‘i ikkita tanker o‘tishga ulgurgan. Aksariyat kema egalari vaziyat barqarorlashmaguncha tavakkal qilishni istamagan va harakatni davom ettirmagan.

«Kpler» ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda Fors ko‘rfazida 426 ta neft tankeri, 34 ta suyultirilgan gaz va 19 ta tabiiy gaz tashuvchi kemalar, shuningdek, yuzlab yuk kemalari qamalda qolmoqda.

Теглар

Мавзуга оид